Линклар

logo-print

Paxta terayotgan o‘zbek shifokorlari Ebola virusi tahlikasidan bexabar


Aksar mamlakatlar Ebola tahlikasini bartaraf qilish uchun, xalqaro aeroportlarida maxsus kameralar yordamida yo‘lovchilar tana haroratini tekshirmoqda.

Aksar mamlakatlar Ebola tahlikasini bartaraf qilish uchun, xalqaro aeroportlarida maxsus kameralar yordamida yo‘lovchilar tana haroratini tekshirmoqda.

Dushanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Nigeriyada Ebola virusi epidemiyasi avj olishining oldi olinganini e‘lon qildi. Virusning 42 kunlik inkubatsion muddati davomida Nigeriyada yangi holatlarning aniqlanmagani bunday xulosaga asos bo‘ldi. Ayni paytda, Ebola yetib borgan boshqa mamlakatlarda kasallikning tarqalish xavfi saqlanib qolmoqda

Dunyoning aksar mamlakatlari kabi O‘zbekiston ham halokatli kasallikni o‘z hududiga kiritmaslik choralari ko‘rilganini aytmoqda. Lekin Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, O‘zbekistonda davom etayotgan paxta terimiga jalb qilingan tibbiyot xodimlarining ko‘pchiligi G‘arbiy Afrikadan tarqala boshlagan virusdan bexabar qolmoqda.

Dunyoning deyarli barcha dvalatlari Ebola virusi mamlakat hududiga kirishining oldini olish chorasi sifatida, birinchi navbatda, xalqaro aeroportlarda sanitariya-epidemiologiya nazoratini kuchaytirmoqda.

Toshkent xalqaro aeroporti xodimlaridan biri Ozodlikka O‘zbekistonning asosiy davrozsi ostonasida ham muayan tekshiruv choralari tadbiq qilinganini bildirdi. Lekin boshqa tafsilotlarni mutasaddi idoradan so‘rashimizni tavsiya qildi aeroport vakili.

Toshkent xalqaro aeroportining epidemiologiya xizmati vakili bunga oid ma‘lumotni faqatgina sog‘liqni saqlash vazirligi berishi mumkinligini bildirdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya boshqarmasi vakillari esa, Ozodlik bilan umuman gaplashishni istamadi.

Lekin mamlakat viloyatlaridan biridagi sanitariya-epidemiologiya xizmati vrachi, Ozodlik bilan suhbatda, tibbiyot xodimlari orasida Ebola virusining oldini olish to‘g‘risida tushuntirish ishlari olib borilayotganini gapirib berdi. Ismi sir qolishini so‘ragan sanitar vrach, O‘zbekiston kasallik tarqalgan mamlakatlardan yiroq bo‘lishiga qaramasdan, Ebola isitmasining mamlakatga kirib kelishi tahlikasini ehtimoldan soqit qilib bo‘lmasligini e‘tirof etdi

- Hozirda odamlarning mamlakatlararo harakatlanishi faollashgan paytda, texnika rivojlangan zamonda bu bizga taalluqli emas, deb bo‘lmaydi. Bizdan odamlar xorijga borib kelyapti, ular kelishi mumkin. Bizga hamma bu borada narsa berilyapti, Ebolaga doir maxsus qo‘llanma va topshiriqlar berilgan,- dedi ismi sir qolishini istagan sanitar vrach.

Uning aytishicha, mamlakat viloyatlarining har birida Ebola virusi tarqalishining oldini olish bo‘yicha maxsus karantin markazlari tashkil qilingan.

Har bir viloyat miqyosida karantin markazari bor, o‘shalarning hammasi hozir tayyorgarlik holatiga keltirilgan. Tayyorgarlik, nafaqat Ebolaga qarshi, balki boshqa yuqumli kasalliklarning oldini olish choralari ko‘rilgan bizda, dedi sanitar vrach.

Lekin sanitar suhbatdoshimiz butun mamlakat bo‘ylab Ebola haqida tashviqot ishlari olib borilayotganini aytganiga qaramasdan, tibbiyot xodimlarining hammasi ham bundan xabardor emas ko‘rinadi. Ozodlik 21 oktabr kuni suhbatlashgan samarqandlik vrach, hozirda viloyatdagi tibbiyot xodimlarining aksari uchun eng dolzarb masala paxta mavsumi bo‘lib qolmoqda, deya ta‘kidladi.

- Yo‘q, xabarim yo‘q bundan. Ebola haqida eshitganim yo‘q. Rotavirus haqida eshitgan edim, bizga broshyuralarni berishgan edi. Ebolani sizdan eshitib turibman. Mana siz bilan gaplashdim, endi uyga borib izlab ko‘raman bu haqda. Hozir bizda hamma shifokoru hamshiralar paxtada. Ayniqsa, bizning tumanda paxta plani to‘lmagani uchun hamma paxta bilan ovora,- dedi Samarqand viloyati tumanlaridan birining sog‘liqni saqlash bo‘limi shifokori.

Ayni paytda, 20 oktabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola viursi qayd etilgan mamlakatlardan biri – Nigeriyada kasallik tarqalishi to‘xtatilganini e‘lon qildi. Nigeriyada Ebola virusining ilk holati shu yilning 20 iyul kuni qayd etilgan edi. Bu mamlakatga Liyebriyadan kelgan fuqarodan bu kasallik 19 kishiga yuqib, 7 nafarini o‘ldirdi. O‘shandan beri mamlakatda ko‘rilgan choralar natijasi o‘laroq, virusning 42 kunlik inkubatsion muddatida yangi holatlar aniqlanmagani Ebola tarqalishi to‘xtatildi, deyishga asos bo‘ldi.

O‘tgan hafta oxirida JSST Senegalda ham virus epidemiyasi to‘xtatilganini e‘lon qilgan edi.

Lekin Ebola virusi yetib borgan boshqa mamlakatlar, xususan, Gvineya, Liberiya va Syerra Leoneda vaziyat nazoratga olinganicha yo‘q.

Ebolaning tarqalish tahlikasi AQSh va Ispaniyada ham to‘la bartaraf qilingani yo‘q.

O‘tgan hafta AQShning Texas shtatidagi kasalxonada Ebola bilan og‘rigan bemordan amerikalik ikki hamshiraning viursni yuqtirib olgani ma‘lum bo‘ldi. Tibbiyot muassasi xodimlari bir necha kun davomida tegishli himoya kiyimisiz ishlashga majbur bo‘lgani va virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha yetarli ko‘rsatma olmaganlaridan shikoyat qildi.

Seshanba kuni JSSTning Jenevadagi qarorgohi Ebola virusiga qarshi vaktsina ishlab chiqishda muayan siljishlarga erishilganini e‘lon qildi. Hozircha ishlab chiqish bosqichida bo‘lgan ikkita vaktsinadan biri sinovdan o‘tkazilib, 2015 yilning yanvar oyida G‘arbiy Afrikaga yuborilishiga umid bildirdi JSST.

Ebola virusi ilk bor 1976 yilda Sudan va Zairda (hozirgi Kongo Respublikasi-tahr.) qayd etilgan.

O‘shandan beri Ebola ko‘p marta epidemiya bilan tahdid qilgan. Lekin joriy vaziyat bular orasida eng jiddiysidir. O‘tgan yil oxirida Gvineyada qayd etilganidan beri Ebola Liberiya, Nigeriya, Senegal, Syerra Leone, AQSh va Ispaniya kabi mamlakatlarda jami 10 mingga yaqin odamga yuqdi. Kasallanganlardan shu paytgacha 4700ga yaqin odam nobud bo‘ldi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, o‘limlar soni har uch haftada ikki barobarga ko‘paymoqda.

Tashkilot Liberiya, Syerra-Leone va Gvineyada kuzatilayotgan kasallik ko‘lami dekabr oyiga qadar har hafta 10 ming kishining virusni yuqtirib olishiga olib kelishi mumkin, deya ogohlantirmoqda.

XS
SM
MD
LG