Линклар

logo-print

O‘zbekiston - Ispaniya qo‘shma korxonasi ishchisi paxtada o‘ldi


Paxta terimiga majburiy safarbar etilgan hasharchilar shom qorong‘usida paxta topshirmoqda

Paxta terimiga majburiy safarbar etilgan hasharchilar shom qorong‘usida paxta topshirmoqda

Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga paxta terimiga safarbar etilgan Chirchiqdagi “MAXAM-SHIRCHIQ” O‘zbekiston- Ispaniya qo‘shma korxonasining 53 yoshli ishchisi Narimon Mustapayev ijarada turgan uyida 7 oktabr kuni zinadan yiqilib, uch kundan so‘ng kasalxonada jon berdi. Narimon Mustafoyev, Ozodlik manbalariga ko‘ra, kechasi hojatga chiqayotgan paytda, svet yo‘qligi bois ikkinchi qavatdagi uyning zinasidan yiqilib ketgan.

Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga bir oyga paxta terimiga safarbar etilgan Chirchiq shahridagi “MAXAM-SHIRCHIQ” qo‘shma korxonasining ishchisi Narimon Mustapayev 10 oktabr kuni Arnasoy tumani markaziy kasalxonasida jon bergan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan arnasoylik manbaga ko‘ra, 7 oktabr kuni elektr chirog‘i o‘chgan payt hasharchi ikkinchi qavatdan tushib ketgan:

“Toshkentdan kelgan hasharchilar odamlarning uyini ijaraga olib yashaydi. Narimon degan kishi ham o‘sha kuni mazzasi yo‘qligi bois paxtaga chiqmagan. Kechasi soat 10larda tualetga chiqmoqchi bo‘lgan. Svet yo‘qligi va qop-qorong‘u bo‘lgani bois ikkinchi qavatning "lestnitsasi"dan munkib yiqilib, pastgacha dumalab ketgan. Boshidan qattiq jarohat olgani bois, o‘ziga kelmay o‘lgan”, dedi arnasoylik manba.

Arnasoy tumani markaziy kasalxonasining o‘zini tanishtirmagan shifokoriga ko‘ra, Narimon Mustapayev kasalxonada jon bergan:

“7 oktabr kechasi olib kelishgandi. Birinchi yiqilganda boshi bilan tushgan ekan. Jarohati og‘ir edi. Uch kun qo‘limizdan kelgan muolajani qildik, biroq o‘ziga kelmadi va 10 oktabr kuni joni uzildi”, dedi shifokor.

53 yashar Narimon Mustapayev “MAXAM-SHIRCHIQ” O‘zbekiston- Ispaniya qo‘shma korxonasida slesar bo‘lib ishlagan. Oilali, bir nafar farzandi bor.

Arnasoy tumani hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, paxta terimiga “MAXAM-SHIRCHIQ” qo‘shma korxonasining 500 nafar ishchisi safarbar etilgan.

“MAXAM-SHIRCHIQ” korxonasi qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaradi.

O‘zbekistondagi majburiy paxta terimidan mamlakatdagi qo‘shma korxonalarning ishchilari ham benasib qolmayapti.

5 oktabr kuni GM-O‘zbekiston" avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan Asakadagi O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasining 19 yoshli ishchisi Abbosbek Taptiyev ham paxta terimida vafot etgan edi.

Narimon Mustapayevning o‘limi bilan Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni 17 nafarga etdi.

XS
SM
MD
LG