Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:31

Beshariqlik kapitan paxtaning navbatdagi qurboni bo‘ldi


O‘zbekistonda aksariyat traktorlar va pritseplarning tashqi yoritgichlari ishlamasligi aytiladi.
O‘zbekistonda aksariyat traktorlar va pritseplarning tashqi yoritgichlari ishlamasligi aytiladi.

Farg‘ona viloyati Beshariq tumani ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri, 35 yoshli kapitan Asilbek Mazokirov 18 oktabr kuni kechasi o‘z shaxsiy avtomobilida paxta ortilgan traktorning tashqi yoritgichlari ishlamagan pritsepiga borib urilishi oqibatida halok bo‘ldi. Bu bilan joriy yilgi paxta mavsumida chiroqsiz traktorlar bilan bog‘liq Ozodlik xabar topgan avtohalokatlar uchtaga yetdi. Uchala voqeada ham odamlar qurbon bo‘lgan.

Beshariq tumani ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri, kapitan Asilbek Mazokirov 18 oktabr kuni kechasi avtohalokat qurboni bo‘ldi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan beshariqlik manbaga ko‘ra, militsiya zobiti boshqarayotgan avtomobil paxta ortilgan traktorning tashqi yoritgichlari ishlamaydigan pritsepiga borib urilgan:

“Asilbek paxta terimiga chiqqan hasharchilarni mashinalarda manzillariga kuzatib qaytayotganda, bu voqea sodir bo‘lgan. Paxta ortib ketayotgan traktorning pritsepining orqasidan borib urilgan. Aytishlaricha, pritsepning birorta ham chirog‘i ishlamas ekan, shuning uchun qorong‘uda ko‘rmay qolgan. Asilbek voqea joyida halok bo‘lgan”, dedi beshariqlik manba.

Farg‘ona viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Asilbek Mazokirov boshqarayotgan avtomobilь traktorning chiroqsiz pritsepiga borib urilganini tasdiqladi.

“Asilbek Mazokirovning ikki yosh bolasi yetim qoldi”, dedi mulozim.

O‘zbekistonda paxta tashiydigan traktorlarning aksariyat qismi eskirganligi va pritseplarning tashqi yoritgichlari ishlamasligi oqibatida tunda avariyalar sodir bo‘lishi ko‘proq kuzatiladi.

Joriy yilgi paxta mavsumida Asilbek Mazokirov fojiasi singari aynan shunday holatlar sodir bo‘lgani haqida Ozodlik ilgari xabar bergan edi.

Andijon viloyatining Izboskan tumanida 23 sentabr kuni sodir bo‘lgan avtohalokatda Paxtaobod tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i og‘ir jarohat olib, uch kundan so‘ng kasalxonada jon berdi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, “DAN” boshlig‘i boshqarayotgan Neksiya avtomobili paxta ortib ketayotgan, tashqi chiroqlari ishlamaydigan traktor pritsepiga tunda borib urilgan.

17 sentabr kuni esa Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida tunda paxta ortib ketayotgan traktorning pritsepiga Neksiya avtomobilining kelib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, uch kishi og‘ir jarohat bilan kasalxonaga yotqizildi. Rasmiylarga ko‘ra, traktor shatakka olgan pritseplarning tashqi yoritgich chiroqlari yonmagan.

Asilbek Mazokirovning o‘limi bilan Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni 18 nafarga etdi.

XS
SM
MD
LG