Линклар

Toshkent shahri Olmazor tumanidagi dori-darmonlar saqlanadigan kattagina omborda yuz bergan yong‘inga, IIV izohicha, qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Asklepiy, Gestiya Business, Amik Pharm, Neville Servis, Pharm Abidint va Nika Farm shirkatlari ijaraga olgan omborning 5 ming kvadrat metridagi mahsulot yonib ketdi. Ayrim manbalar, bu yong‘in qasddan sodir etilganini taxmin qilmoqda.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Toshkent shahrining Olmazor tumani Bayroqtol ko‘chasidagi 15-uyda joylashgan dori-darmon omborida 21 oktabr kuni sodir bo‘lgan yong‘in qisqa tutashuvdan chiqqanini ma‘lum qilgan.

Shuningdek, IIV rasmiy xabarida tonggi soat 4 da ro‘y bergan yong‘inda hech kim jabrlanmagani qayd etilgan.

Bu haqda IIV matbuot xizmatiga tayangan Kun.uz va Uzmetronom Internet nashrlari xabar qildi. (21 oktabr oqshomida IIVning ayni xabar chop etilgan Internetdagi sahifasi 22 oktabr kuni kun davomida ochilmadi – tahr.) Ozodlik IIV matbuot xizmatidan bu borada biror ma‘lumot olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ammo, ayni xizmatga tayangan O‘zbekistondagi Internet nashrlari Asklepiy, Gestiya Business, Amik Pharm, Neville Servis, Pharm Abidint va Nika Farm shirkatlari ijaraga olgan omborning 5 ming kvadrat metri yonib bitgani, ayni damda yetkazilgan zarar ko‘lami aniqlanayotganini xabar qildi.

Nomi tilga olingan shirkatlar hozircha yong‘indan ko‘rilgan zarar miqdori haqida aniq ma‘lumot bermayotir.

Jumladan, bu shirkatlar orasida eng yirigi bo‘lgan Asklepiy shirkati ma‘muriyatidan: “Hozir omborlarimiz yopiq, qachon ochilishi ham noma‘lum” degan javob olindi.

Samarqandda ro‘yxatdan o‘tgan bu shirkatning egasi sifatida esa Muzaffar Tolibov degan ishbilarmonning nomi tilga olinmoqda.

O‘zbekiston kuch ishlatar tuzilmalaridagi xos manbalariga tayangan Uzmetronom Internet nashrining yozishicha, Tolibov omborlari yonib ketgan yana besh shirkat — Gestiya Business, Amik Pharm, Neville Servis, Pharm Abidint va Nika Farm shirkatlarining ham egasidir.

Toshkentdagi dori-darmon omborida chiqqan yong‘indan xabar qilayotgan manbalar O‘zbekiston va Rossiya biznes doiralarida biroz bahsli ko‘ringan bu samarqandlik ishbilarmonga qarashli ombordagi yong‘in qasddan sodir etilgan, degan iddao ilgari surilmoqda.

Asklepiy shirkatining Samarqand shahridagi bosh qarorgohi ijrochi direktori Abduaziz Rustamov shirkatning ishbilarmon Muzaffar Tolibovga qarashli ekani haqidagi axborotni inkor qilmadi.

Muxbir bilan suhbatda yong‘in va uning qasddan sodir etilayotgani haqidagi iddaolarga izoh bermagan Rustamov: “IIV bergan ma‘lumot to‘g‘ri. Yong‘in qasddan sodir etilgan deb o‘ylamayman. Muzaffar Tolibovni Toshkentdagi idoradan topishingiz mumkin”, deyish bilan cheklandi.

Asklepiy shirkatidan tashqari ombori yongan yana 5 shirkat ham ayni shaxsga tegishli ekani va ularning bir joyga joylangan omborlaridagi yong‘in bir-biriga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqidagi iddaolar borasida nomi tilga olingan shirkatlardan biror ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Muzaffar Tolibovga tegishli, deb berilgan telefon raqami orqali Toshkentdagi idoraga bog‘langan Ozodlik muxbiriga javoban rahbarning komandirovkaga ketgani, qayerga ketganiyu qachon qaytishi haqida hech qanday ma‘lumot berilmasligi aytildi.

Qizig‘i, 6 ta yirik farmatsevtika shirkati omborida bir vaqtda sodir bo‘lgan yong‘in sabablarini ochiqlagan O‘zbekiston Respublikasi IIV rasmiy sayti ham 22 oktabr kun davomida ochilmadi. Vazirlikka buning sababni aniqlash uchun qilingan murojaatlarga aniq javob berilmadi.

Uzmetronom nashrida berilgan iddaolarda, Asklepiy shirkati bir necha Rossiyadagi hamkorlari so‘rovi bilan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari nazoratiga olingani aytilgan.

Asklepiy shirkati ustidan xorijlik shirkatlar so‘rovi bilan bir necha bor o‘tkazilgan tekshiruvlarda negadir har doim muammolarga “panja orasidan qaralgan”, deb yozadi, jumladan, muntazam ravishda O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manbalariga tayanib xabar qiladigan Uzmetronom Internet nashri.

Asklepiy shirkatining bir yillik tovar aylanmasi 100 million AQSh dollari atrofidadir va bu shirkat Osiyo, Yevropa, Rossiya hamda AQShdagi 150 yetakchi farmatsevtika shirkatlarining O‘zbekistondagi distribьyuteri hisoblanadi. Shuningdek, bu shirkat O‘zbekistonda davlatga qarashli yirik Dori-Darmon farmatsevtika shirkatining asosiy raqibi ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG