Линклар

21 oktabr kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 82-sonli o‘rta umumta‘lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sohiba Turimova mahalliy dala shiyponlardan birida o‘zini osib o‘ldirdi.

“Ozodlik” manbasiga ko‘ra, voqea ertalab sodir bo‘lgan va qizning arqonga osilgan jasadi dala shiyponining xo‘jalik xonalaridan biridan topilgan.

“Qiz yashagan xonadonning moddiy ahvoli og‘ir bo‘lgan. Bechora qiz mavsum boshidan beri maktabga bormay paxta terayotgan ekan. Eng qizig‘i, o‘qituvchilar biror marta uning maktabga kelgan-kelmagani bilan qiziqmagan. Hozir to‘polon bo‘lyapti, maktabni prokuratura bosgan. Qizni tumanga ekspertizaga olib ketishgan” deydi manba.

Manbaga ko‘ra, Turimovaning o‘z joniga qasd qilish sabablari hozircha aniq emas. Ammo o‘quvchi qiz ota-onasining xohishi bilan hasharga jalb qilingani va o‘zi yashaydigan Go‘zalkent mahallasi aholisi bilan birgalikda paxta terib kelgani ma‘lum.

“Ozodlik”ning telefon orqali murojaatiga o‘zini Sohiba o‘qigan maktabning ma‘naviy-ma‘rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari deb tanishtirgan Abdulla Murodov bolalarning paxta hashariga jalb qilinmagani aytib, gapni qisqa qildi. Pastdarg‘om tumani prokuraturasi o‘quvchi qiz o‘limi yuzasidan izoh bermadi.

Sohiba Turimovaning o‘limi bilan Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni 19 nafarga yetdi.

XS
SM
MD
LG