Линклар

Maksim Bakiyev ikkinchi marta bir umrga kesildi


Maksim Bakiyev (o‘rtada) Londonda o‘zining maqomi belgilanadigan sud jarayoniga ketmoqda, 7 dekabr 2012 yil.

Maksim Bakiyev (o‘rtada) Londonda o‘zining maqomi belgilanadigan sud jarayoniga ketmoqda, 7 dekabr 2012 yil.

Bishkek sudi 22 oktabr kuni Qirg‘iziston sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyevning o‘g‘li Maksimni sirtdan umrbod qamoq jazosiga, uning biznes hamkorlari Yevgeniy Gurevich va Mixail Nadelni sirtdan 25 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Maksim Bakiyevlar oilasining sirtdan qamoqqa hukm qilingan to‘rtinchi a‘zosi bo‘ldi.

Maksim Bakiyev, Yevgeniy Gurevich va Mixail Nadel Qurmonbek Bakiyev prezident bo‘lib turgan davrda “Aziya universal bank” orqali Qirg‘iziston Ijtimoiy himoya jamg‘armasiga tegishli bo‘lgan 2 milliard qirg‘iz so‘mini xorijga noqonuniy ravishda olib chiqib ketganlikda aybdor deb topildi.

Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi hukmida Bakiyev, Gurevich va Nadeldan Qirg‘iziston hukumati foydasiga 3 milliard qirg‘iz so‘mini undirib olish shartligi qayd etilgan. Bu uch shaxs sud hukmi bilan sirtdan 25 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

2010 yil aprel oyida Qurmonbek Bakiyev xalq isyoni yo‘li bilan hokimiyatdan ag‘darilgach, Maksim Bakiyev, Yevgeniy Gurevich va Mixail Nadel Qirg‘izistonni tark etgan edi. Ko‘p o‘tmay Maksim Bakiyev Londonda yashayotgani aniqlangan. Britaniya Bishkek rasmiylarining Maksim Bakiyevni Qirg‘izistonga qaytarish iltimosiga rad javobini berib kelmoqda.

-Maksim Bakiyevni hech qachon Qirg‘izistonga qaytarishmaydi. U Londonga Latviya samolyoti bilan uchgan. Londonda uni advokatlari kutib olgan. U samolyotdan tushiboq o‘zini Britaniya politsiyasi qo‘liga topshirgan. Britaniya qonunlariga muvofiq o‘z vatanida jinoiy jazodan qochib, Britaniyaga borganlar ortga qaytarilmaydi, - dedi Qirg‘izistonning Londondagi sobiq elchisi Kuban Mambetaliyev.

Oktabr oyining boshida Qirg‘izistonga ish safari bilan kelgan Britaniya adliya vaziri lord Edvard Folks jurnalistlar bilan uchrashuv paytida Maksim Bakiyevning Londondagi maqomi yuzasidan savollarga javob berishdan bosh tortgan edi:

- Birlashgan Qirollikdagi har qanday odamning maqomi yuzasidan sharh berishdan olis bo‘lishimiz kerak, - degan edi Folks.

Maksim sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevning kichik o‘g‘li. U Qirg‘iziston huquq-tartibot tuzilmalari tomonidan korrupsiyada ayblanib. 2010 yilda xalqaro qidiruvga berilgan edi.

Maksim Bakiyev birinchi marta 2014 yilning aprelida Bishkek sudi tomonidan Qirg‘izistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullangan Britaniya fuqarosi Shon Deyliga suiqasd uyushtirishda aybdor deb topilib, sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

2010 yil 7 apreldagi xalq isyonidan so‘ng Qirg‘izistondan qochib Belorusdan boshpana topgan Qurmonbek Bakiyev va uning atrofidagi 28 odamga jinoyat ishlari ochilgan. Qurmonbek Bakiyev, uning katta o‘g‘li Marat Bakiyev, ukasi Jenish Bakiyev joriy yil 25 iyulida Qirg‘iziston sudi hukmi bilan sirtdan uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilingan edi.

XS
SM
MD
LG