Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:22

Fabio de Lima degan o‘zbekistonlik futbolchini taniysizmi?


Fabio de Lima
Fabio de Lima

Dubayning Al Vasl futbol klubi “osiyolik o‘yinchi” iddaosi bilan sotib olgan 21 yashar braziliyalik Fabio de Limaning Osiyoga aloqasi – uning qo‘lidagi O‘zbekiston pasportidir. Hozircha Limaga O‘zbekiston pasportini kim¸ qaysi asosda bergani qorong‘u.

Ozodlik bilan suhbatda Birlashgan arab amirliklari futbol uyushmasi rasmiysi Fabio de Limaning Al Vaslga “o‘zbekistonlik” sifatida sotib olinganini tasdiqladi.

- Lima bir paytning o‘zida ham Braziliya¸ ham O‘zbekiston fuqarosidir. Biz uni o‘zbekistonlik futbolchi sifatida ro‘yxatga olganmiz. Dunyoning ko‘p davlatida ikkki yoki undan ko‘p fuqarolilik bo‘lish qonuniydir. Masalan¸ Braziliya va Ispaniyada shunday. Shuning uchun Limada ham Braziliya¸ ham O‘zbekiston pasporti bord. Bu normal¸ dedi BAA Futbol uyushmasi rasmiysi.

Jamoatchilik uchun normal bo‘lmagan jihat esa Fabio de Limaning "o‘zbekistonlik futbolchi" sifatida na biror o‘zbek klubi va na milliy jamoada o‘yin ko‘rsatmagani; uning O‘zbekiston degan tuproqqa balki qadam ham bosmaganidir.

Boz ustiga¸ O‘zbekiston o‘z pasportini hatto mamlakat hududida tug‘ilib¸ bir umr shu yerda yashayotganlarga berish bobida eng ko‘p qiyinchilik va to‘siq o‘rnatgan mamlakat sifatida fuqaroligini xorijlikka osongina berib qo‘yadigan davlat emas.

“O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik to‘g‘risidagi” 1992 yilda qabul qilinib¸ 2004 yilda to‘ldirilgan qonunning 17-moddasida xorij fuqarosiga O‘zbekiston fuqaroligini berish shart-sharoitlari quyidagicha belgilangan:

“1) chet el fuqaroligidan voz kechish;

2) so‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaganlik”.

Fabio de Lima Braziliya fuqaroligidan voz kechmagan¸ O‘zbekistonda besh yil yashash tursin¸ bu mamlakatga bormagani aniqroq bir holatda unga qaysi qonun asosida O‘zbekistondagi qaysi tizim O‘zbekiston pasportini bergani ochiq qolmoqda.

Ozodlik bu savollarga javob olish maqsadida O‘zbekistonning Dubaydagi konsulxonasiga sim qoqdi¸ ammo telefon go‘shagini ko‘targan odam bo‘lmadi.

Ozodlikning futbolga yaqin manbalari bergan izohga ko‘ra¸ Osiyo futbol uyushmalari belgilagan 3+1 qoidasiga muvofiq¸ mazkur qit‘adagi har bir klub boshqa qit‘a¸ deylik Lotin Amerikasidan sotib olinadigan har uchta legioner yonida bitta osiyolikni ham olishi shart. Bu qoida¸ Osiyo futbol klublari o‘rtasida ham o‘yinchilar almashish va ular tajribasini kengaytirish maqsadida qabul qilingan. Ammo aksariyati Yevropa va Lotin Amerikasi o‘yinchilariga ishqiboz puldor arab klublari bu qoidaga chap berish uchun hiylai sha‘riy o‘ylab topganlar – Fabio de Lima misoli ko‘rinib turganidek¸ asli braziliyalik o‘yinchi go‘yo osiyolik¸ bu misolda¸ o‘zbekistonlik sifatida ro‘yxatga olinadi va go‘yo qoidaga amal qilinadi.

Al Vasl murabbiysi Yorgino 18 sentabr kuni o‘tkazgan matbuot anjumanida klubga ketma-ket uchta braziliyalik va bir "o‘zbekistonlik "de Limaning sotib olingani haqida gapirgan.

BAA Futbol uyushmasi rasmiysi Ozodlik bilan suhbatda de Limaning qanday qilib o‘zbekistonlik futbolchiga aylanganidan bexabarligini ta‘kidladi. O‘zbekistonda qo‘sh fuqarolilik yo‘qligi¸ O‘zbekiston fuqaroligini olish uchun avvalgi pasportdan voz kechish haqidagi ma‘lumotga javoban u:

- Bu masalada O‘zbekiston Futbol federatsiyasiga murojaat qiling¸ masalaning bunday legal jihatlaridan xabarim yo‘q¸ deya javob berdi.

Ozodlik hozircha Fabio de Limani topib¸ uning o‘zidan o‘zbekistonlik futbolchiga aylanish tarixini o‘rgana olmadi.

Ozodlikning futbolga yaqin manbalari farazicha¸ de Lima kattagina korruptsiya aralashgan ish qurboni bo‘lishi mumkin.

Ayrim Internet nashrlarida Fabio de Limaga berilgan O‘zbekiston pasportining soxta ekani¸ boshqa bir ayolda ham ayni raqamdagi pasport mavjudligi haqidagi ma‘lumot paydo bo‘ldi.

Ozodlik de Limaga berilgan O‘zbekiston pasporti nusxasiga ega bo‘lmagani bois¸ bu iddaoni hozircha tasdiqlash imkoniga ega emas.

Ayni paytda Ozodlik bunday savdo tafsilotlarini o‘rganish¸ xususan¸ O‘zbekiston futbol federatsiyasi¸ qolaversa¸ FIFA ning bu masaladagi izohini olishga harakat qiladi.

XS
SM
MD
LG