Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:08

Qo‘qonda paxta terimi uchun aholidan pul yig‘ish davom etmoqda


Qo‘qon mahallalaridan har kuni shahar avtovokzaliga yig‘ilgan hasharchilar avtobuslarda olib ketilyapti.
Qo‘qon mahallalaridan har kuni shahar avtovokzaliga yig‘ilgan hasharchilar avtobuslarda olib ketilyapti.

Paxta yig‘im-terimi oxirlab qolganiga qaramasdan, Qo‘qon shahri mahallalarida terimga mardikor yollash uchun aholidan har hafta besh ming so‘mdan pul yig‘ilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bola nafaqasi oladigan ayollar, arzon ko‘mir uchun navbatda turganlar paxta terimiga borishga majburlanyapti. Qo‘qon mahalla jamg‘armasi raisi aholidan pul yig‘ilayotganiga oid iddaolarni inkor qildi.

Qo‘qon shahri Chorsu mavzesining 18-mahallasida istiqomat qiladigan, ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan uy bekasiga ko‘ra, paxta terimi tugab borayotganiga qaramasdan mahalla faollari aholidan mardikor yollash uchun pul yig‘ishni davom ettirmoqda:

- Paxtaga chiqmaydiganlardan haftasiga besh ming so‘mdan olib ketyapti. Mana paxta ham tugayapti, balki basdir, desak “yo‘q hokimning buyrug‘i bilan paxtaga odam jo‘natish davom etyapti. Shunga bu pulga mardikor yollab jo‘natyapmiz, deyishyapti,- dedi uy bekasi.

Uning aytishicha, paxtaga xonadonidan odam chiqarmaganlar yoki mardikor yollash uchun pul bermaganlar arzon narxdagi ko‘mir va gaz ballondan benasib qolish bilan cho‘chitilmoqda:

- Bular mardikor olamiz deyishyaptiyu, lekin hali mardikor olganini ko‘rmadik. O‘zi bizning mahallamizda kambag‘allar ko‘p. Bolalar pulini esa pora berganlar va boy odamlar olishyapti. Shunga odamlarning jahli chiqib paxtaga ham chiqmayapti. Lekin oldinda qish bor. Mahalladan beriladigan ko‘mir va gaz ballonlari umidida xalq yuz-xotir qilib, besh ming so‘mdan beryaptida,- deydi suhbatdosh.

Chorsudagi mahallalardan paxta uchun besh ming so‘mdan yig‘ilayotganini boshqa qo‘qonliklar ham tasdiqladi.

Qo‘qon shahar mahalla jamg‘armasi raisi Rahimjon Muhammadjonov, Ozodlik bilan suhbatda, mahallalardan paxta terimiga odamlar chiqarilayotganini tasdiqlar ekan, lekin mardikor yollash uchun pul yig‘ilayotganini ilk bor eshitganini aytdi:

- Voy noinsoflarey, shunaqa qilishyaptimikan? Men buni hozir surishtirib bilaman. Bosh vazirning, hokimning topshirig‘i bilan paxta zarbdor degani uchun mahallalardan 20-10 tadan odam chiqaryapmiz. Eng kam mahalla ham beshta chiqaradi. Lekin u gaplardan xabarim yo‘q, uning tagiga yetaman,- dedi Rahimjon Muhammadjonov.

O‘zbekistonda paxta mavsumi boshlanganidan buyon ishchi-xizmatchilarni, o‘qituvchi-shifokorlarni va mahallada istiqomat qiladigan odamlarni paxta terimiga majburiy safarbar qilish ko‘p kuzatildi.

O‘zbekistondagi 11ta vazirlik, qo‘mita, inspektsiya rahbarlari 2011 yilning 28 fevralida imzo chekkan “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va yig‘ishtirib olish uchun ta‘lim muassasalari o‘quvchilari va talabalaridan foydalanishda mehnatni muhofaza qilish QOIDALARI”ga ko‘ra, ayollar zararli va noqulay mehnat sharoitiga ega bo‘lgan qishloq xo‘jalik ishlariga jalb qilinmasligi lozim. Mazkur tartibga amal qilinmagan holatda mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Mehnat kodeksining 7-moddasida biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlash taqiqlanadi. Aks holda bu MAJBURIY MEHNAT sifatida malakalanadi.

Majburiy tarzda dalaga haydashning qanchalik qonunga to‘g‘ri kelishini o‘rgangan Tashabbus huquqiy saytining yuristlari O‘zbekiston qonunchiligida paxta terimiga chiqmaganlik uchun ma‘muriy yoki jinoiy jazo belgilaydigan biror huquqiy hujjatning yo‘qligini aniqlashgan.

XS
SM
MD
LG