Линклар

Qozog‘iston migratsiya qonunchiligiga 2014 yilda kiritilgan o‘zgartishga muvofiq mamlakat hududida ishlash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan holda ikki oydan ko‘proq qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolari chegarani kesib o‘tayotganda qo‘lga olinmoqda. Ularning Qozog‘iston hududida yashash va ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tmasdan qancha yurganiga qarab¸ qozoq mahkamasi jazo belgilamoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan Qozog‘istondagi mehnat muhojirlaridan biri o‘z sheriklaridan 30 nafari qariyb bir haftadan beri o‘zbek-qozoq chegarasidan qonuniy kesib o‘tishdan qo‘rqib¸ chegara hududida omadini kutib yotganini aytadi:

- Yangi qonun bo‘yicha o‘zbekistonliklar Qozog‘istonda ikki oygacha propiskadan o‘tib¸ ishlash uchun ruxsatnomasiz yurishi mumkin. Bu yigitlarniki ikki oydan o‘tib ketgan. Hozir ular chegaraga yaqin bir joyda 30 tasi kutib o‘tiribdi. Chegaradan o‘tkazib qo‘yaman¸ degan bir odam hammasidan 15 ming tangadan yig‘ib olgan va ularga reydlar tugashini kutib turinglar¸ keyin o‘tkazaman¸ deganicha yo‘q bo‘lib ketgan. Bular hozir o‘taman deb borsa¸ qozoq chegarachilari ushlab¸ sudga berib yuboradi. Xorazmlik bir sherigimizni Chimkentda sud qilib 15 sutka berib¸ shtraf to‘latib¸ yana deport ham qilibdi. Bunaqa deport bilan na Qozog‘iston¸ na Rossiyaga keyin o‘tisholmaydi. Hammasi shundan qo‘rqib chegarada kutib o‘tiribdi¸ deydi o‘z ismi ochiqlanmasligini so‘ragan muhojir.

Qozog‘iston-O‘zbekiston chegarasidagi Ipa yo‘li chegara-bojxona punktining Ozodlik suhbatlashgan ma‘sullaridan biri chegarada hech qanday reydlar o‘tkazilmayotgani¸ ammo migratsiya qonunchiligi keskinlashgani ortidan chegaradagi tekshiruvlar ham kuchayganini bildirdi:

- Hech qanday reyd yo‘q¸ risoladagiday tekshiruv bor. Agar Qozog‘istonda ikki oydan ko‘p qolib ketgan bo‘lsa¸ jazo berilayapti. Jazo muddati nolegal holda qancha qolinganiga bog‘liq. Agar bir necha kun bo‘lsa¸ 15 ming tanga shtraf solinib¸ o‘tkazib yuborilayapti. Agar uzoq qolib ketgan bo‘lsa¸ mahkama 15 kunlik hibs va deportatsiya haqida qaror chiqarayapti. Aksar o‘zbekistonliklar nolegal va buning uchun ular jazoga tortiladi. Ayni paytda¸ ularni ishlash uchun ruxsatnoma qilmasdan ishlatgan qozog‘istonlik ish beruvchi ham mas‘ul¸ dedi Ipak yo‘li posti rasmiylaridan biri.

Ozodlikning o‘zbek-qozoq chegarasidagi hozirgi vaziyatdan yaxshi xabardor manbasiga ko‘ra¸ ayni kunlarda jazodan qo‘rqib chegarani kesib o‘tishga botinolmayotgan mingdan oshiq o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bor. Ular qozoq va o‘zbek chegarachilari bilan pora evaziga jazosiz o‘tkazishni va‘da qilayotgan “ucharlar” xizmatiga ko‘z tikib o‘tiribdi¸ deydi Ozodlik manbasi.

2014 yilda o‘z migratsiya qonunchiligini keskinlashtirgan Qozog‘iston qo‘shni O‘zbekistondan pul ishlash maqsadida o‘z hududiga o‘tayotganlarning turar joyini qayddan o‘tkazgan taqdirda ikki oygacha xususiy shaxslar qo‘lida ishlashiga ruxsat bergan. “Bir qozoqqa besh o‘zbek xizmatchisi” deb nom olgan bu ruxsatga muvofiq¸ qozog‘istonlik xususiy shaxs beshtagacha o‘zbek muhojirini propiskadan o‘tkazib¸ ikki oygacha ushlab turishi mumkin. Ikki oylik muhlat tugagach¸ O‘zbekiston fuqarosi yo yana chegarani kesib o‘tib¸ qayta kirishi yoki ishlash uchun migratsiya xizmatidan rasmiy ruxsatnoma olishi kerak bo‘ladi.

- Ishlash uchun ruxsatnoma olish juda qiyin. Buning uchun tayinli ish beruvchi bo‘lishi kerak. O‘zbekistonliklar esa¸ 10 kun birovnikida¸ yana o‘n kun boshqasinikida ishlagani uchun bunaqa ish beruvchi topish qiyin. Ruxsatnoma olaman deganlar ham ko‘pincha aldanib¸ soxta hujjatchilar qo‘liga tushib qolayapti. Shuning uchun ko‘pchilik qo‘lga tushsam pul berib qutulaman¸ deb razresheniye qilmayapti¸ deydi Qozog‘istondagi o‘zbek mehnat muhojiri.

Qozog‘iston Migratsiya xizmatiga ko‘ra¸ mamlakatda ishlash uchun ruxsatnomasi bor muhojir soni bir necha o‘n mingdan oshmagan holda¸ ayni kunlarda mamlakatda ikki milliondan oshiq nolegal mehnat muhojiri bor va ularning 80 foizga yaqinini o‘zbekistonliklar tashkil etadi.

Qozog‘istonning o‘z migratsiya qonunchiligini keskinlashtirgani¸ birinchi galda¸ o‘zbek muhojirlari vaziyatini og‘irlashtirishga olib kelgani bois¸ Toshkent hukumati Ostona bilan maxsus muzokara o‘tkazib¸ o‘z fuqarolari vaziyatini yengillashtirishi kerak¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan Qozog‘istondagi o‘zbek faollaridan biri.

Ammo O‘zbekiston hukumati na Qozog‘iston va na Rossiyada mehnat muhojiratida millionlab fuqarosi mavjudligini tan olmagani bois¸ bunday muzokaralar ehtimoli ham mavjud emas¸ demoqda kuzatuvchilar.

XS
SM
MD
LG