Линклар

logo-print

Sankt-Peterburgning “Oxtinskiy” non zavodida sodir bo‘lgan janjal oqibatida o‘zbekistonlik 5 muhojir pichoqlandi va og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketildi. Hodisa guvohlari jarohatlangan yigitlardan birining shifoxonada jon berganini aytmoqda. Politsiya bu hodisaga aloqadorlikda gumonlangan ikki muhojirni qidirmoqda.

21 oktabr kuni Sankt-Peterburgdagi non zavodlaridan birida ishlovchi o‘zbekistonlik hammollar o‘rtasida, hozircha noma‘lum sabablarga ko‘ra, kelib chiqqan janjal oqibatida besh nafar odam pichoqlandi va og‘ir ahvolda shahardagi bir necha shifoxonaga olib ketildi.

Bu xabarni Ozodlikka ma‘lum qilgan zavod ishchilaridan biri, O‘ktambek ismli muhojir hodisa kechki soat 8:30-larda shaharning Krasnogvardeyskiy tumanidagi Marshal Tuxachevskiy ko‘chasi 24-uy manzilida joylashgan “Oxtinskiy” non zavodi omborxonasida sodir bo‘lganini gapirib berdi.

- U yerda men o‘zim shofyor bo‘lib ishlayman, xleb tashiyman. Kechqurun biz non yuklagani borganimizda bizni kiritmadi. Ichkarida pichoqlashish bo‘lganini aytishdi. Qisqasi, 5-6 surxondaryolik bola va ikkita vodiylik bollar bo‘lgan. Bir surxondaryolik bilan vodiylik bola urushib qolgan, qolganlari ajrataman deb kelsa, to‘satdan vodiylik bola surxondaryolikka pichoq qadagan. Yonidagi sheriklari ajrataman desa, ularga ham qadavorgan. Ya‘ni, hammasiga bir kishi pichoq qadagan. Ikkita vodiylik zavoddan chiqib qochib qolgan, qolganlar yaradorlar bilan chalg‘ib qolgan. Ularni kecha bolnisaga olib borgan edi – bittasi bo‘lmay qoldi,- deydi hodisa tafsilotlarini Ozodlikka gapirib bergan O‘ktambek.

Suhbatdoshning aytishicha, pichoq o‘lgan yigitning yuragiga tekkan, yaradorlarning qolganlari ham juda og‘ir ahvolda qolmoqda. Chavaqlab ketilgan yuk tashuvchi mardikorlar yoshi 20-23 atrofida ekani ma‘lum.

O‘ktambek o‘zbekistonlik ishchilar ish joyi uchun talashib qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

- Uchtasi Surxondaryodan, ikkitasi – Kashqadaryodan. O‘lgan bolaning ismi Alibek, uni Ali deb chaqirishardi. Qolganlardan, pichoq yeganlardan Musulmon, Muhammad deganlari bor. Jinoyatchilardan bittasi Laziz degan bola ekan. Kecha hamma yoqni melisa, FMS bosdi – hammasi dokument tekshirib yotibdi. U bollar hammasi gruzchik edi. Vodiylik pichoqlagan bola yangi kelgan ekan – ishga kelganiga 3-4 kun bo‘lgan. Chiqisha olmabdi, oldindan shunaqa bola ekan, bollarning aytishi bo‘yicha. Shunday qilib hammasini pichoqlab ketibdi-da,- deydi O‘ktambek.

Sankt-Peterburgning Krasnogvardeyskaya politsiya bo‘limida Ozodlik so‘roviga hodisa haqiqatan sodir bo‘lganini tasdiqlab, hozircha tergov olib borilayotgani tufayli izoh berilmasligini bildirishdi.

- Aniq bilganim – ulardan uch kishini Aleksandrovskiy shifoxonaga olib ketishdi. Qolgan ikki kishi qayerga tushganini bilmayman. Tergov davom etyapti,- dedi tuman politsiya bo‘limi navbatchi ofitseri.

Ozodlik jarohat qolgan o‘zbeklar shaharning 3-sonli Yelizavetenskiy va Harbiy-tibbiy akademiya shifoxonalariga joylashtirilgannini aniqladi. Shifoxonalardan birida O‘zbekiston fuqarolari qorin va ko‘krak qafasidan pichoq bilan yaralanganini tasdiqlab berishdi.

Shifoxona ma‘muriyati ular reanimatsiya bo‘limida ekanligi sababli ularning hozirgi holati bo‘yicha ortiqcha ma‘lumot bera olmasliklarini bildirishdi.

Shahar Tergov qo‘mitasida bu hodisada O‘zbekiston fuqarosi o‘ldirilgani to‘g‘risidagi ma‘lumotni na inkor eta olishlari, na tasdiqlay olishlarini ma‘lum qilishdi.

Ayni paytda, 21 oktabr kuni kechki 21:20 larda Peterburgning Mariinskiy va Tez yordam instituti shifoxonalariga shaharning Sovetskaya ko‘chasidan yana uchta og‘ir yaralangan muhojir keltirilgani aytilmoqda. Hozircha qaysi davlat fuqarosi ekani aniqlashtirilmayotgan, ammo politsiya tomonidan markaziy-osiyolik ekani tasdiqlangan shaxslarning ham pichoqlab ketilgani ma‘lum: ulardan biri reanimatsiya bo‘limida o‘ta og‘ir ahvolda qolmoqda.

22 oktabr kuni kechasi soat 2:30-larda Peterburgning Bogatirskaya ko‘chasida ikkita do‘kon yonib ketdi. Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya do‘kon oldida ko‘kragi, qorni va qo‘lidan o‘q yegan 33 yashar mehnat muhojirini topgan. Aniqlanishicha, u 30 yashar peterburglik bilan tortishib qolgan.

Transport politsiyasi xodimi ekani ayon bo‘lgan bu shaxs muhojirni IJ-79 travmatik pistoletidan yarador qilgan. O‘q otgani uchun hibsga olingan politsiyachining do‘konlarning yonib ketishiga aloqasi bor-yo‘qligi tekshirilmoqda.

Ozodlik Rossiyaning turli mintaqalarida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining o‘zaro mushtlashuvlari tez-tez sodir bo‘lib turishi to‘g‘risida xabar berib keladi.

XS
SM
MD
LG