Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:25

Chiroqchi hokimi Shahrisabz hokimini urdi


Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalari bergan xabarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov Shahrisabz tumani hokimi Faxriddin Norovni ish kabinetidan tashqariga chiqarib urgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, asli shahrisabzlik bo‘lgan Ravshan Komilovning "tomorqasi"ga Shahrisabz hokimi “tosh otganligi” uchun uni shu tariqa jazolagan. Ayni paytda hokim Norov bunday voqea bo‘lganini inkor qildi.

Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov 19 sentabr kuni yonida uch-to‘rt odamlari bilan Shahrisabz hokimini “razbor” qilgani kelgan.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan ushbu voqeaga guvoh bo‘lgan shahrisablikning aytishicha, Chiroqchi hokimi Ravshan Komilov o‘sha kuni mast bo‘lgan:

“Kuppa kunduz kuni Chiroqchi hokimi Ravshan Komilov Shahrisabz hokimi Faxriddin Norovni rosa urdi. Yonida shaykasi bilan kelgan ekan”, dedi voqeaga guvoh bo‘lgan manba.

Lekin u voqeaning boshqa tafsilotlarini ochiqlamadi.

Shahrisabz tuman hokimiyatida ishlaydigan tanishining so‘zlariga tayanib gapirgan boshqa bir shahrisabzlik voqea tafsilotlariga oydinlik kiritdi. Uniing aytishicha, Ravshan Komilovga qarashli bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbarini Faxriddin Norov koyigani va viloyat hokimiga shikoyat qilgani uchun Chiroqchi hokimi uni jazolagan:

“Ravshan Komilov asli Shahrisabzdan. U kishining Guliston shirkat uyushmasida fermer xo‘jaligi bor. Faqat bu fermer xo‘jaligi boshqa kishining nomida. Yeri nihoyatda katta. Planni bajarolmayotgani uchun bu fermer xo‘jaligi haqida Shahrisabz hokimi viloyat hokimligiga shikoyat qilgan. Katta hokimdan gap eshitgan Ravshan Komilov razbor qilish uchun Shahrisabzga o‘zining shotirlari bilan kelgan”, deydi manba.

Suhbatdoshning aytishicha, Ravshan Komilov Faxriddin Norovning kabinetiga ham kirmasdan uni tashqariga chaqirib olib urgan:

“Hokimiyatda ishlaydigan va bu voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tanishimning aytishicha, Ravshan Komilov g‘irt mast bo‘lgan. Avvaliga ikki hokim rosa gap talashgan. Keyin Ravshan Komilov Faxriddin Norovni yoqasidan tortib qo‘yib-qo‘yib yuborgan. Shahrisabz hokimi tabiatan yuvvosh odam bo‘lgani uchun ham indamagan. Shundan so‘ng Ravshan Komilov bo‘ralab so‘kinib, ketib yuborgan”, dedi ikkinchi manba.

Shahrisabz tumani hokimi Faxriddin Norov Ozodlik bilan suhbatda Chiroqchi hokimi uni urganini inkor qildi:

“Hech narsa bo‘lgani yo‘q, Bu noto‘g‘ri ma‘lumot”, deb gapni qisqa qildi hokim Faxriddin Norov.

Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov bu mavzuda Ozodlik bilan gaplashishni istamay, mobil telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Ozodlik manbalarining aytishlaricha, asli shahrisabzlik bo‘lgan Ravshan Komilovning Shahrisabzda boshqa shaxs nomidagi fermer xo‘jaligidan tashqari bir qancha savdo nuqtalari va kafe-restoranlari ham bor.

Ayni paytda Ozodlik bu savdo nuqtalari va restoranlar aynan Ravshan Komilovga tegishli ekanligi haqida aniq hujjatlarga ega emas.

Ravshan Komilovning Chiroqchida fermerlarga zo‘ravonlik qiladigan mushtumzo‘r hokimlardan biri sifatida ham tanilgani aytiladi.

Jumladan, joriy yilning 7 oktabr kuni Chiroqchi hokimi Ravshan Komilov Po‘stin qishlog‘ida istiqomat qiladigan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to‘yini buzgan, hammani urib-so‘kib paxtaga haydagan edi.

XS
SM
MD
LG