Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:20

Moskvadan yana bir o‘zbek qochqini O‘zbekistonga olib ketildi


Namanganlik qochqin Hamidullo Akbarovni Vladimir viloyatida olib qochgan qora mashina
Namanganlik qochqin Hamidullo Akbarovni Vladimir viloyatida olib qochgan qora mashina

23 oktabr kuni Vladimir viloyatining Petushinskiy tumanida Rossiyada qochqinlik so‘rovchi maqomida bo‘lgan Hamidullo Akbarov o‘g‘irlab ketildi. O‘g‘irlash guvohi bo‘lgan va qochqin o‘g‘irlab ketilayotgan mashina ortidan quvib borayotgan huquq faoli Bahrom Hamroyev mahalliy yo‘l politsiyachilari tomonidan to‘xtatib qolindi va bo‘limga olib ketildi. Ayni paytda, Akbarov ishiga aloqasi bor bir guruh namanganlik muhojirlarning Strasburg sudi qarori bilan O‘zbekistonga berib yuborilishi to‘xtatildi.

O‘zbekistonlik muhojir qamoqxona eshigi oldidan olib ketildi

23 oktabr kuni ertalabki soat 10-larda Vladimir viloyatida joylashgan 2-sonli axloqni tuzatish koloniyasidan ozodlikka chiqarilgan namanganlik mehnat muhojiri Hamidullo Akbarov noma‘lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlab ketildi.

“Yordam” Inson huquqlari tashkiloti direktori Bahrom Hamroyev hodisa guvohi bo‘lgani va Akbarov majburlab tiqib ketilgan mashina ortidan quvib, uzoqqa bora olmaganini Ozodlikka gapirib berdi:

- Qora mashina, nomeri “T07OM33” “Xyonday Sonata”da shu yigitni qamoqxona eshigidan chiqqanda, tiqib olib ketishdi. Men ularning ketidan Moskva taraf mashina bilan bordim. Kelayotganimda bir nechta GAI xodimlari to‘rtta mashinada to‘xtatib, “Nima uchun chirog‘ingizni yoqmadingiz?”, deb bahona qilib, majburlab Petushinskiy OVDga protokol tuzishga olib ketishdi. Bu yerda yuqoridan buyruq bo‘lgani aniq, chunki men na jinoyatchi. Achinarlisi, men bilan kelgan Qirg‘iziston grajdani bo‘lgan yigitni uzoq tekshirishyapti. Ularning maqsadi – Hamidullo Akbarovning kayoqqa olib ketilganini bildirmaslik,- deydi huquq faoli.

Bahrom Hamroyevga ko‘ra, Podmoskovyening Noginsk tumanida tikuvchilik qilib kun kechirib yurgan Hamidullo Akbarov ikki yil oldin Vnukovo aeroportida ushlangan besh namanganlik yigitga yaqinligi borligi sabab O‘zbekiston maxfiy idoralari tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Hamidullo Akbarov Rossiya qonunchiligi tomonidan tan olinmayotgan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159- moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz) va 244-2 moddasi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) asosida qidiruvga berilgan.

“Bunday o‘g‘irlashlar Rossiyada ommaviy tus oldi”, - deya davom etadi “Memorial” tashkiloti a‘zosi Bahrom Hamroyev:

- Bu standart holatga aylandi. Bryanskdan o‘g‘irlab ketishdi, Saratovdan o‘g‘irlashdi, Samaradan, Nijniy Novgoroddan O‘zbekiston maxfiy xizmatlari o‘g‘irlab ketyapti. O‘z xalqini xonavayron qilyapti bular! O‘z yoshlarini qatag‘on qilish bilan shug‘ullanayapti. Axir, biz O‘zbekiston hukumatini sevmasak biz jinoyatchi bo‘lmaymizku?!- deydi suhbatdosh.

Bahrom Hamroyev Hamidullo Akbarovning rafiqasi uch nafar bolasi bilan Podmoskovьeda qolganini eslatdi.

Баҳром Ҳамроев билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:05 0:00
Бевосита линк

“MXX samolyotda 8 kishini olib ketyapti”

Bu suhbatdan bir necha soat o‘tib, 23 oktabr kuni kechki payt Bahrom Hamroyev unga o‘g‘irlab ketilgan Hamidullo Akbarovning o‘zi qo‘ng‘iroq qilib, Toshkentga uchayotgan samolyotda o‘tirganini ma‘lum qilganini aytdi:

- Oqshom men Petushinskiy rayon OVDsidan chiqib Moskvaga kelganimdan keyin, telefon qilib qolishdi. “Hamidulloman”, dedi. Men uni ovozini taniyman, Vnukovo aeroportida, samolyotda o‘tirgan ekan. 22:08 menga telefon qilib, “5-10 minutdan keyin biz uchib ketamiz, aka! Mendan tashqari bir o‘zbek ayol va oltita erkak yigitlarni men bilan birga SNB xodimlari olib ketyapti”, dedi. Men “Qaysi hujjat bilan ketyapsiz?”, deb so‘radim. “Vozvrashcheniye na Rodinu!”, dedi. Mana, “Vatanga qaytish” sertifikati elchixona tarafidan qay holatda berildi??? Axir uni faqat O‘zbekiston elchixonasi beradi!deydi Hamidullo Akbarov bilan birga uchoqda yana 7 nafar o‘zbekistonlik olib ketilganini bildirgan huquq himoyachisi.

Bahrom Hamroyev so‘zlaricha, Hamidullo Akbarov 2012 yilning dekabrida Moskva tergov izolyatorida o‘zini osib o‘ldirgan namanganlik 19 yashar muhojir Abdusamad Fazliddinovning yaqin qarindoshidir. Marhum Abdusamad Kaliningraddan ishlab qaytayotganda 2012 yilning 15 noyabrida Moskvaning “Vnukovo” aeroportida mahalliy politsiya xodimlari tomonidan ushlab qolingan edi.

Hakim Jalolboyev
Hakim Jalolboyev

​U bilan birga Namanganga uchib ketayotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi - 23 yoshli Muhammadxo‘jayev Rahmatulloh, 20 yoshli Nizomov Avazbek, 32 yoshli Jalolboyev Olim va 29 yoshli Jalolboyev Hakimlar ham samolyotdan tushib qoldirilgan edi. Ozodlik anchadan beri kuzatib borayotgan bu yigitlar O‘zbekistonda Hizbut-Tahrir tashkiloti faoliyatiga aloqadorlikda va “vahhobiylik” oqimiga aloqadorlikda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgani ma‘lum.

Biroq, Bahrom Hamroyev 1,5 yil qamoqda o‘tirib chiqqan Hamidullo Akbarov Vladimir koloniyasida diniy ekstremizm uchun emas, balki “qalbaki pullarni tarqatish” ayblovi bilan o‘tirgan. U oylikka olgan soxta pullar bilan supermarketda xarid qilganida qo‘lga tushgan ekan.

Strasburg sudi: “Avazbek Nizomov O‘zbekistonga berilmasin!”

Hamidullo Akbarovning o‘g‘irlab ketilishidan ikki kun oldin “Memorial” markazi Yevropa Inson huquqlari bo‘yicha sudining yana bir namanganlik yigit – Avazbek Nizomov ishi yuzasidan qarori kuchga kirganini xabar qildi.

Avazbek Nizomov
Avazbek Nizomov

“Memorial” advokati Roza Magomedova Ozodlik Radiosiga 20 yoshli Avazbek Nizomov bilan birga ikki yildan beri avval ekstraditsiya, keyin deportatsiya bahonasida qamoqda saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari - 23 yoshli Muhammadxo‘jayev Rahmatulloh, 32 yoshli Jalolboyev Olim va 29 yoshli Jalolboyev Hakimlar O‘zbekistonga berib yuborilmasligi va ularga Rossiyada vaqtinchalik qochqinlik maqomi berilishi kerakligi to‘g‘risida sud qarori borligini ma‘lum qildi. Himoyachi namanganlik bu yigitlar 2 yil davomida O‘zbekistonga berib yuborilishi xavfi ostida yashaganini eslatdi.

- Ular barchasi “Severniy”dagi markazda saqlanmoqda, xavfsizligi uchun shu ma‘qul. Ammo Yevropa sudida biz yutib chiqdik: endilikda yigitlar qochqinlik maqomiga topshirsa bo‘ladi. Lekin men ularning xavfsizligini qanday ta‘minlay olishni bilmayapman. Ular oldida endi qochqinlik maqomini olishi, Babushkin va Moskva shahar sudining deportatsiya qilish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilish vazifasi turibdi. Ammo ular ham o‘g‘irlanib ketishi xavfi saqlanib qolmoqda, dedi “Memorial” Inson huquqlari himoyasi markazi himoyachisi Roza Magomedova.

2014 yilning 28 fevral kuni ertalab Kaliningradning Gvardeyskiy tumanidagi 7-sonli axloqni tuzatish koloniyasidan ozodlikka chiqqan Jalolboyevlar dan yana biri - Latif o‘g‘irlab ketilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG