Линклар

logo-print

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov paxta tayyorlash rejasi bajarilgani bilan dehqon va fermerlarni tabriklagan bo‘lsada, lekin hasharga majburan jalb etilgan ishchiyu xizmatchilar, shifokoru o‘qituvchilar hamon paxta dalasida qolmoqda. Ayni paytda ko‘pgina viloyatlarda o‘qituvchilar va byudjet xodimlari hamon dalada "o‘zi yo‘q paxtani terish"ga majburlanayotganlaridan shikoyat qilmoqda. Kuni-kecha faqatgina oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda kollej o‘quvchilari paxta yig‘im-terimidan qaytdi.

O‘zbekistonda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 3,4 million tonna paxta terib olingani aytilmoqda.

Hosilning 90 foizi oliy navli paxtadir. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning bu haqdagi bayonoti hamda uning paxtakorlarga yo‘llagan tabrigi 24 oktabr kuni rasmiy matbuotda e‘lon qilindi.

Karimov paxtakorlarni erishgan zafarlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda paxtaning yuzdan ortiq yangi navi yaratilib, shulardan 27tasidan paxta sanoatida foydalanilayotganini ta‘kidladi.

Lekin, ayni paytda Ozodlikka viloyatlardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, majburiy hasharga chiqarilgan ishchiyu xizmatchilar va o‘qituvchiyu shifokorlar dalada ushlab turilibdi.

Qashqadaryo viloyatidan kelgan xabarga ko‘ra, viloyat o‘qituvchilari hali ham paxta termoqda.

- Qarshi Davlat universiteti va kollejlar 23 oktabr kuni paxtadan uyiga qaytdi. Lekin maktab o‘qituvchilari hamon dalada qolmoqda, - dedi ismi sir qolishini istagan qashqadaryolik maktab o‘qituvchilaridan biri.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi maktab o‘qituvchilari ham yo‘q paxtani terishga majburlanayotganliklari haqida shikoyat qilishmoqda.

-Bugun paxta tergani Taxtako‘pir tumaniga olib ketishdi. Dalada paxta qolmagan. Shunday bo‘lsa-da, bizni dalaga haydashayapti. Qup-quruq dalada yurganimizdan ko‘ra, maktabda bolalarga dars berganimiz yaxshi emasmi. Bolalarimiz bilimsiz qolib ketyapdiku, - deydi Nukusdagi maktablardan birining o‘qituvchisi.

O‘zbekistonda bu yil maktab o‘quvchilari paxtaga chiqarilmadi. Lekin ular o‘rniga o‘qituvchilar paxtaga haydaldi.

-Hozir har bir maktabda sanoqli o‘qituvchi qolgan. Bir necha sinfni birlashtirib, ularga dars bermoqda. Qolgan o‘qituvchi dalada, - deydi qoraqalpog‘istonlik o‘qituvchi.

Dalada paxta qolmagan, norma xali ham 100kg

Jizzaxda ham byudjet xodimlari paxtadan qaytarilmagan.

- Biz xali ham paxta dalasida. Norma 100 kg. 10 kg paxta terib qolganlarga majburiy 1 kg paxta uchun 500 so‘mdan talab qiladi. Bermaganlarni ofitserlar “sanlarga oziq - ovqatni pulga sotvolib bervomiz”, deb, do‘q qilib, pulini olayapti. Kombatimiz 2 - 3 nafar xodimni urdi. Javob qaytara olmaymiz. Qaytarsek, uvolit qiladi, - deydi Jizzaxning Zafarobod tumani paxta dalalariga safarbar etilgan Ichki ishlar vazirligining Toshkent viloyati qo‘riqlash boshqarmasi xodimlaridan biri.

Ayni paytda rasmiy matbuotda 2014 yilgi paxta mavsumi yakuniga yetagani e‘lon qilindi.

3,4 million tonnalik xirmon

O‘zbekistonda, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, 3,4 million tonna paxta terib olingani aytilmoqda.

​O‘tgan yili O‘zbekistonda paxta hosili 3,35 million tonnanini tashkil etgan edi. Dunyoning eng yirik paxta yetishtiruvchilaridan hisoblangan O‘zbekistonda har yili 3 million tonnadan ziyod paxta hosili olinadi, 1 million tonnadan ortiq paxta tolasi ishlab chiqariladi.

Paxtadan keladigan daromad har yili 1 milliard 300 million dollardan ko‘proqni tashkil etadi.

Qarorgohi Nyu-Yorkda joylashgan Ochiq jamiyat jamg‘armasi mutaxassislariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati har yili millionga yaqin fuqarosini tekinga paxta terishga majburlaydi. Prezident Islom Karimov hukumati va unga yaqin doiralar inson huquqlarini inkor etgan holda paxtadan foyda ko‘rib keladi.

O‘zbekistonning asosiy xaridorlari Xitoy, Bangladesh, Eron, Pokiston va Rossiyadir. G‘arbning yetakchi to‘qimachilik korxonalari O‘zbekistonda paxta yetishtirishda bolalar mehnatidan foydalanilishi bois bu mamlakat paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

Bu yil O‘zbekistonda har yildagidan farqli o‘rta maktablar yopilmadi. Lekin o‘quvchilar o‘rniga bu yil ham davlat byudjet korxoranalari va tashkilotlari xodimlari paxta terimiga majburiy safarbar etildi. Dunyodagi yuzdan ziyod shirkat majburiy mehnat mahsuli bo‘lgan o‘zbek paxtasiga boykot e‘lon qilgan.

XS
SM
MD
LG