Линклар

Paxtada o‘lgan Shamsiddin oilasi arzini viloyat prokurori ko‘rmoqda


Guliston davlat universitetining paxtada o‘lgan talabasi 19 yashar Shamsiddin Bobosaidovning pasportidan nusxa.

Guliston davlat universitetining paxtada o‘lgan talabasi 19 yashar Shamsiddin Bobosaidovning pasportidan nusxa.

Sirdaryoda 2 oktabr kuni paxta dalasida vafot etgan Guliston Davlat universitetining 2-kurs talabasi Shamsiddin Bobosaidov oilasi arizasi mahalliy huquq-tartibot idoralari tomonidan qabul qilindi va viloyat prokuraturasi surishtiruv boshladi. Hozircha yaqinlariga dastlabki surishtiruv va tibbiy ekspertiza natijasiga oid biror rasmiy ma‘lumot berilmagan.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi Boyovut-3 posyolkasida istiqomat qiluvchi Bobosaidovlar oilasi 19 yoshli farzandi Shamsiddin Bobosaidov paxtada urib o‘ldirilgan, degan da‘vo bilan Sirdaryo viloyati prokuraturasi, IIB va MXXsiga ariza yozdi.

Ozodlikning Guliston shahridagi manbasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Oq oltin tuman prokuraturasi talaba Shamsiddin Bobosaidov o‘limi yuzasidan dastlabki tekshiruvni yakunlagan.

Surishtiruv chog‘ida universitetning o‘qituvchilari, rahbarlari hamda marhumni kaltaklab o‘ldirganlikda gumon qilingan shaxslar bir necha marotaba so‘roqqa chaqirilgani aytilmoqda.

Gulistondagi manbaning aniqlashicha, surishtiruvni 2 oktabr kuni boshlagan Oq oltin tumani prokuraturasi ishni viloyat prokuraturasiga o‘tkazgan.

“Shamsiddinning oilasiga viloyat prokuraturasidan rasman xat kelgan ekan: “20 oktyabrdan ish bizga o‘tdi”, degan. Hozir viloyatdagi MXX ham IIB ham tekshirayotgan ekan, respublikadan qattiq bosim bo‘layotgan ekan bularga: “Javobgarlarni topinglar!” degan”, dedi ismi sir qolishini so‘ragan gulistonlik manba.

Ayni paytda Bobosaidovlar oilasining O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga yozgan arizasi ham qabul qilingan va hozircha, Bosh prokuraturadagi surishtiruvga oid Ozodlikda biror ma‘lumot yo‘q.

Guliston Davlat universitetining Fizika-matematika fakulteti 2-kursida tahsil olgan Shamsiddin Bobosaidov 2 oktabr kuni viloyatning Oq oltin tumanidagi paxtazorda fojiali tarzda vafot etgan edi.

Gulistonlik talabalardan birining aytishicha, oilasining Shamsiddin 4-kurs talabalari tomonidan urib o‘ldirilgan, degan da‘vosini rad qilgan universitet rahbariyati talaba o‘z ajali bilan o‘lgan, deb ta‘kidlamoqda.

Talaba o‘limi sabablariga oydinlik kiritishi kutilayotgan tibbiy ekspertiza xulosasi esa hanuz noma‘lum. Ozodlik manbasining aytishicha, ekspertiza natijasi chiqishi aytilgan muddat uchinchi marotaba uzaytirilgan:

“Shu haliyam Toshkentdan otvet kelmadi, deb qaytarishyapti ekan. Oilasi qattiqroq turgan ekan: “Toshkentga boringlar” deyishibdi ekan. Lekin, hozir Shamsiddinning 4-kursda o‘qiydigan akasi Shahobiddinni hech qayoqqa chiqarishmayotgan ekan uyidagilar. Shahobiddin o‘sha ukasi o‘lgan kuni dalada bo‘lmagan-da, shunga alami ichida qolgan. Uyidagilar o‘qishga borsa, yana mushtlashuv bo‘lib ketmasin, deb olib o‘tiribdi ekan”, deydi Ozodlik manbasi.

Marhum Shamsiddin Bobosaidov oilasidagi ikki farzandning kichigi edi. Ozodlikning Shamsiddin Bobosaidov oilasi bilan bog‘lanishga urinishi natija bermadi - yaqinlari Ozodlikka bu borada biror izoh yoki ma‘lumot berishdan qat‘iyan bosh tortgan.

Oilaning ahvolidan xabardor sirdaryolik manbaning aytishicha, Guliston universiteti rahbariyati va shifokorlarning Shamsiddin Bobosaidov o‘limi sabablariga oid dastlabki izohlari bir-biriga ziddir:

"O‘qituvchilar oldiniga bu bola tutqanoqdan o‘ldi, degan javobni bergan. Lekin, doktorlar bolaning tanasini yorganida akalari yonida bo‘lgan va ularga nafas yo‘liga ovqat ketib qolganidan o‘lgan, deyishgan. Shamsiddin o‘lgan kuni hamma talabalar uyiga telefon qilib uni urib o‘ldirishdi, deb aytvorgan. Buning ustiga bolani ko‘mayotganda tanasi momataloq bo‘lib ketgan ekan. Shunga oilasi hozir Shamsiddin urishgan, deb ariza qilayapti", dedi Ozodlikning Sirdaryodagi ismi sir qolishini istagan manbasi.

Sirdaryo viloyati IIB va prokuraturasidan bu borada biror izoh olishning hanuz imkoni bo‘lmadi. Shuningdek, Guliston davlat universiteti ma‘muriyati ham izoh bermayotir.

Joriy yil paxta mavsumi boshidan buyon paxta terimi bilan bog‘liq Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan o‘lim holati 19 taga yetdi.

21-oktabr kuni Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi 82-sonli o‘rta umumta‘lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Sohiba Turimova mahalliy dala shiyponlardan birida o‘zini osib o‘ldirdi.

18-oktabr kuni Farg‘ona viloyati Beshariq tumani ichki ishlar bo‘limining uchastka noziri, 35 yoshli kapitan Asilbek Mazokirov o‘z shaxsiy avtomobilida paxta ortilgan traktorning tashqi yoritgichlari ishlamagan pritsepiga borib urilishi oqibatida halok bo‘ldi.

Samarqand Avtomobilsozlik kollejining 3-bosqich talabasi Vohid Jo‘rayev 18 oktabr kuni paxta terimida vafot etdi. Kollej ma‘muriyatiga ko‘ra, Narpay tumani dalalarida paxta terayotgan 18 yashar Vohidjon yurak xurujidan o‘lgan.

17-oktabr kuni Xorazm viloyatining Hazorasp tumanida paxta planini bajarmagani uchun tuman hokimligi mulozimi tomonidan haqoratlangan fermer Habibullo Egamberdiyev uyiga qaytgach, o‘zini osdi.

15 oktabr kuni Jizzax viloyati Zomin tumani Qishloq xo‘jalik va maishiy xizmat kasb-hunar kollejining paxta terimiga chiqarilgan birinchi bosqich o‘quvchisi Behzod Qahhorov tok urishidan vafot etdi.

10 oktabr kuni Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga bir oyga paxta terimiga safarbar etilgan Chirchiq shahridagi “MAXAM-SHIRCHIQ” qo‘shma korxonasining ishchisi Narimon Mustapayev Arnasoy tumani markaziy kasalxonasida jon bergan.

9 oktabr kuni Tug‘ruqxonada hamshira bo‘lib ishlaydigan onasi o‘rniga Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumaniga paxta terimiga safarbar etilgan baxmallik 22 yashar Fayziddin Abdurasulovni traktor bosib ketdi.

5 oktфbr kuni "GM-O‘zbekiston" avtomobillari uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan Asakadagi O‘zDongVonKo qo‘shma korxonasining 19 yoshli ishchisi, viloyatning Qo‘rg‘ontepa tumanida paxta terayotgan Abbosbek Taptiyev paxta terimida vafot etdi.

3 oktabr kuni Qoraqalpog‘istonning Ellikqal‘a tumanidagi Toza-Amirobod ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli “Istam-Turkman” fermer xo‘jaligiga paxta terimiga majburan safarbar etilgan ayolning ikki farzandi yong‘indan chiqqan tutunga dimiqib halok bo‘ldi.

2 oktabr kuni esa Guliston Davlat universiteti Fizika-matematika fakultetining paxta terimiga safarbar etilgan ikkinchi kurs talabasi, 19 yoshli Shamsiddin Bobosaidov Sirdaryo viloyatining Oq oltin tumanida vafot qildi.

28 sentabr kuni Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida paxta terimiga safarbar etilgan Taxiatosh kasb-hunar politexnika kollejining uchinchi kurs o‘quvchisi, 18 yoshli Majid O‘teganov o‘zini osdi.

25 sentabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanining Qiyoli qishlog‘ida yashovchi 57 yoshli Murod Meliqo‘ziyev maktabda o‘qiyotgan nevarasi o‘rniga paxtaga chiqqan payti dalada jon berdi.

23 sentabr kuni Andijon viloyatining Izboskan tumanida sodir bo‘lgan avtohalokatda Paxtaobod tumani yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i og‘ir jarohat olib, uch kundan so‘ng kasalxonada jon berdi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, “DAN” boshlig‘i boshqarayotgan Neksiya avtomobili paxta ortib ketayotgan, tashqi chiroqlari ishlamaydigan traktor pritsepiga tunda borib urilgan.

Ayni shunday voqea 17 sentabr kuni Oltinko‘l tumanida sodir bo‘lgan va bir kishi vafot etgan edi.

20 sentabr kuni Shahrisabz tumani Duxchi qishlog‘idagi kasb-hunar kollejining Muborak tumaniga paxtaga safarbar qilingan direktori Ibodulla Boboyev ham avtohalokatda nobud bo‘ldi.

14 sentabr kuni Toshkentdan Sirdaryoga hasharchilarni olib ketayotgan avtobus kolonnasi urib yuborgan yo‘lovchi shifoxonada vafot etdi. Voqea guvohlariga ko‘ra, halok bo‘lgan fuqaro boysunlik mardikor bo‘lib, uni militsiya xodimi quvlagan payti ushbu halokat sodir bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG