Линклар

Ukraina saylovida Yevropa tarafdorlari g‘alaba qildi


Ukraina parlamentidagi mutlaq ko‘pchilik yevroparast partiyalar nazoratida bo‘ladi.

Ukraina parlamentidagi mutlaq ko‘pchilik yevroparast partiyalar nazoratida bo‘ladi.

Ukrainada o‘tkazilgan parlament saylovlarida yevropaparast partiyalar g‘alaba qozondi. Bir yil davom etgan siyosiy beqarorlik va mamlakat sharqida bir necha oydan beri to‘xtamayotgan qurolli to‘qnashuvlardan keyin ukrainaliklar yakshanba kungi saylov barqarorlik o‘rnatilishiga turtki bo‘lishidan umidvor bo‘lmoqda. Hozirgacha sanalgan ovozlarga ko‘ra, 50 foizdan ortiqroq ovoz yevropaparast partiyalarga berilgan.

27 oktabr kuni e‘lon qilingan dastlabki natijalarga ko‘ra, bosh vazir Arseniy Yatsenyuk yetakchiligidagi "Xalq jabhasi" 21,6 foiz, prezident Petro Poroshenkoning bloki 21,5 foiz ovoz to‘plab parlamentdagi aksar o‘rinlarga egalik qiladigan bo‘ldi.

Hozircha sanab bo‘lingan 50 foizga yaqin ovoz natijasiga ko‘ra, yana bir yevropaparsat “Samopomoshch” partiyasi 11 foiz ovoz olib uchinchi o‘rinni egallagan.

Poroshenko 26 oktabr kuni televideniye orqali qilgan chiqishida ovoz berish natijalari “Ukrainaning Yevropa tomon yo‘nalish olishiga kuchli va og‘ishmas dastak” berganini ta‘kidladi.

- Dmokratik, yevropaparast kuchlarga qariyb konstitutsiyaviy ko‘pchilik imkoni va iqtidordagi partiyalarga 50 foizdan ortiqroq ovoz berilganini ko‘rsatuvchi natijalar Ukraina tarixida birinchi marta kuztilmoqda. Bu Ukraina xalqi, Ukraina davlati, Ukraina jamiyati tomonidan ko‘rsatilgan ishonch islohotlar jarayonini kechiktirmasdan boshlash zaruriyati anglanayotganini ham ko‘rsatadi,- dedi Poroshenko.

Prezident ovoz berish natijalari mamlakat sharqidagi rossiyaparast ayirmachilar bilan davom etayotgan qurolli to‘qnashuvga “siyosiy yechim topish” tarafdorlari irodasini namoyish qiladi, deya qo‘shimcha qildi. 5 sentyabrь kuni sulh imzolanganiga qaramasdan, Ukraina sharqida aholi gavjum hududlarni egallab olgan rossiyaparast ayirmachilar bilan qurolli to‘qnashuvlar davom etayotgani natijasida 3700dan oshiq odam halok bo‘lgan.

Yakshanba kuni prezident rasmiy saytida e‘lon qilgan bayonotida Poroshenko “demokratik, islohotchi, ukrainparast va yevroparast kuchlar” uchun ovoz bergan saylovchilarga minnatdorchilik bildirdi.

Poroshenko koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralar 27 oktabr kuni boshlanishini bildirib, “Xalq jabhasini” o‘z blokining asosiy hamkori deya atadi.

Kichik farq bilan oldinda ketayotgan “Xalq jabhasi” raisi, bosh vazir Arseniy Yatsenyuk koalitsion hukumat darhol islohotlarni boshlashini va‘da qildi.

- Hozirgina Ukraina prezidenti bilan uchrashdim, yangi hukumat va yangi parlament mamlakatimiz uchun zarur bo‘lgan islohotlarni darhol va samarali boshlay olishi uchun biz imkon qadar qisqa vaqt ichida koalitsiya tuzishga harakat qilamiz,- dedi Yatsenyuk.

450 o‘rinli Oliy radaga kirish uchun 5 foizlik marrani yana uchta partiya, jumladan Muxolifat bloki ham oshib o‘tishi kutilmoqda. Mazkur blokka hokimiyatdan ag‘darilgan prezident Viktor Yanukovichning ko‘plab tarafdorlari qo‘shilgan.

Hozirgacha ma‘lum natijalarga ko‘ra, Muxolifat bloki jami 9,7 foiz, Oleg Lyashko yetakchiligidagi Radikal partiya 7,5 foiz va sobiq bosh vazir Yuliya Timoshenko yetakchiligidagi Batkivshchina partiyasi 5,8 foiz ovoz olgan.

Kommunist partiyasi Ukraina 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri ilk bor Radaga kira olmaydigan bo‘ldi.

Bu natijalar partiyalar olgan ovozlarga doirdir va parlamentdagi o‘rinlarning yarmini belgilab beradi. O‘rinlarning ikkinchi yarmini bir mandatli okrgulardan saylangan deputatlar egallaydi.

Partiya ro‘yxati bo‘yicha parlamentga o‘tmagan ulьtramillatchi O‘ng Sektor yetakchisi Dmitro Yarosh, dastlabki natijalarga ko‘ra, Dnepropetrovskdagi bir mandatli okrgudan deputatlikka saylanadigan ko‘rinadi.

Prezident Poroshenko salafi Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag‘darilganidan sakkiz oy o‘tib muddatidan avval parlament saylovi o‘tkazilishini e‘lon qildi. Yanukovich Yevropa Ittifoqi bilan Assotsiatsiya kelishuvni imzolash niyatidan qaytgani noroziliklarni keltirib chiqardi va xalq qo‘zg‘oloni uning hokimiyatdan quvilishi bilan tugadi.

Yanukovichning hokimiyatdan ag‘darilishiga javoban Rossiya mart oyida Ukrainaning Qrim mintaqasini anneksiya qildi. Kiyev va G‘arb hukumatlari Moskvani sharqiy Ukrainada rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shin va qurol-aslaha jo‘natayotganlikda ayblab keladi.

Qrim mintaqasi va ayirmachilar nazoratida qolayotgan Lugansk va Donetsk viloyatdaridagi besh millionga yaqin ukrainalik yakshanba kungi saylovda qatnashmadi.

XS
SM
MD
LG