Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:36

O‘zbekistonda sovet davridan qolgan binolar "tekin tanlov"ga qo‘yildi


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Nizomi asosida respublika bo‘ylab 50 dan ortiq davlat binolari va ishlab chiqarish obyektlari tekinga sarmoyadorlarga taklif qilinmoqda. Tanlov asosidagi savdoning asosiy sharti chala qurilgan, ayrimlari qarovsiz qolgan va talon-taroj qilingan binolarni 1-5 yil ichida tiklash hamda o‘rtacha 50-60 kishiga ish berishi kerak.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan “Davlat mulki ob‘ektlarini xaridorga, sarmoya yotqizish va ijtimoiy majburiyatlarni zimmasiga olish sharti bilan, xarid narxi “nolga teng” qiymatda realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom” asosida davlat mulki bo‘lgan binolar tekinga taklif qilinmoqda.

Andijon, Buxoro, Namangan, Navoiy, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida tekinga berilayotgan 50 dan ziyod ob‘ektning aksariyati chala qurilgan yoki sobiq sovet zamonida qurilgan, hozir esa tashlandiq holga kelib qolgan fabrika, zavod, shifoxona, turar-joy binolari, bog‘cha, maktab kabi ta‘lim muassasalarga tegishli binolardir.

O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi e‘lon qilgan ro‘yxatdagi ayrim binolar shu kunda qariyb xarobaga aylangan va ob‘ektning kattagina qismi o‘marilgan.

Qo‘mitaning ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimi bu ob‘ektlar uchun talabgorlar hozirdanoq tanlovda ishtirok etish uchun ariza kiritishi mumkinligini bildirdi.

"Rasmiy saytimizda ob‘ektlar pasportlari bilan birga e‘lon qilindi. Xohlovchilar kirib-ko‘rib, birortasini tanlagandan keyin bizga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Har bir ob‘ektni realizatsiya qilish bo‘yicha shartlar ko‘rsatilgan", dedi qo‘mita mulozimi muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

Davlat tekinga berayotgan binolarni olish shartlari sarmoyaviy va ijtimoiy majburiyatlar ko‘rinishida belgilangan. Ya‘ni, konkret summasi e‘lon qilingan sarmoya uzog‘i bilan 5 yilda kiritilishi va davlat tender hay‘ati tomonidan belgilangan miqdorda ishchi o‘rni yaratishi lozim.

Muhimi, bu ob‘ektlarga oid majburiyatni to‘liq zimmasiga olishga rozi bo‘lgan taqdirda nafaqat yuridik shaxslar, balki jismoniy shaxslar ham olishi mumkin.

Jumladan, Ozodlik muxbiri Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tanlovga qo‘yilgan 4 qavatli binoning birinchi qavatiga bilan qiziqib ko‘rdi.

O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining ismini oshkor qilmayotganimiz mulozimi buning uchun zarur ikki hujjat - unga belgilangan 250 million so‘mlik sarmoyani 12 oy davomida kirita olish qurbini tasdiqlovchi hujjat va aytilgan muddatda 10 ish o‘rni yaratilishini isbotlovchi biznes reja ekanini aytdi.

Mulozimga ko‘ra, xaridor bo‘layotgan jismoniy shaxslar asosan, banklardan imtiyozli ravishda berilayotgan kreditni olish evaziga tanlovda ishtirok etayotganini qo‘shimcha qildi.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan ba‘zi tadbirkorlar: "Davlat tekinga berayotgan ob‘ektlarni olib, imtiyozli kreditdan foydalanib, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymaysizmi?" degan savolga "tekinning oshi tatimas" mazmunida javob berdi:

"Birinchidan bankdan kredit olish muammo, kreditni oformleniye qilishganidan keyin ham uni perecisleniye qilishning ozi muammo/ Tenderga qoyilgan qurilishlar uchun konkret summani boyningizga ilib qoyishadi, vaqtini ham tayinlab qoyishadi. Keyin u tenderga qoyilgan binolarni hech korgamisiz ozi, 4ta ustuni bor xolos. Lichno menga bunaqa volokita hech kerek emas", dedi Ozodlikka WhatsApp orqali javob bergan farg‘onalik yakka tartibdagi tadbirkor.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining sobiq mulozimi, Astana shahridagi Yevroosiyo universiteti dotsenti Saparboy Jubayevga ko‘ra ham, garchi hukumat kredit imtiyozlarini taklif qilayotgan bo‘lsa-da, bunday ob‘ektlarni olishga ancha-muncha tadbirkor yoki sarmoyador jur‘at qilmaydi.

- Birinchidan, aksar hollarda bu binolarni tiklash, yangilash o‘sha korxonaning buxgalterlik balansidan oshib ketadi va tadbirkor kiritgan sarmoyasini ololmaydi. Ikkinchidan, aksar hollarda belgilangan miqdorda ishchi o‘rin yaratish bilan birga korxonaning avvalgi qarzlari tadbirkorlarning bo‘yniga ilib qo‘yiladi yoki ishchilarining necha yillik oyliklarini to‘lash majburiyati yuklanadi. Shuning uchun, "nol bahoga sotiladi", degan gapning o‘zidanoq sarmoyadorlar qochadi, - deb hisoblaydi Saparboy Jubayev.

Vazirlar Mahkamasi Nizomida tekinga tarqatilayotgan davlat hisobidagi ob‘ektlarni puldorlar qo‘liga berishning bir necha yo‘li ko‘zda tutilgan - kimoshdi savdosi, tanlov asosidagi savdo yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali istovchi ishbilarmonlar bu binolarni olishi mumkin.

Oldi-sotdi shartnomasi shartlarining bajarilishi ustidan nazorat mahalliy hukumat idoralari tomonidan amalga oshiriladi, zero tekinga sotilayotgan binolar mahalliy hokimliklar balansidagi binolardir.

XS
SM
MD
LG