Линклар

logo-print

Moskvada o‘tkazilayotgan “Migrant-2014” amaliyoti davomida 14 mingdan ziyod migrant hibs etilib, mahalliy politsiya bo‘limlariga olib kelingani aytilmoqda. Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, 23 oktabr-2 noabr kunlariga belgilangan amaliyot davomida hujjatlari joyida bo‘lgan ko‘plab muhojirlarni ham politsiya ushlamoqda.

Moskva 10 kun noqonuniy muhojirlardan "tozalanadi"

Moskva politsiyasi Rossiya poytaxtini muhojirlardan “tozalash”ga qaratilgan "Migrant-2014” operativ-profilaktika amaliyotini o‘tkazmoqda.

"Reydlar jamoatchilik tartibi va xavfsizligi holati ustidan nazoratni kuchaytirishga, Moskvada operativ muhitni sog‘lomlashtirishga, shuningdek migratsiya qonunchiligi sohasidagi qonunbuzarliklar oldini olishga qaratilgan”, deyiladi Moskva politsiya boshqarmasi tarqatgan xabarda.

10 kun davom etadigan “kompleksli profilaktika amaliyoti” davomida ushlangan xorij fuqarolari politsiya bo‘limlariga olib kelinib, oldin sodir etilgan jinoyatlarga taaluqliligi tekshiriladi. O‘tgan 4 kun ichida politsiyachilar 14 mingdan ziyod muhojir qo‘lga olingani, jumladan, qariyb 40 joyda tintuv o‘tkazilgani, qidiruvda bo‘lgan 10 migrant ushlab qolingani, yuzlab jinoyat fosh etilgani va o‘nlab jinoiy ishlar ochilgani to‘g‘risida raport bermoqda.

“Ommaviy tekshiruvlar Rossiya Ichki ishlar vazirligining Moskva shahri bo‘yicha boshqarmasi, Moskva hukumati, FMSning poytaxt bo‘linmalari, Rossiya FSBsi va maxsus xizmatlari ko‘magida o‘tkazilmoqda”, deya bildirdi Ozodlikka Moskva politsiyasining Shimoli-Sharqiy okrugi bo‘yicha boshqarmasi rasmiysi Karina Yermakova.

- Bu amaliyot butun Moskva shahri bo‘ylab o‘tkazilyapti. Tadbir 23 oktabrdan 2 noyabrgacha davom etadi. Uning asosiy maqsadi xorij fuqarolari tomonidan ma‘muriy va migratsiya qonunchiligining buzilishi holatlarini aniqlash. Chunki keyingi paytlarda Moskva shahrida migrantlar soni ko‘payib ketgani ustidan shikoyatlar ko‘paydi. Shu sababli, Bosh boshqarmamiz qarori bilan kompleks amaliyot o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Tekshiruvlar kompleks tarzda – yotoq joylar, qurilishlar, sanoat zonalari, kafe-barlar-restoranlar, ya‘ni xorijliklar mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha joylar ko‘zdan kechiriladi,- deydi Karina Yermakova.

Politsiya rasmiysi bu amaliyotni o‘tkazishda birgina Shimoli-Sharqiy okrugda 4 kun ichida 2260 xorij fuqarosi qo‘lga olinib, politsiya bo‘linmalariga tekshirish uchun olib kelinganini bildirdi. “Ushlanganlarga nisbatan 279ta ma‘muriy qonunbuzarlik to‘g‘risida protokol tuzildi”, dedi Karina Yermakova.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, Moskva shahar politsiya boshqarmasi “tozalash” ishlariga 450-ta operativ-qidiruv guruh tuzgani, uning tarkibida 4,5 ming politsiya xodimi jalb qilindi. “Migrant-2014” amaliyoti davomida politsiya, OMON va FMS 1,5 ming turli ob‘ektlar – bozor, sanoat zonalari, avtoservis, mehmonxona, kvartiralarni ko‘zdan kechirishni rejalashtirgani ma‘lum.

"O‘t ketganda xo‘lu quruq..."

Moskva politsiyasi noqonuniy muhojirlar yashaydigan joylar, “rezina kvartiralar”, podval va yerto‘lalarda yashayotgan muhojirlar to‘g‘risida xabar berib borishga mahalliy aholini jalb qilmoqda.

Biroq, Ozodlikka yetib kelayotgan xabarlarga ko‘ra, politsiya migratsiya qonunchiligini buzganlar bilan birga hujjatlari joyida bo‘lgan migrantlarni ham jarimaga tortmoqda. Ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan tinglovchilarimizdan biri, Moskvaning Savyolovskiy vokzalida boshlangan reyd vaqtida qochib qolganini aytib berdi. U tekshiruvga tushgan do‘stlari Moskvada yashash va mehnat qilish uchun barcha hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramasdan, jarimaga tortilgani va deportatsiya qilinganini bildirdi.

Moskvada istiqomat qilayotgan Havasbek Moskvaga endigina ish izlab kelgan 6 nafar o‘zbekistonlik tanishi asossiz jarimaga tortilgani va sud to‘liq migratsiya xodimlari tarafini olganini gapirib berdi.

- Men o‘zim 6 bolaga yordam berishga borgan edim. Ular 6 kishi kelganiga bir oy ham bo‘lgani yo‘q, ko‘chada yurgan. Tekshirganki, holi patent olgani yo‘q. “Bizda 1,5 oy vaqtimiz bor patent qilishga”, deb tushuntirsa, “Yo‘q, kelishing bilan patent qilishing kerak edi”, deb sud qilib, vidvoreniye qilgan. Sud hatto eshitmagan ham: sudya 15-ta odamni 42 minutda – hatto 1 soat ham emas! – sud qilib, qaror chiqarib, 5 ming rublь shtraf qilib, chiqib ketishga 10 kun muddat berib, qo‘yvorishdi. Ulardan ikkitasi qaror ustidan shikoyat qilgan: o‘zgarmagan, deydi Havasbek.

Suhbatdosh FMS xodimlari bilan suhbatda mahalliy migratsiya idoralariga muhojirlar sonini kamaytirish, ishga ruxsatnoma berishda, birinchi navbatda, Ukrainadan kelgan fuqarolarga imkoniyat yaratish zarurligi to‘g‘risida Moskva rahbariyati tomonidan og‘zaki buyruq berilganini aniqlaganini gapirib berdi.

- Ukrainadan ko‘plab odamlar kelyapti. Ular ko‘rinishi slavyan, odatlari, ko‘rinishi osiyoliklarga nisbatan to‘g‘riroq keladi. Ham ukrainlarning o‘zi ham Moskvada har qanday ish qilishga tayyor. Biz sudga borganda sotrudniklaridan ikkitasi “Bizda plan bor: bir oy ichida ular 4 ming kishini deportatsiya qilishi kerakligi to‘g‘risida qaror bor”, dedi. Keyin, shahar meri Sobyaning va MVD kattasi aytyaptiki, bir yil ichida 26 protsentga kamaydi migrantlar soni Moskvada,- dedi Havasbek.

XS
SM
MD
LG