Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:41

O‘zbekistonning Rossiyadagi yangi elchisi ish boshladi


O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Akmal Kamolov Moskvadagi vakolatxonada o‘z ishini boshladi. Yangi elchi bundan oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

27 oktabrdan boshlab Moskvadagi Pogorelskiy tor ko‘chasi 12 uyda joylashgan O‘zbekiston elchixonasi rahbari o‘z ishini boshladi.

Bu haqda xabar bergan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytidan O‘zbekistonning Rossiyadagi yangi elchisi etib Akmal Kamolov tayinlanganini ko‘rish mumkin. Akmal Kamolov respublikaning Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

U bu lavozimni 4 yil egallagan 53 yashar Ziyodulla Po‘latxo‘jayevdan qabul qilib oldi. Oldinroq Ziyodulla Po‘latxo‘jayev joriy yilning iyun oyi boshlarida tanqidlar ostida chaqirtirib olingani aytilgan edi. Avgust oyida O‘zbekiston parlamentining yuqori palatasi qarori bilan Po‘latxo‘jayev rasman o‘z lavozimidan ozod qilindi.

“Uzmetronom” nashri Ziyodulla Po‘latxo‘jayev spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygani va vakolatxona xodimlariga qo‘pol muomalasi uchun Toshkentga chaqirtirib olinganini xabar qilgan edi.

Rossiyada faoliyat yuritayotgan qator o‘zbek diasporalari va tashkilotlari ham oldingi elchining olib borgan ishini salbiy baholab, o‘tgan 4 yil davomida o‘zbekistonliklarning Rossiyadagi ahvoli juda og‘irlashganini e‘tirof etgan edi.

Biroq, hozircha O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi rasmiy saytida yangi elchi to‘g‘risida hanuzgacha ma‘lumot keltirilmagan.

XS
SM
MD
LG