Линклар

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi 18-19 oktabr kuni kechasi o‘tkazilgan yig‘ilishlarda oz paxta topshirgan fermer va terimga kam o‘qituvchi chiqargan maktab direktorlarini kaltaklagan. Fermerlar bu boradagi iddaosini inkor qilmagan hokim Asror Jo‘rayev Ozodlik bilan suhbatlashishni istamadi.

Yakkabog‘ tumani hokimi Asror Jo‘rayev 18 oktabr kuni kechasi soat o‘nda paxta shtabida o‘tkazilgan yig‘ilishda kam paxta topshirgan fermerlarni bir chetdan urib chiqqan.

Bu haqda ovozi yozib olinmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan fermerlardan birining iddao qilishicha, hokim o‘zidan katta yoshdagi fermerlarni ham ayamagan:

“Yakkabog‘ stantsiyasi, degan joyda paxta qabul qilish punkti va shu yerda paxta shtabi bor, har kuni kechasi soat 1-2 gacha majlis bo‘ladi. 18 oktabr kungi yig‘ilishda men ham bor edim, hokim kim qancha paxta topshirganini o‘qidi. Keyin kam paxta topshirgan “Sharq Yulduzi” fermerlar uyushmasiga qarashli fermerlarni turg‘azib qo‘yib, oldiga tushib bordida bir chetdan ura boshladi. Duch kelgan joyiga urdi, og‘ziga kelgan yomon so‘zlar bilan haqoratladi", deb da‘vo qildi suhbatdosh.

Fermerning aytishicha, ertasi kuni hokim zo‘ravonligiga mahalla raislari va maktab direktorlari ro‘baro‘ bo‘lgan:

“19 oktabr kungi yig‘ilishda hokim paxta terimiga kam odam chiqartirgan mahalla raislari va maktab direktorlarini do‘pposladi. Chaydari, G‘ozliq mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va 4, 29, 43 –umumta‘lim maktablarining direktorlari kam odam chiqargani uchun hokimdan kaltak yedi. Umuman faqat bu emas, hamma majlislar hokimning haqoratlari va do‘q-po‘pisalari bilan o‘tadi. Hech kim churq etolmaydi, chunki yonida militsiya boshlig‘i va prokuror bo‘ladi doim", dedi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri.

Ozodlik Yakkabog‘ tumani hokimi Asror Jo‘rayev bilan bog‘lanib, uning bu harakatlariga izoh so‘radi. Asror Jo‘rayev savolni obdon eshitgach, aloqani uzib qo‘ydi va hokim bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Asror Jo‘rayev yetti yildan buyon Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lib ishlab kelyapti.

Ismi sir qolishini so‘ragan yakkabog‘liklardan biri ham hokim mushtumzo‘r, deb ta‘kidlar ekan, tumanda paxta rejasi bajarilgan bugungi kunda ham majburiy terim davom etayotganini ta‘kidlaydi:

“Bizning hokimimiz urong‘ichlardan. O‘tgan yili ham mahalla oqsoqollarini urganini eshitgan edim. Kuni kecha sovuq tushib maktablar ochilgan edi. Bugun 40 - maktabda o‘qiydigan bollarim maktab yana yopildi, javob berib yubordi, deb keldi. Havo iliy boshlashi bilan o‘qituvchilarni yana paxtaga haydashdi”, dedi yakkabog‘lik suhbatdosh.

O‘zbekistonda hokimlarning fermerlarni, korxona va tashkilotlar rahbarlarini haqorat qilish, urish holatlari ko‘p kuzatiladi.

Jumladan, joriy yilning 7 oktabr kuni Chiroqchi tumani hokimi Ravshan Komilov Po‘stin qishlog‘ida istiqomat qiladigan 60 yoshli Moyli buvaning yubiley, kelin tushirish va nevaralarining sunnat to‘yini buzgan, hammani urib-so‘kib paxtaga haydagan edi.

Bu voqeadan bir necha kun o‘tib Ravshan Komilov Shahrisabz tumani hokimi Faxriddin Norovni urgani haqida Ozodlik manbalari xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG