Линклар

Qo‘qonning Muqimiy mahallasida yashovchi oila o‘z yaqinlari orqali Ozodlikka murojaat qilib¸ yanvar oyidan beri bedarak ketgan 28 yashar o‘g‘li Akmaljon Ne‘matovni ko‘rgan-bilganlarga murojaat qildi.

O‘zini Ne‘matovlar oilasi do‘sti deb tanishtirgan suhbatdoshga ko‘ra¸ Qo‘qon bozoridagi savdosi kasob bo‘lgach¸ ikki yilcha muqaddam Moskvaga kelgan Akmaljon¸ so‘nggi bor joriy yil yanvarida onasi tug‘ilgan kuni bilan tabriklashga telefon qilgan.

Akmal Ne‘matov oilasi Ozodlikka yo‘llagan yana bir surat.

Akmal Ne‘matov oilasi Ozodlikka yo‘llagan yana bir surat.

Na Moskvadagi manzili¸ na tayinli ish joyi ma‘lum Akmal¸ yaqinlariga ko‘ra¸ shundan beri aloqaga chiqmagan. U sim qoqqan so‘nggi raqamga bog‘lanish ham uning taqdiriga oydinlik kiritishga yordam bermagan.

O‘zbekistonda sudlanib¸ bir yil manzil koloniyasida jazo o‘tagan Akmaljon¸ Rossiyada ham ma‘muriy javobgarlikka tortilgan.

Yaqinlari taxminicha¸ Akmal yana Rossiya huquq tizimlari qo‘liga tushib¸ jazoga tortilgan bo‘lishi mumkin.

- Oilaning bor umidi¸ uning hayot ekanidan xabar topishdir. Qayerda bo‘lsa ham¸ sog‘ bo‘lsa¸ tirik bo‘lsa¸ bo‘ldi¸ deydi Ozodlikka bog‘langan Ne‘matovlar oilasi do‘sti.

Akmalning ichib-chekib yurgan "ko‘cha bolasi" ekanini ta‘kidlagan suhbatdosh¸ uning Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari orasida faol bo‘lgan turli diniy-ekstremistik guruhlar safiga qo‘shilgani¸ ular safida Suriya va Iroqdagi jihodchilar oldiga ketgani ehtimolini deyarli soqit qiladi.

Ayni paytda¸ ekstremistlar uni "gunohlardan tozalanish va jannat va‘dasi bilan avragan bo‘lish" ehtimoli ham yo‘q emas¸ degan fikrda Akmalning yaqinlari.

Ozodlik Akmal Ne‘matovni tanigan-bilgan muhojirlardan uning taqdiriga oid so‘nggi ma‘lumotlarni sharh sifatida yozib qoldirish¸ yoxud OzodSkype, OzodOvoz, OzodlikOnline Skype manzillariga bog‘lanib ma‘lum qilishlarni so‘raydi.

Akmal Ne‘matovga oid uning yaqinlari so‘rovi bilan Ozodlikka bog‘langan muhojir bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin:

XS
SM
MD
LG