Линклар

Diniy qo‘mita Qur‘on nazmiy tarjimasini chop etishga ruxsat bermadi


Rad etilgan tarjima O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamolga tegishlidir.

Rad etilgan tarjima O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamolga tegishlidir.

O‘zbekiston Din ishlari qo‘mitasi taniqli shoir Jamol Kamol o‘girgan Qur‘oni karim ma‘nolarining o‘zbek tiliga nazmiy tarjimasini chop etishga ruxsat bermadi. Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, qo‘mita tarjimani imom-xatiblar muhokamasiga qo‘ygan va ular “Qur‘onni she‘rga solib, tarjima qilish mumkin emas” mazmunidagi fatvo bilan uni rad etgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol she‘rga solib o‘girgan va taniqli tilshunos, islomshunos olimlar muhokamasidan o‘tgan Qur‘oni karim ma‘nolarining nazmiy tarjimasini chop etish so‘rovi Din ishlari qo‘mitasi tomonidan rad qilindi.

Loyiha muallifi, "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi Homiylar kengashi raisi Anvar Husainovning aytishicha, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari qo‘mitasi tarjimani rad etish sabablari ko‘rsatilgan bayonnomani unga taqdim qilgan.

- Qo‘mita bu asarni qator viloyatlardagi imom-xatiblar muhokamasiga qo‘ygan. Toshkent imom-xatiblari va boshqa viloyat imom xatiblari bayonnomasida birinchi bo‘lib aytilayaptiki: "Qur‘on nazmiy tarjima qilinmagan" deb. Bu juda zaif argument, chunki Qur‘oni karim juda ko‘p tillarga tarjima qilingan - ingliz, frantsuz, fors tilida ham bor, rus tilida ham bor. Rus tiliga nazmiy tarjima loyihasiga ham men boshchilik qilganman, - dedi Alisher Husainov.

Alisher Husainov ayni paytda o‘zbekistonlik ulamolarning e‘tiroziga javoban e‘tiroz bildirib, uning o‘zi va tarjimon Jamol Kamol nomidan Din ishlari qo‘mitasiga ariza kiritganini aytdi.

Muxbirning: "Tarjimani chop etmaslik qarori siyosiy qaror emasmi? Oxir-oqibat, bunga ruxsat berilishiga ishonasizmi?" degan savollariga javoban Alisher Husainov:

- Bir narsa, deyish juda qiyin. Lekin biz O‘zbekistonda mavjud qonunlarga amalga qilgan holda, Musulmonlar idorasi bilan hamkorlikda bu ishni amalga oshirdik va oxir-oqibat, nazmiy tarjimani chop qildirishga erishamiz, deb ishonaman - deb ta‘kidladi.

O‘zbekistonlik taniqli shoir Jamol Kamol O‘zbekistonda ilk bor qo‘l urilgan Qur‘oni karim ma‘nolarining o‘zbek tiliga she‘riy tarjimasiga "Muftiy Boboxonovlar" jamg‘armasi Homiylar kengashi raisi Anvar Husainov undovi bilan kirishgan edi.

Shoir tarjimasining rad etilgani xususida Ozodlikka izoh berishdan tiyildi va tarjima chop etilishiga umidvorligini bildirish bilan cheklandi.

O‘zbekistonda Qur‘on ma‘nolari she‘rga solib, o‘zbek tiliga tarjima qilinayotgani haqida matbuotda ko‘p bor xabar berilgan. O‘zbekistonlik tilshunos olimlar va xususan, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, shayx Abdulaziz Mansur ham bu loyihani faol quvvatlayotgan edi.

Tarjima rad etilgani haqida shayx hazratlaridan hozircha munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

Hozirga kelib Qur‘oni karim ma‘nolarining deyarli barcha tillarga tarjimasi mavjud. O‘zbek tiliga ilk tarjimalardan biri sifatida taniqli olim Oltinxonto‘ra Taroziy nomi tilga olinadi.

U kishi birinchilardan bo‘lib Qur‘on ma‘nolarini o‘tgan asrning o‘rtalarida o‘zbek tiliga o‘girgan va uning tarjimasi musulmonlar orasida eski o‘zbek yozuvida tarqalgan.

O‘zbekistonda rasman nashr etilgan ilk tarjima esa 1991 yilda "Sharq yulduzi" jurnalida bosilgan shayx Alouddin Mansurga tegishli Qur‘on ma‘nolari tarjimasidir.

Keyinroq shayx Abdulaziz Mansur tarjimasi ham chop etildi va hozirda bu tarjimalarning ikkisi ham o‘zbek tilida o‘quvchi musulmonlar o‘rtasida keng mutolaa qilinadi.

Ammo, shu vaqtga qadar O‘zbekistonda Qur‘on ma‘nolari o‘zbek tilida she‘rga solinmagan. Shoir Jamol Kamol qo‘l urgan nazmiy tarjima esa musulmonlar tomonidan kutilayotgan ilk nazmiy tarjima bo‘lishi kutilayotgan edi.

XS
SM
MD
LG