Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:29

BMT Bosh kotibi Orol dengizini qutqarish chaqirig‘i bilan chiqdi


BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun xalqaro donorlarni qurib va yo‘qolib borayotgan Orol dengizi ekologik fojeasini bartaraf qilish ishida faolroq ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda BMT Yangiliklar markazi xabar qiladi.

BMT Bosh kotibi 28 oktabr kuni O‘zbekistonning Urganch shahrida ochilgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” xalqaro konferentsiyasi ishtirokchilariga videochaqiriq bilan murojaat qildi.

“Bugungi kunda Orol dengizi to‘la yo‘qolib bitish arafasida turibdi. Bu yo‘qotish O‘zbekiston va uning xorijidagi millionlab odam turmushida o‘z aksini topadi”, deya bildirgan o‘z murojaatida Ban Ki Mun.

BMT Bosh kotibi Orol dengizi qurishiga asosiy sabab suv zahiralaridan jo‘yali foydalanmaslik, deb biladi.

Ban Ki Mun transchegaraviy suv zahiralaridan foydalanishda xalqaro hamkorlik, eng avvalo, mintaqaviy hamkorlikning ahamiyatiga alohida urg‘u beradi.

BMT Bosh kotibi BMTga doxil ko‘plab muassasalar, jumladan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi Orol havzasida yashovchi odamlar turmush sharoitini yaxshilashda ko‘mak ko‘rsatish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishlarni amalga oshirayotgani hamda ekologik ofat oqibatlarini bartaraf qilishda yordam berayotganini qayd etadi.

Ban Ki Mun bu urinishlarning barchasi xalqaro donorlar tomonidan dastaklanishiga umid bildiradi.

Orol fojeasini dunyodagi biror-bir mamlakat bir o‘zi bartaraf etolmasligini urg‘ulagan BMT Bosh kotibi bu ofatga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro faoliyatni aktivlashtirishga chaqiradi.

Ban Ki Mun o‘zi yetakchilik qilib kelayotgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Orol fojeasiga jiddiy e‘tibor bilan yondoshayotganini shu yil sentyabrь oyi oxirida Nьyu Yorkda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashuv chog‘ida ham ta‘kidlagandi.

Eslatib o‘tamiz, BMT Bosh kotibi 2010 yili Orolbo‘yi mintaqasiga safar qilgan va Orol dengizining quriyotganini Yer kurrasidagi eng dahshatli halokatlardan biri, deb aytgan edi.

- Orolbo‘yi mintaqasida vaziyat yil sayin qiyinlashib bormoqda. O‘zbekiston qismidagi Orolbo‘yi hududini ko‘zdan kechirar ekanman, qum barhanlariga cho‘mgan kemalar qabristonini ko‘rib, dahshatga tushdim. Orol muammosini muttasil muloqot va so‘zlashuvlar yo‘li bilan hal qilish nafaqat mintaqa yetakchilari, balki xalqaro hamjamiyat zimmasida hamdir, - degandi o‘shanda Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘ylab safardan qaytgan Ban Ki Mun.

Orol dengizi muammolariga bag‘ishlanib, Urganch shahrida ochilgan xalqaro konferentsiya ishi bugun ham davom etadi.

XS
SM
MD
LG