Линклар

logo-print

Bu haqda talabaning akasi Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Singlim Farg‘ona tumani Agrosanoat kasb-hunar kollejida birinchi kursda o‘qiydi. O‘qish boshlanganidan buyon ro‘mol o‘rab borar edi. Oddiy ro‘mol, jag‘ining pastidan o‘raladigan ro‘mol. Shu paytgacha indashmagandi. Kecha direktor chaqirtirib, so‘kibdi, ro‘molni yechtiribdi. Hamma qizlarning oldida sharmanda qilibdi. Mumkin emas ekan, qaysidir diniy guruhlarga qo‘shilib qolsang, biz baloga qolamiz, debdi-da, - deydi ismi sir qolishini istagan muslima talabaning akasi. (Aka o‘zining ham, singlisining ham ismlari aytilishini istamadi)

O‘zbekistonda 2012 yildan o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida talabalar hatti-harakati va kiyinishiga oid yagona nizom kuchga kirgan.

Ana shu nizomga muvofiq talabalarning o‘qishga ro‘mol o‘rab borishlari mumkin emas. Qoidani buzganlar sessiya zachyotlarini ola olmasliklari, yoki o‘qishdan haydalishi mumkin.

Farg‘ona tumani Agrosanoat kasb-hunar kollejining o‘quv ishlari bo‘yicha bo‘limi xodimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda talabalarning o‘qishga ro‘mol o‘rab borishlari mumkin emasligini aytdi.

- Uyida bemalol ro‘molini o‘rab yuraversin. Lekin, o‘qishga belgilangan tartib doirasida kiyinib kelishi kerak. Bu yerda nafaqat ro‘mol, talaba va o‘quvchilarimiz kalta yubkalarni kiyib, yelkalarini ochib yurishi, ajnabiy yozuvli ko‘ylaklar, futbolkalarni kiyib o‘qishga kelishi ham mumkin emas. Tartib-intizom bor va hamma shunga amal qilishi kerak, - dedi Farg‘ona tumani Agrosanoat kasb-hunar kollejining o‘quv ishlari bo‘yicha bo‘limi xodimi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, ro‘mol o‘ragan bir necha muslima talaba o‘qishdan haydalgan hollari ham mavjud.

Bundan avval Marg‘ilondagi Pedagogika kollejining 1-kurs talabasi Matluba Mamatovani ro‘mol o‘ragani uchun kollej direktori va ilmiy bo‘lim mudiri o‘quv yurtidan haydab chiqargani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Huquq faollari musulmon ayollarni ro‘mollarini yechishga majburlash ularning fuqarolik huquqlarini poymol etish ekanini ta‘kidlab kelishadi.

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhining rahbari Sur‘at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda boshidagi ro‘moli yechtirilgan o‘nlab talabalardan shikoyatlar olganini aytadi.

- Juda ko‘p talabalar ro‘molini yechishga majburlanganini aytib, tashkilotimizga kelishgan. Ayrimlari o‘qishdan haydalgan. O‘qituvchilar ham ro‘mol o‘rab borgani uchun ishdan haydalganini aytib, bizga murojaat etgan. Endi bu yerda bir narsaga e‘tibor qaratmoq kerak. Bu yerda diniy libos – hijob haqida gap borayotgani yo‘q. Hijobni, to‘g‘ri, o‘qishga kiyib borish mumkin emas. Lekin, ro‘mol o‘rashga taqiq yo‘q. O‘zbek ayollari qadimdan bosh yalang yurmaganku, - deydi Sur‘at Ikromov.

Ayni paytda O‘zbekistonda ro‘mol o‘ragan ayolllar xususiy korxonalar va davlat organlarida ham kamsitilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda oq do‘ppiga qarshi kamapniya ham davom etmoqda. O‘tgan oyda O‘zbekistonda imomlar masjidlarga Hayit nomozini ado etgani oq do‘ppi kiyib borgan namozxonlarga oq do‘ppilarni yechishni buyurgani, aks holda masjiddan chiqarib yuborilishi haqda ogohlantirgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG