Линклар

logo-print

28 oktabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Iroq va Suriya hududlarida jihod qilayotgan Islomiy davlat janggari guruhiga aloqadorlikda ayblangan o‘nlab odamni qo‘lga oldi. Bu oblavalar Moskvaning ham Islomiy davlat tahdididan borgan sari xavotirga tushayotgani ifodasi sifatida ko‘rilmoqda.

Rossiya matbuoti xabarlariga ko‘ra¸ 28 oktabr kuni qo‘lga olinganlar asosan kavkazliklar va ular orasida Islomiy davlat bilan hamkorlik qilishda gumonlanayotgan olti nafar ozariy ham bor. Rasmiylar iddaosicha¸ bu oltovlon Moskva markazida avtomobillarga xizmat ko‘rsatish saloni xizmatchisi niqobi ostida aslida janggari guruhga odam yollash bilan shug‘ullangan.

Federal xavfsizlik xizmati tarqatgan bayonotda aytilishicha¸ ushbu avtosalondan tushgan daromadning bir qismi Suriyaga jo‘natilgani barobarida ushlanganlar Moskvadagi ozariy migrantlarini Suriyadagi jihodga jo‘natish uchun targ‘ibot olib borgan.

Bu qamoqqa olishlar Rossiya jamoatchiligi orasida Islomiy davlat guruhining mamlakat ichkarisidagi ta‘siri va bu ekstremistik mafkuradan tug‘ilayotgan tahdidni jiddiy qabul qila boshlagani ifodasi sifati ko‘rilmoqda.

Moskvadagi Markaziy Osiyo¸ Kavkaz va Volga-Ural tadqiqotlari markazi direktori Semyon Bagdasarov 29 oktabr kuni Rossiya rahbariyatini Islomiy davlat tahdidiga qarshi kurashda vaqtni boy berganlikda aybladi:

- Moskvada faqatgina Islomiy davlatga xayrixohlar emas¸ balki ularga pul jo‘natib¸ odam yollashda ayblanayotganlarning qamoqqa olingani fakti bunaqa mafkuradagilar faoliyatini to‘xtatish uchun allaqachon konkret chora-tadbirlar qo‘llash zamoni o‘tib ketganini ko‘rsatdi¸ dedi Bagdasrov jumladan.

Moskvadagi qamoqqa olishlardan so‘ng Rossiya Bosh prokuraturasi 27 oktabr kuni postsovet hududida ommalashgan VKontakte ijtimoiy tarmog‘idagi Islomiy davlat mafkurasini qo‘llovchi o‘nlab akkaunt yopilganini e‘lon qildi va bu ham Rossiya davlat tizimlarining Islomiy davlat tahdidi bilan jiddiy shug‘ullanishga o‘tayotgani belgisi sifatida talqin etilmoqda.

Islomiy davlatning Rossiya ichki xavfsizligiga tahdidi haqidagi bayonotlar yangi bo‘lsa-da¸ Shimoliy Kavkaz¸ qolaversa¸ Markaziy Osiyo respublikalaridan Rossiyaga ishlashga kelganlarning Suriyaga jihodga ketganiga oid xabarlar 2012 yildan beri mavjud.

Islomiy guruhlar tomonidan uyushtirilgani iddao qilinadigan terror xurujlari Rossiya hududida tez-tez uchrab turganiga qaramay¸ kuzatuvchilar fikricha¸ Islomiy davlatdan tug‘ilayotgan tahdid manbaining bu gal Shimoliy Kavkaz guruhlaridan ko‘ra ko‘proq markaziy osiyolik mehnat muhojirlari ekani aytilmoqda.

Tahlilchilarga ko‘ra¸ aynan O‘zbekiston¸ Tojikiston va Qirg‘iziston kabi musulmon o‘lkalaridan Rossiyaga ish izlab kelayotgan qashshoqlashgan qatlam Islomiy davlat safiga odam yollovchilar nishoniga aylangan.

Bu tahdid o‘chog‘ini kichraytirish maqsadida Bagdasarov Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari fuqarolarining Rossiyaga kirishi uchun viza rejimi joriy etishni taklif qildi:

- Bu birinchi galda O‘zbekiston¸ Tojikiston¸ Qirg‘iziston¸ Ozarbayjon va janubiy Kavkazliklarga tegishlidir. Bu to‘rt davlat fuqarolari bugun Islomiy davlat safida turib jihod qilmoqda. Ularning ertaga uyiga¸ so‘ngra Rossiyaga qaytib¸ Suriya va Iroqda o‘rgangan terror harakatlarini bizning hududda amalga oshirish ehtimoli juda jiddiydir¸ dedi rossiyalik tahlilchi jumladan.

O‘tgan hafta Rossiya fuqarosi Sergey Gorbunovning Islomiy davlat terrorchilari tomonidan qatl etilganiga oid xabarlar paydo bo‘ldi. Ayni paytda yana bir rossiyalik Konstantin Juravlyov ham Suriyadagi janggarilar qo‘lida garovda qolmoqda.

Jamoatchilikning Rossiyada ham asta-sekin Islomiy davlat guruhining terror harakatlaridan tashvishga tushayotganiga javob o‘laroq huquq tizimlari bu tahdidga qarshi kurash boshlanganini ko‘rsatishga urinmoqda.

XS
SM
MD
LG