Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:18

Plan to‘ldi. Nishonda maktab o‘quvchilari paxta terimiga chiqarildi


Dalada paxta qolmagani bois maktab o‘quvchilari bir chanoq paxtani terishga majburlanmoqda
Dalada paxta qolmagani bois maktab o‘quvchilari bir chanoq paxtani terishga majburlanmoqda

Qashqadaryo viloyatining paxta tayyorlash rejasi rasman bajarilgan bo‘lsa-da, 20 oktabrdan boshlab Nishon tumanidagi askar maktablarning 5-9 sinf o‘quvchilari ommaviy ravishda paxta terimiga safarbar etildi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan maktab direktori va o‘qituvchilarga ko‘ra, maktablarda darslar tamoman to‘xtatilgan. Yotog‘i bilan paxta terimiga chiqarilgan o‘qituvchilar esa hamon daladan qaytmagan.

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani markazidagi maktablardan boshqa hamma maktablarning yuqori sinf o‘quvchilari paxta terimiga safarbar etildi.

Bu haqda Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan maktab direktorlaridan biri xabar qildi. Uning aytishicha, viloyatdan tayinlangan vakil hamma o‘qituvchiyu direktorlarni zir qaqshatyapti:

“Maktablarni yopib, o‘quvchilarni terimga safarbar qilishning boshida Qashqadaryo viloyati hokimining Nishon tumanidagi vakili, "O‘zagrosug‘urta" viloyat direktsiyasi direktori Omon Xushmurodov turibdi. U maktabma-maktab yurib hammani paxtaga haydayapti. Tuman paxta ko‘rsatkichlari bo‘yicha ortda qolmoqda. Shu boisdan vakil maktablarni yoptirdi, mahalliy fermerlarni urib, so‘kib bo‘lsa ham paxta terib topshirishga majbur qilmoqda” deydi suhbatdosh.

Nishon tumani hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda, maktab o‘quvchilarining paxta terimiga chiqrilayotganini tasdiqladi:

“Paxta siyosati juda qattiq bo‘lyapti. Maktab direktorlariga yuqori sinf o‘quvchilarini paxtaga chiqarish haqida og‘zaki topshiriq berilgani rost. Viloyat hokimi har kuni selektor yig‘ilishida birorta ham tashkilot chetda qolmasin deb farmoyish beryapti. Tekshiruvchilar kelib ketganidan so‘ng, o‘quvchilar ham terimga jalb qilindi”, dedi hokimlik mulozimi.

Ozodlik paxta terayotgan o‘qituvchilardan biri bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchiga ko‘ra, maktablarda faqat boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qolgan:

- Faqat to‘rtinchi sinfgacha dars bo‘lyapti. Qolgan sinflarning o‘quvchiyu o‘qituvchilari hammasi dalaga safarbar etilgan. Hatto sovuq kunlari ham bolalarni chiqarishdi. Ayrim ota-onalar bollarimni chiqarmayman deb janjal qilishdi, lekin ularga yalinib-yolvorib chiqaryapmiz. Bizning maktabga 4 tonna paxta terib berasizlar degan edi, besh tonnadan ham oshib ketdi, lekin javob berishmayapti,- dedi o‘qituvchi.

O‘qituvchiga ko‘ra, maktabning yuqori sinf o‘quvchilari o‘tgan oylarda ham terimga chiqarilgan edi:

- Xalqaro mehnat tashkilotining vakillari tekshirishga keladi ekan deb, o‘quvchilarni zudlik bilan ortga qaytarishgan va maktablarda darslar to‘liq o‘tilgan edi. Ular kelib ketganidan so‘ng yana hamma o‘quvchilar paxtaga chiqarildi. Men sizga aytsam, 35, 11-maktablar, boringki Nishon markazidagi maktablardan boshqa hammasida o‘quvchilar paxtaga chiqarilgan,- dedi o‘qituvchi.

Nishon tumanining G‘afur G‘ulom nomidagi 10-o‘rta maktabning yuqori sinf o‘quvchilari ham paxtaga chiqarilgan, dedi tumandagi Ozodlik manbasi:

- Yordamchilar ketdi, lekin maktabimizning yuqori sinf o‘quvchilari paxta teryapti. Dalada paxta qolmagan, chanoqlarda qolgan bir chigitli paxtalarni terib yurishibdi. Kecha o‘qituvchi va o‘quvchilarni dalada ekanligini o‘zim ko‘rdim,- dedi manba.

O‘zbekistonda davlatga paxta xomashyosi sotish rejasi bajarilgani e‘lon qilinganidan so‘ng, aksariyat hududlarda terimga safarbar etilgan byudjet muassasalari ishchi-xizmatchilari, talabalar va kollej o‘quvchilari daladan qaytgan edi. Biroq, Nishon tumanida hashrchailar ketgani bois terim sur‘ati tushib keta boshlagach, maktab o‘quvchilari hasharchilar o‘rnini qoplash uchun terimga safarbar etilgan.

Paxta mavsumi boshida O‘zbekiston hukumati bolalar mehnatidan foydalanishni ta‘qiqlashga ko‘rsatma bergan, hatto bunga yo‘l qo‘ygan amaldorlarni jazolashni va‘da qilgan edi. Biroq, shunga qaramay Qashqadaryo viloyati tumanlarida bolalarni paxta terimiga safarbar qilish, jajji qullar mehnatidan foydalanish holatlari kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG