Линклар

O‘shlik 9-sinf o‘quvchisi sinfdoshlarini Suriyada jihod qilishga chorladi


Suriya va Iroqda o‘nlab qirg‘izistonliklar jang qilayotgani ma‘lum.

Suriya va Iroqda o‘nlab qirg‘izistonliklar jang qilayotgani ma‘lum.

O‘shlik 9-sinf o‘quvchisi o‘z sinifdoshlarini Suriyaga borib, jihodchilar saflariga qo‘shilishga targ‘ib qilgani aniqlangan. Bu borada Ozodlikka O‘sh shahar Ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov ma‘lum qildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yili Rossiyaga ketgan o‘quvchi “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i orqali sinfdoshlarini Suriyadagi janglarda ishtirok etishga chaqirib kelgan. Hasanboy ismli o‘smir bu janglarda qatnashish har bir musulmon uchun farz ekanini ta‘kidlab, Suriyada tushirilgan radikal islomiy chaqiriqlar foto va videolarni yuborib turgan. U o‘z do‘stlaridan bu materiallarni boshqa o‘quvchilarga tarqatishni xam so‘ragan.

Hozircha do‘stlarini jihodga chorlagan maktab o‘quvchisining ismi Hasanboy ekani ma‘lum xolos. U do‘stlari bilan aloqaga goh, Rossiya goh Turkiya orqali aloqaga chiqib turgani bois uning hozir qayerda ekanligi noaniq qolmoqda.

29 oktabr kuni O‘sh shahridagi maktablarining birida 9-sinfda o‘qigan 3 o‘quvchi hamda ularning ota-onalari va maktab rahbari, tushuntirish ishlari olib borish maqsadida, shahar ichki ishlar boshqarmasiga olib kelingan. Bu borada Ozodlikka O‘sh shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Zamir Sidiqov gapirib berdi.

- Bu o‘quvchilarning sobiq sinfdoshi 8-sinfni tamomlab, o‘qishni tashlagan va “Rossiyaga ishlagani ketdim”, deb ketganidan beri ular bilan Internet orqali aloqada bo‘lgan xolos. Bu bola sinfdoshlarini Suriyadagi jihodga qo‘shilishga targ‘ib qilgan. U do‘zax azobi bilan qo‘rqitib, foto va video materiallar yuborib ularga ruhiy bosim o‘tkazgan. Biz ularni chaqirib, tushuntirish ishlarini olib borgandan so‘ng qo‘yib yubordik. Hozir yozgan bolaning shaxsi aniqlangan. Uning kim ekanini bilamiz. U avval ota-onasi ajrashgani sababli og‘ir ijtimoiy ahvolda yashagan bola ekan. Bu borada operativ ishlar olib borilmoqda va hozircha boshqa ma‘lumotlarni aytishga erta,- dedi Zamir Sidiqov.

Hozircha surishtiruv ishlari olib borilayotgani sababli Hasanboyning qaysi maktab o‘quvchisi ekani ochiqlanmayapti.

Ozodlik Hasanboy o‘qigan maktabni aniqladi. Lekin maktabning ijtimoiy pedagogi Mahammadjon Oxunov, maktab raqamini ochiqlamasligimiz sharti bilan Ozodlikka bergan suhbatida, hozirda O‘sh maktablarida o‘quvchilar turli diniy oqimlarga qo‘shilishi oldini olish bo‘yicha choralar kuchaytirilganini gapirib berdi:

- Maktab rejasida “Diniy ekstremizmga qarshi degan” maxsus tarbiyaviy rejalar tuziladi. Vaqti-vaqti bilan shu reja asosida o‘quvchilar orasida tushuntirish ishlari olib boriladi. Ba‘zi hollarda dinni yaxshi bilgan va maktab yaqinida bo‘lgan masjid imomi yoki otinchalar, dunyoviy hamda diniy bilimga ega bo‘lgan odamlarni taklif qilib davra suhbati yoki savol-javob o‘tkaziladi. Bundan tashqari, terrorizm bo‘yicha maxsus disklar bor o‘quvchilarning yoshiga mo‘ljallangan. Shu narsalar ko‘rsatiladi,- dedi Maxammadjon Oxunov.

O‘shda maktab o‘quvchisining Suriyadagi jihodchilar safiga qo‘shilishga chaqirganib bilan bog‘liq hodisa ilk bor kuzatimoqda. Hasanboy o‘z do‘stlarini Suriyadagi qaysi guruhga qo‘shilishga chaqirgani hozircha mavhum bo‘lib qolmoqda. Lekin Suriya va Iroqda katta hududlarni egallab olgan "Islomiy davlat" ekstremist guruhi safida o‘nlab qirg‘izistonliklar jang qilayotgani ma‘lum.

Suriyada Qirg‘izistonning o‘zlarini “jihodchi” deb atagan 80ga yaqin fuqarosi, jumladan, 10ga yaqin ayol borligi aytiladi. Qirg‘iziston rasmiylarining bildirishicha, yil boshidan beri Suriyaga odam yollash bo‘yicha 15ta fakt aniqlanib, 8ta jinoyat ishi ochilgan.

XS
SM
MD
LG