Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:04

O‘zbek imomlari: Qur‘onni o‘zbekchaga o‘girgan ilk olim - Oltinxonto‘ra


O‘tgan asrda yashagan yana bir yirik Islom olimi - Markaziy Osiyo musulmonlari orasida ilk bor Qur‘oni karim ma‘nolarini turkiy tilga o‘girgan va muxtasargina izohi bilan eski o‘zbek yozuvida chop ettirgan sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziy - Oltinxonto‘ra "O‘zbek imomlari" ruknining navbatdagi qahramonidir.

O‘zbek xalqi orasida Oltinxonto‘ra nomi bilan tanilgan sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziy shu kunda so‘zlashayotganimiz o‘zbek tiliga Qur‘on ma‘nolarini ilk bor tarjima qilgan va izohi bilan birga eski o‘zbek yozuvi - arab imlosida chop ettirgan yetuk olimdir.

Bu kishi 1917-yillardan so‘ng sho‘‘ro hukumatining dindorlarga nisbatan boshlagan respressiyasiga nishon bo‘lgan va ta‘qiblar ortidan 1930-yillarda Turkistonni tark etgan. Umri davomida Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va Saudiya Arabistonida yashagan.

Muhojirat yillarida Islom ilmidan juda ko‘plab asarlar yozgan va uning Qur‘oni karim ma‘nolarining turkiy tilga izohli tarjimasi sobiq sovet zamonlarida Haj safariga borgan o‘zbekistonlik ziyoratchilar orqali 1970-yillarda O‘zbekistonga kirib kelgan.

Bu tarjima shu kunlarda tanilgan aksar o‘zbek ulamolari, ayniqsa, Qur‘oni karim ma‘nolari tarjimasiga qo‘l urgan olimlar uchun ilk ilmiy-amaliy qo‘llanma, nodir manba vazifasini o‘tagan.

Oltinxonto‘raning tafsiri eski o‘zbek imlosidan kirill imlosiga o‘girilgan va ayni paytda O‘zbekistondagi diniy ta‘lim muassasalarida darslik sifatida qo‘llaniladi.

Sayyidlar avlodi

Sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziy - Oltinxonto‘ra 1896 yilda Qozog‘istonning bugungi avlodga Jambil, deb tanilgan qadimiy Taroz shahrida tug‘ilgan.

U kishining hayoti haqida ma‘lumot juda oz. Bu kishi haqida o‘zbek tilida ma‘lumot berilgan Internetdagi qariyb yagona manba - Siyrat.uz saytida berilishicha, Mahmud Taroziyning otasi sayyid Nazir Qur‘oni karimni to‘liq yod olgan va hadis ilmining bilimdoni sifatida nom qozongan ahli ilmlardan biri bo‘lgan.

Ammo, 1933 yillarda boshlangan qatag‘onning dastlabki yillarida hibsga olingan va hibsdan nari bedarak ketgan.

Otasiz qolgan Mahmud Taroziy kichikligidanoq Qur‘on tilovatiga mehr qo‘yadi va puxta o‘zlashtiradi. Otasi hibsga olinguniga qadar otasidan ilm oladi, keyin esa o‘sha kezda Namanganda nom taratgan ulamolardan biri — shayx ibn Kamol ibn Nosirxon To‘ra Kosoniy va o‘sha davrada tanilgan boshqa ahli ilmlardan saboq oladi.

Keyin esa Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasida, keyinchalik Buxoro madrasalarida tahsil oladi. U Qur‘on, hadis, fiqh ilmini o‘rganish bilan bir qatorda arab, turk, fors tillarini o‘zlashtiradi.

21 yoshida Tarozda shahrida maktab ochadi va keyinchalik Taroz shaharidagi madrasada mudarrislik qiladi. O‘sha paytdayoq shuhrat qozonib, nomi Turkiston, Chimkent, Sayram tomonlarda tanila boshlaydi.

Sho‘rolar ta‘qibi

Shuhrati Tarozdan oshib, Turkistonga yoyila boshlagan Mahmud Taroziy Farg‘ona vodiysining Qo‘qon va Namangan shaharlaridagi ahli ilmlar bilan aloqalar quradi. Hatto, namanganlik ahli ilmlardan birining qiziga uylanadi.

Muddaris Taroziy nomi bilan tanilgan olim 34 yoshga kirganida sobiq sho‘ro tizimini o‘rnatgan va 1917 yilda chor hukumati o‘rnini olgan bolsheviklarning dindorlarga qarshi Turkistonda ham ta‘qiblari avj oladi.

Bir necha bor hibsga olingach, maktabi tintilib, mudarrislik faoliyati to‘xtatilgach, sayyid Mahmud Taroziy - u davrga kelib esa Oltinxonto‘ra nomini ham olib ulgurgan yoshgina mudarris - Turkistonni tark etib, muhojiratga yuz tutadi.

Muhojirat

Markaziy osiyolik aksar ahli ilmlarni tanigan va ularning kitoblari, qo‘lyozmalarining O‘zbekistondagi ilm dargohlariga darslik sifatida kirib borishiga hissasini qo‘shgan ulamo, shayx Abdulaziz Mansur Mahmud Taroziyning hijratiga oid ba‘zi ma‘lumotlarni so‘zlab berdi:

- Qatag‘onda yurtdan chiqib ketgan ekanlar Oltinxonto‘ra, shu 30-yillarda. Shoshilinch ketganlarida xotini va o‘g‘ilini qoldirib ketganlar. Keyinchalik men u kishining o‘g‘illarini ko‘rganman. Yangiyo‘lda yashardi. Biz Haj ziyoratiga borib kelganimizdan keyin bizni ziyorat qilgani kelgan. Shunda tanishib, gaplashganmiz. Muhojiratda vatandoshlarimizning farzandlariga dars berib, kitoblaryozib, tafsir va boshqa kitoblar yozgan, shoirliklari ham bo‘lgan, - deb xotirlaydi Abdulaziz Manzur.

Shayx hazratlari bergan ma‘lumotga ko‘ra, sayyid Mahmud Taroziy umri davomida turkiy tilda ko‘p kitob yozgan va arab tilidagi ayrim diniy-ilmiy asarlarni o‘quvchi uchun tushunarli bo‘lsin, degan niyat bilan she‘rga solib turkiy tilga o‘girgan.

- Turkiy tilda ko‘p kitoblaryozganlar. Aqoid ilmini nazmga solganlar. U kishining kitoblari Hindiston, Afg‘oniston va Saudiya Arabistoni turkiy tilda chop etilgan. Ko‘plab turkiy xalqlarga tarqalgan. Shu muhojiratdagi umri davomida ilmni vatandoshlariga tarqatish dardi bilan yashab o‘tganlar. Hech ham buyoqqa kela olmaganlar. Mustaqillikdan oldin olamdan o‘tib ketdilar, - deydi shayx Abdulaziz Mansur.

Yot o‘lkada qozonilgan mavqe

Ayrim tarixiy manbalarda sayyid Mahmud ibn NazirTaroziyning bir muddat Qobulda yashagani va 1932-yillarda Afg‘oniston Maorif vazirligida maslahatchi bo‘lib ishlagani aytiladi. Bu haqda Ozodlikda Siyrat.uz saytida siyrat uzda berilgan ma‘lumotlardan boshqa ma‘lumot yo‘q:

“Keyinchalik olim Afg‘onistondan haj safariga yo‘lga chiqadi keyin Hindistonga borib, Bombayning musulmonlar yashaydigan joyida muqim turib qoladi. U yerda mahalliy masjidlardan birida imomlik qiladi. Shu tarzda Bombayda 10 yil yashab, yetuk tasavvufshunos olim va muhaddis bo‘lib taniladi”.

Bu ma‘lumotlardan ko‘rinadiki, iqtidorli olim qaysi yurtga borsa, arab, fors tillari va Islom ilmini chuqur bo‘lgani bois, qisqa muddatda ziyolilar qatlamiga tanilgan. Din yo‘lidagi g‘ayrat-shijoati bois, darhol o‘z o‘rnini topgan va xizmatini to‘xtovsiz davom ettirishga uringan.

1940 yillardan keyin Hindistonda Britaniya imperiyasidan ozod bo‘lish uchun kuchaygan milliy-ozodlik harakatlari bois yuzaga kelgan siyosiy notinchliklar ortidan Mahmud Taroziy Arabistonga ketadi va dastlab, Makka shahrida xususiy maktab ochadi. O‘zi kabi Turkistondan qochib kelgan muhojirlarning farzandlari va mahalliy aholining bolalariga arab, fors tillari, Islom ilmi va Qur‘ondan dars beradi.

Qur‘on tarjimasi

1950 yillar boshida Saudiya Arabistoniga o‘rnashgan olim asosiy e‘tibori, imkoniyatini Qur‘on tarjimasi va tafsiriga qaratadi. Tez orada Qur‘onni turkiy tilga tarima qiladi va muxtasargina izohi bilan kichik bir tafsir tarzida chop etadi.

Bu kitobni mutolaa qilgan va undan ilk ilmiy manbalardan biri sifatida foydalangan qirg‘izistonlik ulamo, Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasining sobiq raisi Sodiq qori Kamolov xotirlaydi:

- Bu kishi hijratdagi o‘zbek va turkistonlik birodarlarning nihoyatda ko‘pligini, o‘zbek muhojirlarning ko‘pligini e‘tiborga olib: “Shular Qur‘oni karimdan bebahra qolmasin, faqat hijratda tirikchilik orqasidan yurib, o‘zining dinidan, Qur‘onidan uzoqlashib ketmasin” degan niyat bilan o‘zbek tiliga birinchi bo‘lib, Qur‘onni tarjima va tafsir qilgan kishi Oltinxonto‘ra hisoblanadi. O‘rta Osiyoda Qur‘onni o‘zbek tiliga tarjima qilgan kishilar o‘sha kishining tafsiridan ko‘chirib, foydalanib, kirill harfiga o‘girib, yozishgan. Hozirgi tarjimalarning 80-90 foizi Oltinxonto‘ra tafsiridan olingan, - deb hisoblaydi Sodiq qori Kamolov.

Sodiq qori o‘z bisotida Oltinxonto‘raga oid tarjima va muxtasar tafsir hozir ham borligi va shun kunda ham tez-tez bu asarga murojaat qilishini aytadi.

- Arab harfi bilan, eski turkiy til deb qo‘yamiz, eski o‘zbek imlosidayozilgan. Bu kishining kitoblari ko‘p marotaba Pokistondagi bosmaxonalarda bosilib, ahli xayrlar, boy kishilar orqali Hindiston, Pokiston, Turkiya, Saudiyaga tarqatilgan. Saudiyaning Jidda shahrida ham qayta-qayta bosilib, tarqatilgan. Bu tafsir o‘sha davrga nihoyatda kerak bo‘lgan, ozuqa bo‘lgan. Hamma chanqoqlik bilan o‘qigan va o‘qitgan. Bizlarning O‘rta Osiyoda ayollar o‘rtasida ham, erkaklar o‘rtasida ham, o‘smirlar o‘rtasida ham Qur‘oni karim o‘sha tafsir orqali o‘qitilgan, - deydi Sodiq qori Kamolov.

Oltinxonto‘ra tarjimasining ahamiyati

Taroziy hazratlaridan qolgan Qur‘on ma‘nolarining tarjimasi va tafsiri bu manbani o‘zbek tiliga o‘girgan yana bir olim shayx Abdulaziz Mansur uchun qimmatli qo‘llanma bo‘lgan.

Shayx Abdulaziz Mansur ham "Qur‘oni karim ma‘nolarining tarjima va tafsiri" muallifidir.

Shayx hazratlari Oltinxonto‘ra o‘girgan Qur‘on ma‘nolari tarjimasining ba‘zi muhim jihatlariga to‘xtaladi:

- U kishi izohli tarjima qilganlar. Mana bizning qo‘limizda bor u kitobdan. Oyatlarni so‘zma-so‘z tarjima qilganlaridan keyin alohida yana kitob hoshiyasida izohini ham berganlar, ba‘zi oyatlarni sharhlab ketganlar. Bu kishiga qadar biz hozir gaplashib turgan tilimizga yaqin bitta manba bor edi. Uni "Tafsirul bayon" deyishgan. Tatar olimlarining tarjima va tafsiri. O‘zbeklar tushunsa bo‘ladigan bo‘lgani uchun o‘sha "Tafsirul bayon" kitobini biznikilar bilishgan. Lekin hozirgi biz gaplashib turgan o‘zbek tilidagi ilk tarjima va tafsir Oltinxonto‘raning kitobidir. 1991 yilda Ismatullo Abdullayev domlamiz bu kitobni hozirgi kirill harfiga ag‘darganlar, - deydi Abdulaziz Mansur.

"Oltinxonto‘ra" nomining berilishi

Sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziyga "Oltinxonto‘ra" nomi 21 yoshdan endigina oshgan kezlarida Farg‘ona vodiysidagi olimlar tomonidan berilgan xotirlanadi.

- Bilasizmi nima uchun u kishini "Oltinxonto‘ra" deyishgan? Asl ismlari Mahmud u kishining. Lekin, oltindek kamyob bir olim, deb bilishgani uchun O‘rta Osiyo ulamolari bu kishigayosh paytlarida shunday nom berishgan. Ziyovuddinxon Boboxon hazratlarining dadalari Eshon Boboxon, uning atroflaridagi safdoshlari, katta ulamolar bu kishiga "Oltinxonto‘ra" deb nom berishgan, - deydi Sodiq qori Kamolov.

Turkiston qayg‘usi

Sho‘‘rolar istibdodidan qochgan aksar olimlar kabi Sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziy umri davomida Turkistonga qaytish orzusida yashadi.

U kishini Saudiyada ziyorat qilgan Sodiq qori Kamolov birinchi va so‘nggi uchrashuvini yaxshi xotirlaydi:

- 1980 yili Liviyada o‘qib turgan vaqtimizda o‘sha yerdan Hajga borganmiz. Shunda ilgarigi sovet ittifoqidan to‘plangan hojilarga O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idora raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon Boboxon hazratlari bosh bo‘lganlar. Rahmatli Ziyovuddin qori aka: “Oltinxonto‘rani ziyorat qilaylik, kasal ekanlar”, dedilar. Madinada Oltinxonto‘raning uylarida bo‘lganmiz. Uylarida ziyorat qilganmiz. Ikki-uch soat davomida suhbatlashib o‘tirganmiz, - deb xotirlaydi Sodiq qori Kamolov.

O‘sha kezda Oltinxonto‘ra 80 yoshdan oshgan edi.

- Xotiralari nihoyatda tiniq, hatto ko‘zoynak tutmasdan kitoblardan ba‘zi bir narsalarni ko‘rsatganlari esimda. 80 yoshdan oshgan davrlari ekan o‘shanda. Kasal ekanlar. 1980-yili uylarida ko‘rishgan bo‘lsak, ikkiyoki uch yildan keyin vafot qilganlar. Shunda aytuvdilar, o‘g‘lim Toshkentda, deb. O‘g‘illariga ba‘zi bir hadyalar, ba‘zi bir xat-xabarlarni muftiy orqali berib yuborganlari esimda, - deydi Sodiq qori Kamolov.

Sayyid Mahmud ibn Nazir Taroziy – el tilida esa Oltinxonto‘ra, deb ulug‘langan olim O‘zbekiston mustaqilligi e‘lon qilinishidan ikki oy oldin - 1991 yil 26 iyun kuni vafot etgan.

Meros

Olim o‘zidan anchagina ilmiy va adabiy meros qoldirgan:

- Qur‘oni karim ma‘nolarining Turkiston tiliga izohli tarjimasi;
- “Nurul basar” nomli siyrat kitobi;
- Imom Navaviyning “Riyozus solihin” kitobining izohli tarjimasi;
- Imomi A‘zamning “Al-fiqhul akbar” kitobining izohli tarjimasi;
- Abu Iyso Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining izohli tarjimasi.

Bular orasida ahli ilmlar orasida eng ko‘p tarqalgan kitobi “Nu

ul basar” nomli kitobidir.

O‘zbek imomlari haqida Ozodlikka bildiring!

Shu vaqtgacha hikoya qilganimiz yigirmaga yaqin o‘zbek ulamosi haqidagi ma‘lumotlarni siz aziz mushatriy ko‘magida yig‘dik va buning uchun sizlarga chuqur minnatdorchilik bildiramiz!

Sizda ham qo‘shimcha ma‘lumotlar bo‘lsa, marhamat, murojaat qiling:

ozodlikmail@gmail.com, isakovab@rferl.org
+420 221 123 437, +420 608 549 460

XS
SM
MD
LG