Линклар

Mas‘ullar bolalar paxta terishga zo‘rlangan atigi 8 holatni aniqladi


Samarqand viloyati Payariq tumani Eshimso‘qmoq qishlog‘ida maktab bolalari paxtada, 14-oktyabrь 2014 yil.

Samarqand viloyati Payariq tumani Eshimso‘qmoq qishlog‘ida maktab bolalari paxtada, 14-oktyabrь 2014 yil.

Paxta terimida bolalar mehnatidan majburan foydalanish hollarini aniqlashga mas‘ul milliy monitoring guruhi yosh bolalar dalada ishlayotganiga oid 49 ta holat qayd etilgani, 41 holatda bolalar o‘z xohishi bilan dalaga chiqqani aniqlanganini da‘vo qildi. Bu xulosani XMT ekspertlari ham qo‘llab turgan bir paytda qator viloyatlarda o‘quvchilar yana dalaga quvildi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Toshkentda yashaydigan eksperti Harri Taliga O‘zbekistonda bolalar mehnatidan majburiy foydalanishga oid ahvol sezilarli ravishda yaxshilanayotgani haqida bayonot berdi.

XMTning 2014-yilda paxta dalalarini kezgan eksperti Harri Taliga

XMTning 2014-yilda paxta dalalarini kezgan eksperti Harri Taliga

Rasmiy manbalarda Harri Taliga va XMTning yana bir eksperti Viking Xusberg bu yil hukumat tayinlagan monitoringchilar bilan birga Jizzax va Sirdaryo viloyatlari paxtazorlarida bo‘lgani xabar qilindi.

2008 yilda O‘zbekiston hukumati Bolalar mehnatidan majburiy foydalanishga qarshi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qilgan va O‘zbekistonda bolalar majburiy mehnatini to‘xtatishni da‘vo qilgan milliy dasturni tasdiqlagan.

Ana shu dastur asosida 2013 va 2014 yillar davomida paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnatidan majburan foydalanish hollarini aniqlovchi milliy monitoring guruhlari tashkil qilinmoqda.

XMT tavsiyalari asosida tuzilgan milliy monitoring guruhi sentabr-oktabr oylarida respublika paxta dalalarida 18 yoshdan kichik terimchilar yurganiga oid 49 ta holat aniqlanganini da‘vo qilmoqda.

41 holatda voyaga yetmagan terimchilar o‘zi yoki ota-onasining istagi bilan paxta dalasiga chiqqani aniqlangani aytildi. Qolgan 8 holatga mas‘ul kollej rahbari va fermerlarga 12 million so‘m (5 ming AQSh dollari) miqdorida jarima solingan.

Ayni paytda, voyaga yetmagan bolalar qayerda va kim tomonidan paxta terimiga majburan jalb qilingani yoki bunga mas‘ul shaxslar kim ekaniga oid aniq ma‘lumot berilmadi.

Ammo, Harri Taliga XMT talablari va texnik maslahati yordamida tashkil qilingan milliy monitoring guruhi xalqaro talablarga mos ravishda ishlagani va ushbu guruhning xulosasi XMT hisobotlarida qayd etilajagini aytmoqda.

AFP agentligiga bergan intervyusida Taliga: "Aytishim mumkinki, O‘zbekiston paxta terimi mavsumida bolalar mehnatidan majburiy foydalanishga oid vaziyatni aniqlash bo‘yicha juda yaxshi monitoring o‘tkazdi. Vaziyat yaxshilanmoqda", deb e‘tirof etgan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rasmiy saytida yozilishicha, milliy monitoring guruhlari tarkibiga Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, hududiy nodavlat tashkilotlar vakillari jalb etilgan. Jami 8 ta hududiy ishchi guruhi tuzilgan.

Xususan, ayni manbada XMT ekspertlari – Viking Xusberg va Xarri Talliga 29-30 sentabr kunlari Jizzax tumanidagi “Zafar Diyor” fermer xo‘jaligi hamda Iqtisodiyot kasb-hunar kollejida, Sirdaryo viloyatidagi Xovos transport kollejida bo‘lgani, u yerda olib borilayotgan monitoring jarayonidan qoniqish his qilgani rasman xabar qilindi.

Paxta terimi kampaniyasi davomida O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi Ozodlik manbalari va oddiy terimchilar monitoring guruhlari borgan va paxtazorga kirgan hududlardan xabarlar yo‘llab turdi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bu guruhlar avvaldan tanlagan hamda xabardor qilingan fermer xo‘jaliklari, kasb-hunar kollejlari va litseylarda monitoring o‘tkazgan.

Natijada, XMT ekspertlari hamrohligidagi Milliy monitoring guruhlari kelishi oldidan paxta terimiga chiqarilgan kollej va litsey o‘quvchilari hamda ularning o‘qituvchilari bilim dargohlariga qaytarilganiga oid holatlar Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida qayd etildi.

Ayni paytda Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ milliy monitoring guruhi ketishi bilan aksar viloyatlarda kollejlarning 1-2-bosqich o‘quvchilari barobarida maktablarning yuqori sinf o‘quvchilarini paxtaga chiqarish holatlari yana ko‘paygan.

Bu holatni tasdiqlagan mahalliy hokimiyat mutasaddilari respublika rejani bajargan bo‘lsa-da, "yuqoridan terimni davom ettirish haqida topishiriq berilayotgani", buning uchun aholning deyarli barcha qatlami maksimum terimga safarbar qilinayotganini tan olmoqdalar.

Ayni paytda, paxta terimiga majburiy safarbar etilgan o‘quvchilar, talabalar, turli byujet tashkilotlarida ishlovchi hasharchilarning turli xil falokatlarga uchrashi joriy yilda ham ko‘p sodir bo‘lmoqda. Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan paxta qurbonlari soni esa bu yil 19 nafarga yetdi.

Ana shunday qurbonlar hisobiga O‘zbekistonda yig‘ilgan bu yilgi paxta xirmoni 3 million 300 ming tonnani tashkil qildi. O‘zbekiston dunyoga paxta eksport qiluvchi beshinchi yirik davlat hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG