Линклар

logo-print

Germaniya harbiylarining Termiz harbiy havo bazasidan foydalanishi haqidagi shartnoma 31 oktabr kuni tugashi arafasida kelishuv muddati uzaytirildi. Biroq Germaniya va O‘zbekiston Mudofaa vazirliklari shartnoma qancha muddatga, qanday shartlar asosida uzaytirilgani va bazaning ijara haqi yiliga qancha bo‘lishi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni oshkor qilmadi.

Germaniyadagi Die Welt nashri joriy yil iyunida O‘zbekistonning Termiz harbiy havo bazasi yaqinida Germaniya armiyasiga qarashli yuk tashuvchi vertolyotning yerga qulagani nemis harbiylarining Termiz bazasidan foydalanishi haqidagi shartnomani uzaytirish borasida olib borilayotgan so‘zlashuvlarni murakkablashtirganini ma‘lum qildi.

Nashrga ko‘ra, nemis harbiylarining Termiz bazasidan foydalanishi haqidagi shartnomaning muddati 31 oktabrgacha bo‘lgan.

Germaniya Mudofaa vazirligi (Bundesver)ning o‘z ismi oshkor etilmasligini so‘ragan mulozimi, Ozodlik bilan suhbatda, nemis harbiylarining Afg‘oniston chegarasiga yaqin joylashgan Termiz harbiy havo bazasidan foydalanishiga huquqiy asos bo‘ladigan shartnoma muddati uzaytirilganini tasdiqladi.

- Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, shartnoma uzaytirilgan. O‘rtada uzilish yo‘q. Shartnoma tafsilotlari haqida to‘liq ma‘lumotga ega emasman. Hozir bu haqda boshqa hech narsa ayta olmayman,- dedi Bundesver rasmiysi.

Germaniya Mudofaa vazirligining boshqa rasmiysi, Ozodlik bilan suhbatda, Termiz bazasi ijarasi haqidagi shartnoma ommaviy axborot vositalarida muhokama qilinmasligi to‘g‘risida kelishib olingani bois ma‘lumot bera olmasligini, ta‘kidladi.

- O‘zbekiston va Germaniya Mudofaa vazirliklari muhokama qilgan Termiz bazasi masalasini biz hozir ochiq muhokama qila olmaymiz. Chunki tomonlar shu haqda kelishib olgan. Bu Termiz bazasining ijara haqi masalasiga ham tegishli,- deya bayon qildi Bundesver mulozimi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ham nemis harbiylarining Termiz bazasidan foydalanish muddati uzaytirilgani haqida Ozodlikka ma‘lumot bermadi.

Afg‘onistonga joylashtirilgan NATO yetakchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining jangovor qismlari 2014 yil oxiriga qadar bu mamlakatdan olib chiqilishi rejalangan.

Bundesver rasmiysining Ozodlikka ma‘lum qilishicha, shu kunlarda Afg‘onistonning shimoliy viloyatlarida 1600 nafar nemis harbiylari bor. 2015 yilda ular soni yarmidan ko‘proqqa qisqartirilishi rejalangan.

Germaniya Mudofaa vazirligi rasmiysi NATOning jangovor qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilishiga qaramay, Termiz nemis harbiylari uchun muhim baza bo‘lib qolishini urg‘uladi.

- Xalqaro tinchlikparvar kuchlarning Afg‘onistondagi missiyasi tugatishiga qaramay, biz muhim bo‘lgan qo‘llab-quvvatlash vazifamizni davom ettiramiz. Bu esa, Termiz muhim strategik havo bazasi bo‘lib qolishini anglatadi,- dedi Bundesver rasmiysi.

Suhbatdosh Afg‘onistonda nemis harbiylari soni qisqartirilishiga qaramay, hozir Termiz havo bazasida faoliyat yuritayotgan 110 nafar nemis harbiylari sonini kamaytirish rejalanmaganini qo‘shimcha qildi.

Germaniya harbiylari Termizda bazaga 2002 yil 15 fevralida joylashtirilgan. Dastlab Germaniya hukumati baza ijarasi uchun O‘zbekistonga oyiga 240 ming yevro haq to‘lagan.

2005 yilda Germaniya ayni baza ijarasi uchun yiliga 12 million 400 ming yevro to‘lagan.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida 2011 yilda erishilgan kelishuvga muvofiq, Germaniya Termiz bazasi uchun to‘lanadigan yillik ijara haqini 15 million 950 ming yevroga ko‘targan.

XS
SM
MD
LG