Линклар

Toshkentning Chilonzor tumanida “umuman tok yo‘qligi, svetoforlar ishlamayotgani, mashinalar tiqilib ketgani” to‘g‘risida Ozodlikka bir-biridan mustaqil bir necha manba xabar qildi. Shahar ko‘chalariga svetoforlar o‘rnatuvchi korxona vakili Chilonzor tumanida svetoforlar o‘chib qolayotganini tan olar ekan, bu holatni nafaqat elektr energiyasi ta‘minotidagi uzilishlar, balki tuman yo‘llarida olib borilayotgan rekonstruktsiya ishlari bilan ham izohladi.

Chilonzordagi vaziyat to‘g‘risida xabar qilgan mushtariy bilan 3 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan kunduz soat 12.55 da bog‘landik.

Ertalab soat 9 da o‘chgan svetoforlar suhbatdoshimiz biz bilan gaplashib turgan daqiqada ham ishlamayotgan edi. “Yakshanba kuni ham soat 9 dan 12 gacha ishlamagan”, dedi manba.

3 noyabr kuni Chilonzordagi ahvol Uchtepa tumani ko‘chalarida ham kuzatildi.

Ozodlikka yetib kelgan bu ma‘lumotlarni tekshirgan mushtariymizga ko‘ra, kunning ikkinchi yarmiga qadar tumanda bank muassasalari, shifoxonalar va maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining ko‘pchiligi ishlamagan.

Biroq Chilonzor 20 A, 4 a manzilida joylashgan bank xodimi biz bog‘langan vaqtda elektr energiyasi borligini, chiroq bundan 3 kun oldin – juma kuni 2 soat bo‘lmaganini aytdi.

Ayni paytda Chilonzordagi ko‘pchilik muassalalarda chiroq tez-tez o‘chishi odatiy holatga aylanib bormoqda.

Tumandagi “Orom-lyuks” mas‘uliyati cheklangan jamiyati xodimiga ko‘ra, bir necha kundan beri takrorlanayotgan bu holatni Toshkent shahar Elektr tarmoqlari idorasi tumanlarga elektr energiyasini yetkazib berishga cheklov joriy etilgani bilan izohlamoqda.

“GorPESga (shahar elektr tarmoqlari korxonasi-tahr.) qo‘ng‘iroq qilsak javob berishmaydi, bugun bir xodimimiz borib keldi. Biz aholiga sauna xizmatini ko‘rsatamiz, bugun tushgacha mijozlarimiz kelib, qaytib ketishdi. Bir necha kundan beri ahvol shu. Nima emish, ogranicheniye bormish. Boshqa tumanlarda ham shu ahvol. Biz ham mayli, yonimizdagi chorrahada avtomobillar bilan yuzaga kelayotgan tartibsizlikni aytmaysizmi? Svetoforlar ishlamayapti, GAIlar harakatni tartibga solishga qiynalmoqda”, deydi “Orom-lyuks” xodimi.

Ozodlik muxbiri o‘zini “Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi 2-batalyon inspektori Usmonov”, deb tanishtirgan xodim bilan muloqot qildi.

Inspektor 3 noyabr kuni poytaxtda yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir va elektr energiyasining yo‘qligi yo‘l harakatini boshqarishda jiddiy muammolar tug‘dirayotganidan yozg‘irdi.

“Ertalabdan beri tinkam qurib ketdi. Haydovchilar bebosh, bir-birini urib ketay, deydi. Mana shu chorrahaning (Bunyodkor va Cho‘ponota ko‘chalari kesishmasi nazarda tutilmioqda — tahr.) o‘zida 7 ta yo‘l transport hodisasi ro‘yxatga olindi. Agar svet bo‘lmay ahvol shu tariqa davom etadigan bo‘lsa, shahar yo‘l harakatini video orqali nazorat qilish ham befoyda”, dedi Usmonov.

Chilonzor tumani Qatortol ko‘chasida joylashgan “Sanoatqurilishbank”ning pul o‘tkazmalari shoxobchasi xodimasi Larisaning ta‘kidicha, shoxobcha svet yo‘qligi sababli mijozlarga xizmat ko‘rsatmadi.

Tumandagi Toshkent shahar Shoshilinch Tez Tibbiy Yordam markazining reanimatsiya va qabul bo‘limlaridan tashqari aksariyat binolarida 3 noyabr kuni svet bo‘lmadi.

Ozodlik Toshkent ko‘chalariga svetofor o‘rnatuvchi korxonaning o‘zini tanishtirmagan xodimi bilan bog‘landi.

Uning aytishicha, svetoforlarga elektr energiyasi bilan ta‘minlash uchun alohida sim tortilmagan. Ya‘ni svetofor o‘rnatilgan hududda chiroq bo‘lmasa, svetoforlar ham yonmaydi.

Chilonzorda svetoforlar ishlamayotganining yana bir sababi to‘g‘risida aytdi “svetoforchi”:

- Hozirda svetoforlar tizimi rekonstruktsiya qilinmoqda, bu ta‘mir shahar markazi, shu jumladan Chilonzorda olib borilmoqda. Shuning uchun eski svetoforlar yomon ishlamoqda.

Toshkent ko‘chalariga svetofor o‘rnatuvchi korxona vakilining fikricha, ahvol Yangi yilgacha o‘nglanib qolishi mumkin.

Biroq Toshkentdagi manbamiz vaziyatni o‘rganar ekan, poytaxt ko‘chalaridagi og‘ir vaziyatning asosiy sababi energiya ta‘minotidagi cheklovlardir, degan xulosaga keldi.

Toshkent shahar Elektr Tarmoqlari Idorasining nomini ochiqlamagan xodimiga ko‘ra, poytaxt tumanlarining daha va mahallalari elektr energiyasi ta‘minotiga shaxmat shaklida cheklovlar joriy qilingan.

O‘tgan haftada poytaxtning Yashnobod va Mirobod tumanlari, bu haftada Chilonzor va Uchtepa tumanlarida ana shunday ahvol kuzatildi. Keyingi haftada Olmazor va Yunusobod tumanlarida cheklanishlar bo‘lishi mumkin. Xodim bu holning sabablarini izohlay olmasligini aytdi.

O‘zbekistonda keyingi yillarda kuzatilayotgan energiya taqchilligi bu yil yanada kuchaygani Ozodlikka yetib kelayotgan xabarlardan ko‘rinib turibdiki, ular bilan Zimiston.uz jonli blogi orqali tanishib borishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG