Линклар

logo-print

Farg‘onada pul yo‘qligi vajidan bola puliga hujjat qabul qilinmayapti


Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi "Maslahat" qishloq fuqarolar yig‘ini eshigiga osilgan e‘lon.

Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi "Maslahat" qishloq fuqarolar yig‘ini eshigiga osilgan e‘lon.

Farg‘onaning Buvayda tumanida 2-14 yoshgacha bo‘lgan bolalar puli va ehtiyojmand oilalar uchun moddiy yordam so‘ralgan hujjatlar qabul qilinmayotir. Tumandagi "Maslahat" qishloq fuqarolar yig‘ini sentabr, oktabr, noyabr va dekabr oylari uchun davlat ajratgan pul tugagani bois, hujjat olmasligini ochiq e‘lon qildi. Aholining 4 oylik haqqi keyinchalik beriladimi yoki yo‘qmi - noma‘lum qolmoqda.

Buvayda tumanidagi "Maslahat" qishloq fuqarolari yig‘inida istiqomat qiluvchi 26 yashar ota (ismi sir saqlanmoqda - tahr.) 2 yoshgacha bo‘lgan bolasiga nafaqa pulini olish uchun kiritgan so‘rovi rad etilganidan Ozodlikka arz qildi:

- 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan bola puliga limitimiz tugadi, deb aytishdi. Keyin berasizlarmi, desam shu oyniki qarz, keyingi oyda beramiz, deyishdi. Lekin qolgan oylarni ham berishadimi-yo‘qmi aniq javob aytishmayapti,- dedi buvaydalik tinglovchi.

Bu tinglovchi "Maslahat" qishloq fuqarolar yig‘ini oynasiga yopishtirilgan e‘lonning suratini ham Ozodlikka yo‘lladi.

E‘londa sentabr, oktabr, noyabr va dekabr oylari uchun davlat ajratgan pul tugagani bois, 14 va 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nafaqa, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam puli so‘ralgan hujjatlar qabul qilinmasligi aytilgan.

Ozodlikning Toshkentdagi manbasi e‘lon berilgan mahalla qo‘mitasi rasmiysi bilan bog‘lanib, buning sababini so‘raganida, shunday javob oldi:

"Tuman hokimiyatining Moliya bo‘limidan ajratilgan limitimiz tugab qolgani uchun shunaqa e‘lonni osib qo‘ydik. Sentabr oyida hujjat topshirganlar ko‘payib ketdi. Ularga hali pulini to‘lamasdan turib, yana boshqalarning hujjatini olib qo‘ysak, ularga pulni qayerdan olib beramiz, to‘g‘rimi?!" deya vaziyatni izohlashga urindi "Maslahat" fuqarolar yig‘ini rasmiysi.

Rasmiy mahalla ahlining sentyabrdan dekabrgacha bo‘lgan 4 oylik haqqi keyinchalik beriladimi, degan savolga: "Bilmadim", deb javob berdi.

Aholiga moddiy yordam ko‘rsatishga mas‘ul "Mahalla" xayriya jamg‘armasi Buvayda tumani bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi bu savol javobi har bir mahallada tuzilgan 15 kishilik hay‘atning ixtiyorida ekanini aytdi:

"Biz aholiga beriladigan moddiy yordam puliga mas‘ulmiz, xolos. Har bir mahalladagi komissiya o‘zaro maslahatlashib, kimga va qancha moddiy yordam berishga qaror qilsa, o‘shancha odamga pul ajratamiz. Lekin, 14 yoshgacha va 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar pulini har bitta mahalla kotibi to‘g‘ri hokimiyatning Moliya bo‘limidan, vedomost asosida oladi. Qolib ketgan 4 oylik pulni kimlarga undirish mumkinligini ham komissiya hal qiladi", dedi Mahalla" xayriya jamg‘armasi Buvayda tumani bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Buvayda tumani hokimligi Moliya bo‘limiga bu borada qilgan murojaatimiz javobsiz qoldi.

Ammo, o‘zini hokimiyat xodimi, deb taqdim qilgan rasmiy bolalarga beriladigan nafaqa puli masalasi to‘liq mahalla qo‘mitalari mas‘uliyatiga berilganini ta‘kidladi:

"Moliya faqat konkret summani ajratadi, mahalla komitetlari o‘sha pulni bola pulini olishga haqli bo‘lgan aholiga adolatli taqsimlab beradi. Hamma bola puliga qarab o‘tirsa, etmaydi pul, albatta. Shuning uchun 3 oyda hujjat yangilanadi va pul rostdan ehtiyojmand oilalarga yetib borsin, degan maqsadda qilinyapti shu ish", dedi Buvayda tumani hokimligi vakili.

Aholiga beriladigan nafaqa pullari, bola puli va ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam puli hajmini qisqartirish amaliyoti 2014 yil boshidan buyon kuzatilmoqda.

Bunga qadar Buvayda tumanida osig‘liq e‘lon mazmuniga yaqin e‘lon Jizzax shahrining "Ittifoq" mahallasida osilgani Ozodlikka ma‘lum.

U e‘londa ham mahallada 2 yoshgacha bola pulini olishga haqdorlar "favqulodda ko‘payib ketgani" va shahar Moliya bo‘limi ajratgan pul hajmi yetmay qolgani sababli hujjatlar olinmasligi aytilgan va aholidan "uzr" so‘ralgan edi.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, "Ittifoq" mahallasining 6 oygacha hujjatlari qabul qilinmagan haqdorlariga pullari hanuz berilmagan.

O‘shanda ham mutasaddilari nafaqalar uchun cheklov belgilangani sababini moddiy yordam va nafaqa pullarining asl ehtiyojmand oilalargagina berilishini ta‘minlash va byudjet mablag‘ini tejash bilan izohlaganlar.

O‘zbekistonda nafaqa va moddiy yordam pulining tayinlanish sxemasi. Lex.uz saytidan olindi.

O‘zbekistonda nafaqa va moddiy yordam pulining tayinlanish sxemasi. Lex.uz saytidan olindi.

2013 yilning fevral oyida respublika Vazirlar Mahkamasi "Kam ta‘minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ni tasdiqlagan.

Ayni qaror asosida ehtiyojmand va haqdor oilalarda nafaqa yoki moddiy yordam pulining faqat bir turini olish huquqi qoldirilgan.

Ya‘ni, 2 yoshgacha bolasi bo‘lgan oilalar, boquvchisi nogiron, ishsiz bo‘lishi yoki 14 yoshgacha bo‘lgan boshqa bolalari bo‘lishidan qat‘iy nazar 2 yoshgacha bo‘lgan go‘dagi uchun nafaqa pulini olishi mumkin.

Bu summa ham uch oy beriladi va qolgan muddat uchun yana yangidan hujjat hozirlanadi.

Buvaydalik 26 yashar otadan olingan ma‘lumotga ko‘ra, u 2 yoshgacha bo‘lgan bolasi uchun davlatdan oyiga 185 ming so‘mdan nafaqa oladi.

XS
SM
MD
LG