Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 03:01

O‘zbek jangarilarining yana bir guruhi "Islomiy davlat" yetakchisiga bay‘at berdi


O‘zlarini “Imom Al-Buxoriy katibasi” deb atagan va Suriyadagi o‘zbek islomiy jangarilaridan tashkil topgan guruh "Islomiy davlat" ekstremistik tashkiloti va uning yetakchisi Abu Bakr Bag‘dodiyga sodiqligini izhor qilib, qasamyod qildi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, Suriya va Iroqda katta hududlarni egallab olgan "Islomiy davlat" safida bir necha yuz o‘zbekistonlik bor.

Yotube.com portalida 29 oktabr kuni e‘lon qilingan targ‘ibot videoroligida o‘zini "Imom Al-Buxoriy katibasi"ning amiri Shayx Salohiddin, deb tanishtirgan shaxs bilan olib borilgan savol javobda¸ oldin Afg‘onistonda jang qilgan bu guruh jangarilarining endilikda "ID" saflarida jihod qilishi bildirildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 29 oktabr kuni e‘lon qilingan yana bir videorolikda esa¸ “Imom Al-Buxoriy katibasi”ning o‘zlarini Abu Hafs al-O‘zbekiy va Abu Said al-O‘zbekiy deb atagan ikki kishi boshqa o‘zbekistonliklarni ham o‘z saflariga chorlaydi.

Jangarilar o‘z da‘vatida Movaraunnahr o‘lkasidan Shom diyorlariga kelib, jang qilayotgan o‘zbeklarni boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishadi.

Katibaga oid va joriy yil yozida yuklangan yana bir videorolikda qora bayroq ko‘tarib, saf tortib borayotgan 60 nafar o‘zbek jangarisi aks etgan.

Jangarilar aytayotgan qo‘shiqda ularning maqsadlari aks etgan:

Tavhid bizning g‘oyamiz¸

Shom yurtini olamiz.

Tez kunda Insho Olloh¸

O‘zbekiston boramiz.

Videoroliklarning aynan qaysi jug‘rofiy hududda suratga olingani aniq emas.

Ayrim ma‘lumotlarga ko‘ra¸ bu ikki videorolik Turkiyada suratga olingan.

Ayni paytda, bu ma‘lumotni boshqa manbalardan tasdiqlashning iloji bo‘lmadi.

Ozodlik – Ozod Yevropa radiosi bloggeri Joanna Parazchukning (Joanna Paraszczuk) yozishicha¸ “Imom Al-Buxoriy katibasi” Suriyaning Halap viloyatida Al-Qoidani Suriyada tamsil qilgan Jabhat al Nusra bilan birgalikda jang qiladigan o‘zbek batalьonidir.

Suriya armiyasidagi terminologiyaga ko‘ra¸ askarlarning asosiy faol guruhini tashkil qiluvchi 500 kishilik batalyon "katiba" deb nomlanadi.

Suriyadagi o‘zbek jangarilari katibasi Afg‘oniston imorati (amirligi. Taxr.) tarkibiga kiruvchi bir necha yuz kishilik guruh ekani aytib kelinadi.

O‘zbek guruhi chechenlar boshqaruvidagi Kavkaz imoratiga oid “Sayfulloh Shishoniy jamoati” va “Jaysh al-Muxojirin val-Ansor” ekstremistik guruhi bilan birga jang qilishi haqida ham ma‘lumotlar mavjud.

O‘zbeklardan tarkib topgan “Imom Al-Buxoriy katibasi” internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanib keladi.

Bu guruhga oid “Al Fath” studiyasi Suriyadagi o‘zbek jangarilari haqidagi propagandistik roliklarni internetga muntazam yuklab turadi.

Shundan roliklardan birida “Imom Al-Buxoriy katibasi”ning mashq lagerlari ham o‘z aksini topgan.

Xandarotga hujum

Oktabr oxirida e‘lon qilingan so‘nggi roliklardan birida “Imom Al-Buxoriy katibasi”ning Suriya muntazam armiyasi nazoratidagi Handarot shahriga xujumi aks etgan.

Halab shimolidagi bu shaharga xujum G‘arb tarafidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Ozod Suriya” armiyasi va xususan “Harakat ul-Hazm” qarshilik harakati bilan uyg‘unlikda tashkil qilingani haqida ma‘lumot bor.

G‘arb tarafidan qo‘llab-quvvatlanadigan “Ozod Suriya” armiyasi bilan hamkorlikda jang qilgan o‘zbeklar guruhining nega "Islomiy davlat" qora bayrog‘i ostida jang qilishga qaror bergani borasidagi savol javobsiz qolmoqda.

Yotube.com portalida 29 oktabr kuni e‘lon qilingan targ‘ibot videoroligida o‘zini "Imom Al-Buxoriy katibasi"ning amiri Shayx Salohiddin deb tanishtirgan shaxsning bu boradagi javoblari juda umumiy.

Shayx Salohiddin o‘z guruhining Shom diyorida jang qilishi sababini hadislar bilan izohladi.

Videorolikda o‘zini "Imom Al-Buxoriy katibasi"ning amiri Shayh Salohiddin deb tanishtirgan shaxs “e‘tiqodiy va amaliy manxajlari bir bo‘lgan musulmonlar albatta birga bo‘lishi kerak” degan fikrni ta‘kidladi.

Qora bayroq ostidagi o‘zbek jangarilari

"ID"ning qora bayrog‘i ostida jang qilayotgan “Imom Al-Buxoriy katibasi” Suriyadagi yagona o‘zbek batalьoni emas.

Ozodlik – Ozod Yevropa radiosi bloggeri Juanna Parazchukning yozishicha, "Islomiy Davlat"ga qasam bergan yana bir o‘zbek otryadi "Sabri jamoat" joriy yilning martidan boshlab Halap va Xomsda jang qilmoqda.

Bu o‘zbek jamoati Suriyadagi "ID" qo‘mondonlaridan biri Umar Shishaniyga bay‘at qilgani aytiladi.

O‘tgan oyda Suriyaning Kobani shahridagi o‘zbek jangarilari "Islomiy davlat" reklamasi bilan shug‘ullanayotgani haqida ma‘lumot paydo bo‘lgan edi.

Kobanini ishg‘ol qilib turgan guruh tarkibida o‘zbek jangarilari ham borligi aytiladi.

Biroz muqaddam Suriyada jang qilib yurgan va o‘zining ayni guruhga mansub ekanini aytgan o‘zbekistonlik jihodchi Ozodlik bilan bog‘langan edi.

U yerdagi jang harakatlari va unda ishtirok etishdan maqsadini bayon qilgan "jihodchi" o‘zbekistonlik va Markaziy Osiyo mintaqasidan borgan jihodchilar ko‘pligi, ularning 200-300 kishilik bir necha guruhi Suriya hamda mintaqaning boshqa hududlaridagi janglarda ishtirok etayotganini iddao qilgan.

Norasmiy kuzatuvlarga ko‘ra, keyingi paytlarda Suriyaga ketib qolayotganlar safiga Rossiyada mardikorlik qilib yurgan o‘zbeklar ham qo‘shilmoqda. Turkiyalik huquq faollari Suriyadagi jihodchi o‘zbeklar soni 3-3,5 ming kishiga yetganini taxmin qilmoqda.

O‘tgan oyda O‘zbekiston Islomiy harakati "Islomiy Davlat"ni qo‘llab-quvvatlashi va u bilan bir safda ekanligini ma‘lum qilgan edi.

O‘zbekiston Islomiy harakati rahbari 44 yashar Usmon G‘oziy (asl ismi Valiyev Abdunosir Shukurovich-tahr.) tarafidan 13 sentabr kuni imzolagan va 26 sentyabr kuni e‘lon qilingan bayonotda “Iroq va Shomda Islomiy Xalifalik e‘lon qilingani xabari” harakat a‘zolarini “xursand va xushnud” qilgani ta‘kidlangan edi.

Bayonot mualliflari butun dunyo musulmonlarini “Islomiy Xilofatning tiklanishi” bilan tabriklab, boshqalarning ham bu guruhni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan edi.

XS
SM
MD
LG