Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:50

Toshkent viloyatida 7 tuman va shahar IIB boshlig‘i ishdan olindi


Toshkent viloyatining yetti shahar va tuman ichki ishlar bo‘lim boshliqlari ishdan olindi. Bir necha IIB boshlig‘i boshqa lavozimga tayinlangani rasman ma‘lum qilindi. Norasmiy manbalar bu qadar keng ko‘lamdagi rahbar almashinuvi Toshkent viloyati IIBB boshlig‘i Abdumajid Mullajonovning ishdan olinishi bilan bog‘liqligini iddao qilmoqda.

So‘nggi hafta davomida Toshkent viloyatidagi yettita tuman va shahar ichki ishlar bo‘limi boshliqlari ishdan olinib, o‘rniga yangi rahbarlar tayinlandi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri farmoni bilan Yangiyo‘l, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Zangiota, Qibray tumanlari va Angren, Chirchiq shaharlari ichki ishlar bo‘limlariga yangi boshliq tayinlangan.

Oqqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limiga polkovnik Sobirjon Ibrohimov tayinlandi. Tuman IIBdan olingan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Ibrohimov boshqa tumandan kelgan va eski boshliqning taqdiri bobida qanday qaror berilishi hozircha noma‘lum.

Yangiyo‘l tumani IIBning o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, sobiq boshliq Saidakbar Po‘latov Toshkent shahar Yakkasaroy tumani IIB boshlig‘i vazifasiga o‘tkazilgan va Yangiyo‘l IIB vazifasi vakant bo‘lib qolmoqda.

Qibray tumani IIBga polkovnik Sobirjon Tadjiyev boshliq etib tayinlandi. Eski boshliqning qayerda ekani haqida Ozodlik ma‘lumot ololmadi.

Angren shahar IIBga podpolkovnik Valijon Ibragimov boshliq etib tayinlandi. Eski boshliqning qayerda ekani borasida ham hozircha ma‘lumot yo‘q.

Norasmiy manbalar Toshkent viloyatida birdaniga yetti tuman va shahar IIB boshlig‘ining yangilanishini bir hafta muqaddam ishdan bo‘shatilgan viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumajid Mullajonov bilan bog‘liq, deb iddao qilmoqda.

Iddaolarga ko‘ra, O‘zbekistonning eng nufuzli shaxslaridan biri hisoblangan Markaziy bank raisi Fayzullo Mullajonovning o‘g‘li Abdumajid butunlay ichki ishlar tizimidan chetlatilgani va unga qarashli o‘nlab AYoQShlarda tekshiruv boshlangan.

Ammo yana ba‘zi norasmiy manbalar Mullajonovning Toshkent militsiyasi rahbarligidan olinishi uning chetlatilishi emas, balki boshqa bir viloyat, ehtimol, Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga boshliq qilib o‘tkazilayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilmoqdalar.

Biroq Ozodlik hozircha bu iddaolarni boshqa mustaqil va rasmiy manbalar orqali tasdiqlata olmadi.

***************************************************************************

Ozodlik ayni mavzuga doir qo‘shimcha tafsilotlarni aniqlashga urinmoqda.

Mavzuga doir tafsilotlardan xabardor bo‘lsangiz, faktlarga ega bo‘lsangiz, marhamat, Ozodlikka xabar yo‘llang:

WhatsApp: +420 724 971 539

Skype: OzodOvoz, OzodlikOnline, OzodSkype

Email: ozodlikmail@gmail.com, uzbekweb@rferl.org

mobile: +420 602 612 713 SMS va qo‘ng‘iroqlar

Facebook+Twitter+Odnoklassniki: Ozodlik Radiosi

XS
SM
MD
LG