Линклар

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi bir necha maktabning 7-8-9-sinf o‘quvchilari 15 kundan buyon darsga bormay paxta termoqda. Ozodlik suhbatlashgan ota-onalarga ko‘ra, paxta terimiga Toshkentdan yuborilgan hasharchilar qaytarilgach, maktab o‘quvchilari dalaga safarbar etilgan.

Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi aksariyat umumta‘lim maktablarining 7-8-9-sinf o‘quvchilari ikki haftadan buyon paxta terimiga chiqarilmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan ota-onalardan birining aytishicha, o‘quvchilarga kuzgi ta‘til boshlanganiga qaramasdan ular paxta teryapti:

- Bir ikki haftalar bo‘ldi bolalarimizni paxtaga chiqarib yuborilganiga. 7-8-9-sinf o‘quvchilari uchun dars, tamoman to‘xtagan. Faqat kecha qattiq yomg‘ir yoqqani va agatning ichiga kirishning imkoni bo‘lmagani bois bir-ikki kunga javob berildi, - dedi ota-onalardan biri.

O‘zini Jizzax viloyati xalq ta‘limi boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Isomiddin, deb tanishtirgan mulozim, o‘quvchilarning paxta terimiga chiqarilgani haqidagi ota-onalarning iddaosini inkor qildi:

- Kim aytgan bo‘lsa ham bekor aytibdi. Bir dona ham o‘quvchi chiqarilgan yo‘q. Paxta terimiga o‘quvchi umuman jalb qilinmagan, - dedi mulozim.

Ozodlik bundan so‘ng Do‘stlik tumanidagi “Istiqlol” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 5-umumta‘lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Ismini oshkor qilmayotganimiz, 14 yoshli bu o‘quvchi ham 15 kundan buyon paxta terimida ekanini aytdi:

- Darslar 7-9 sinflar uchun to‘xtagan. Har bir sinfga 150 kilogramm norma bergan. Hammamiz shuni terib bermasak javob bermaydi. Kecha yomg‘ir ko‘p yoqqani uchun o‘qituvchilarimiz dam olinglar, kun yaxshi bo‘lsa yana chiqamiz, - dedi.

O‘quvchi paxtadagi qiyinchiliklar haqida shunday deydi:

- Ertalab soat yettida dalada bo‘lishimiz kerak. Paxta yo‘q hisobi. Lekin normani bajarishimiz shart, bo‘lmasa o‘qituvchimiz urishadi. Tushlikka o‘zimiz bilan ovqat olib boramiz, dalada sovuq choy, u tugab qolsa suv ichamiz. Kechqurun charchaaaab, soat 7 larda uyga qaytsak, na svet bo‘ladi va na gaz. Sham yorug‘ida timirskilanib ovqatlanamizda, uxlab qolamiz, - dedi 7-sinf o‘quvchisi.

Do‘stlik tumanidagi davlat korxonalaridan birida ishlaydigan Ozodlik manbasi ham o‘quvchilarning paxtaga chiqarilayotganini tasdiqladi:

- 20 oktabr kuni Toshkentdan kelgan hasharchilar qaytib ketdi. Adashmasam, 22 oktyabrda plan ham to‘ldi, Ozodbek kelib stadionda kontsert ham berdi. Lekin hasharchilar ketganidan so‘ng maktablar yopildi, 7-8-9-sinf o‘quchilari yoppasiga dalaga haydaldi. Chunki qog‘ozda paxta plani to‘lgani bilan, xirmonlar bo‘shku. Har yili paxta punktida 30-40ta uyum bo‘lardi, bu yil yigirmata ham chiqmaydi. Prezident xafa bo‘lmasin deb raport berib yuborganu, endi bu yog‘iga yana o‘qituvchiyu o‘quvchilar baloga qoldi. Aytishlaricha, 15 noyabrgacha terim davom etadi ekan, - dedi manba.

Ayni paytda Ozodlikka oddiy o‘zbekistonliklardan kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ XMT ekspertlari hamrohligidagi Milliy monitoring guruhlari ketishi bilan aksar viloyatlarda kollejlarning 1-2-bosqich o‘quvchilari barobarida maktablarning yuqori sinf o‘quvchilarini paxtaga chiqarish holatlari yana ko‘paygan.

Bu holatni tasdiqlagan mahalliy hokimiyat mutasaddilari respublika rejani bajargan bo‘lsa-da, "yuqoridan terimni davom ettirish haqida topishiriq berilayotgani", buning uchun aholning deyarli barcha qatlami maksimum terimga safarbar qilinayotganini tan olmoqdalar.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova Ozodlik bilan suhbatda, maktab o‘quvchilarini paxta terishga majburlash ayniqsa so‘nggi 15 kun orasida O‘zbekistonda ko‘plab kuzatilayotganini ta‘kidladi.

Umida Niyozova bilan suhbatni quyida tinglang:

XS
SM
MD
LG