Линклар

logo-print

Rossiyada Xalq birligi kuni nishonlangan 4 noyabr kuni Moskvada millatchilar “Rus marshi”ni o‘tkazdi. Asosan, erkaklardan iborat ikki ming namoyishchining ayrimlari Rossiya Imperiyasi davridagi shiorlarni ko‘tarib chiqdilar. Millatchilar uyushtirgan tadbirlar tinch o‘tgani xabar qilindi.

Rus millatchilari Moskvaning janubi-sharqiy qismida uyushtirgan yurishni Rossiya politsiyasi xodimlari kuzatib bordi. Tadbir munosabati bilan ayrim ko‘chalarda avtomobil harakati to‘xtatib qo‘yildi.

Ayrimlari yuziga niqob taqqan, boshqalari harbiy kiyim yoki beysbol shapkasini kiyib olgan rus millatchilari “Rossiya ruslar uchun!”, Hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun!”, “Rossiya, olg‘a!” degan shiorlarni aytib, qichqirdilar.

Ayrim millatchilar nemis fashistlari kabi qo‘llarini oldinga ko‘tarib qichqirganiga qaramay, yurish davomida zo‘ravonlik ro‘y bermadi.

Rus millatchilarining kichikroq yurishlari Rossiyaning boshqa shaharlarida hamda joriy yil mart oyida Rossiya o‘z hududiga anneksiya qilgan Qrimda ham uyushtirildi.

“Rus marshi” Rossiyada 2005 yildan beri o‘tkazib kelinyapti.

Xalq birligi kuni Rossiya 1612 yilda polyak bosqinchilari ustidan g‘alaba qozongan kun munosabati bilan prezident Vladimir Putin tomonidan joriy qilingan.

Bu bayram 1917 yilda bolsheviklar inqilob amalga oshirgan kun nishonlanadigan 7 noyabrь bayramining o‘rniga nishonlanadi.

Vladimir Putin 2012 yilda uchinchi marta prezident etib saylanganidan keyin vatanparvarlik Rossiya uchun o‘ta muhim ekanini bir necha bor ta‘kidlagan.

So‘nggi yillarda Putin va uning hukumati vatanparvarlik va millatchilik ruhida siyosat yuritib kelmoqda.

Rossiyaning Ukraina bo‘hroniga aloqadorligi bois Rossiya va G‘arb munosabatlari o‘ta sovuqlashdi.

24 oktabr kungi chiqishida Putin “agar millatchilik boshqa odamlarga toqatsizlikni anglatsa ... bu mamlakatimizni buzadi” degan.

O‘tgan yildagi kabi rus millatchilarining asosiy marshi Moskva shahri chekkasida, birlikni targ‘ib qiluvchi Kreml ittifoqchilarining yirik tadbirlari esa poytaxtning markaziy qismlarida o‘tkazilmoqda.

Xalq birligi kuni munosabati bilan Moskvada markazida o‘tkazilgan tadbirda so‘zga chiqqan siyosiy partiyalar yetakchilari Kremlning Ukraina bo‘yicha olib borayotgan siyosatini qo‘llashini bildirdi.

“Spravedlivaya Rossiya” partiyasining parlamentdagi fraktsiyasi rahbari Sergey Mironov Ukrainada fashizm uyg‘onayotganini urg‘uladi.

- Bizga qardosh bo‘lgan Ukrainada bugungi kunda fashizm uyg‘onmoqda. Biz tarixdan fashizm to‘xtatilishi va tomiri bilin yo‘q qilinishi kerakligini bilamiz. Bugungi kunda Ukrainadagi fashizmni faqat Novorussiya qo‘shinlarining nayzalari va o‘qlari to‘xtata olishiga ishonchimiz komil. Biz birodarlarimiz bilan birdammiz, deya bayonot berdi Sergey Mironov.

4 noyabr kuni Xabarovsk shahrida yuzga yaqin rus millatchisi qorda tadbir o‘tkazdi. Ularga shahar markazida yurish o‘tkazishga ruxsat berilmagani bois Amur daryosi sohilidagi parkka yig‘ildilar va bir soatdan keyin tadbir tarqatib yuborildi.

Moskvaning janubi-sharqiy qismida o‘tkazilgan tadbirda rus millatchilarining Ukraina borasida yakdil emasligi yaqqol ko‘zga tashlandi.

Bitta shiorda “Ruslar Ukrainadagi urushga qarshi” deb yozilgan bo‘lsa, boshqalari Ukraina sharqidagi ruslarni qo‘llash maqsadida Rossiya imperiyasi davridagi bayroqlarni ko‘tarib chiqdi.

XS
SM
MD
LG