Линклар

logo-print

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani markazida joylashgan apteka mudiri Baxtiyor ismli yigit 29 oktabr kuni kequrun ish joyida otib ketildi. Bu haqda xabar bergan Ozodlik manbalariga ko‘ra, aptekachini nomersiz mashinada kelgan, yuziga qora niqob tortgan odamlar otgan. Yakkabog‘ tumani militsiyasi shunday voyeqa bo‘lganini tasdiqladi.

Yakkabog‘ tumani markazidagi 2-kasalxona yonida joylashgan apteka mudiri 44 yoshli Baxtiyor ismli yigit noma‘lum shaxslar tomonidan otib ketildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan yakkabog‘lik manbaning aytishicha, qotillar qora niqobda bo‘lgan:

- Bu voqeaga guvoh bo‘lgan odamlar bilan gaplashdim. Ularning aytishlaricha, voqea 29 oktabr kuni kech soat 10larda sodir bo‘lgan. Baxtiyor ismli aptekachi ishini tugatib kassa pulini hisoblayotgan paytda qora niqobli odam aptekaga kirib uni to‘pponchadan otib tashlagan. Qotil pullarni olib¸ nomeri yo‘q Damas mashinasida qochib ketgan, dedi manba.

Manbaning aytishicha, bu voqeadan so‘ng tumanda odamlarni, avtomobillarni tekshirish kuchayib ketgan:

- Avval Yakkabog‘ militsiyasi tekshirishni boshladi, keyin viloyat militsiyasi keldi. Qotilni topisholmayapti. Kecha Toshkentdan maxsus guruh keldi, deb eshitdim. Bolnitsani atrofida kuzatuv kameralari bor ekan. O‘shanga tushib qolgan har bir odam, bolьnitsada ishlaydiganlar bir chetdan so‘roq qilinayapti, dedi manba.

Yakkabog‘ tumani Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi haqiqatan shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi. Biroq mulozim tergov tugamaguncha halok bo‘lgan aptekachi familiyasini ochiqlamasligini aytdi.

O‘zbekistonda o‘q otar qurol vositasidagi qotilliklar kam uchraydigan hodisa va Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan hodisalarda bunday jinoyatni qurol saqlashga haqli kuchishlatar tizimlari xodimlari sodir etgani qayd qilingan.

O‘zbekiston prezidenti e‘lon qiladigan amnistiyalar asosida o‘g‘ri va qotillarning ham ozodlikka chiqarilayotgani¸ qolaversa¸ Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatning og‘irlashayotgani munosabati bilan o‘zbek muhojirlarining vatanga qaytib ishsiz qolayotgani kuzatuvchilarga ko‘ra mamlakatdagi kriminal vaziyatning og‘irlashuviga sabab bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG