Линклар

logo-print

Fransiyadagi ikki nodavlat tashkilot O‘zbekiston va Fransiya tashqi ishlar vazirlarining Parijda o‘tayotgan "yashirin uchrashuvlari"da fuqaroviy jamiyat vakillari qatnashishiga imkon berilmaganidan norozi bo‘ldi. Faollar O‘zbekistonda inson huquqlari poymol etilayotgan, ba‘zi qamoqxonalarda mahbuslar hojatxona uchun 4 soatlab navbat kutayotgan paytda O‘zbekiston rasmiylari bilan bu tahlit uchrashishni "demokratik tamoyillarga zid" deb qoraladi.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi va Qiynoqlarni tugatish uchun kurashib kelayotgan ACAT harakati O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirining Fransiya Tashqi ishlar vaziri bilan Parijda o‘tayotgan uchrashuvlarini "yashirin" deya tanqid qilmoqda.

Inson huquqlari himoyasi bilan shug‘ullanuvchi har ikki tashkilot qo‘shma bayonotda aytilishicha, 6-7 noyabr kunlari Parijda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Fransiya Tashqi ishlar vaziri Loran Fabius yetakchiligidagi ikki davlat delegatsiyasining keng ko‘lamli uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.

Bu uchrashuvlar haqida Fransiya Tashqi ishlar vazirligi saytida biror ma‘lumot berilmagan.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Otayeva uchrashuvlardan 5 noyabr oqshomida Fransiyalik sarmoyadorlarga Internetda e‘lon qilingan taklifnoma orqali voqif bo‘lganini aytmoqda:

- Shundan so‘ng biz darhol Fransiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytiga kirdik va u yerda hech qanday xabar berilmaganiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv Loran Fabiusning kun taritibiga ham kiritilmagan. Odatda, bunaqa uchrashuvlar haqida O‘zbekiston rasmiy matbuoti shovqin-suron bilan xabar qiladi. Lekin, Fransiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston mulozimlari bilan uchrashuvlarini saytida e‘lon qilmay, matbuot, fuqaroviy jamiyat vakillariga bildirmay o‘tkazganiga bir necha bor guvoh bo‘ldik, - deb ta‘kidladi Nadejda Otayeva.

Faol bunday uchrashuvlarda muhokama etiladigan masalalar sirasida O‘zbekiston hukumatidan mamlakatda inson huquqlari vaziyatining qanchalik o‘nglanayotgani haqida hisob so‘ralmasligi kunday ayon, deb ishonadi.

- Bu uchrashuvlar kun tartibi haqida ham hech qanda ma‘lumot yo‘q. Biz bilamizki, ikkala vazir uchrashadi, ular bilan birga ikki davlat ishbilarmonlari va biznes vakillari, odatdagidek, sarmoyaviy loyihalarni muhokama qiladi. Lekin aniqki, uchrashuvlarda fuqaroviy jamiyat vakillari qatnashishiga imkon berilmadi va bu Fransiya hukumati da‘vo qiladigan demkoratik tamoyillarga ziddir, - dedi huquq faoli.

2005 yilda Andijon voqealaridan so‘ng YeI O‘zbekiston hukumatiga nisbatan joriy qilingan sanktsiyalar biroz o‘tib bekor qilingan bo‘lsa-da, Fransiya hukumati Toshkent bilan muloqotlarda elementar demokratik tamoyillardan biri - inson huquqlariga rioya etishni muntazam talab qilishi zarur, deb ta‘kidlaydi yana faol.

- Vaholanki, sanktsiyalar bekor qilinganidan buyon O‘zbekistonda ahvol faqatgina og‘irlashdi. Siyosiy mahbuslar soni oshdi, qiynoqlar qo‘llash amaliyoti faqat kengaymoqda. Qamoqxonalarda o‘lim hollari ko‘paydi, mahbuslar uchun, hatto sanitar shart-sharoit ham yo‘q. Hojatxonaga kirish uchun mahbuslar 4 soatlab navbat kutayotganiga oid konkret faktlar bor bizda, - deb ta‘kidlaydi Nadejda Otayeva.

Mahbuslar hojatxona uchun 4 soatlab navbat kutishi haqidagi maktub Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi 64/1-sonli koloniyadan Nadejda Otayeva tashkilotiga kelgan va qariyb 4 ming mahbus saqlanadigan qamoqxonada atigi 20 ta hojatxona borligi, qishli-qirovli kunlarda mahbuslar navbatda turishidan arz qilingan.

- Shunday murakkab vaziyatda Fransiya hukumati O‘zbekistondagi kabi hukumatlar bilan muloqotda katta mas‘uliyatga ega. Zero, Fransiya Qiynoqlarga qarshi konventsiyani imzolagan. Shu bois, O‘zbekiston kabi rejimlar bilan matubot va jamoatchilikdan yashirin uchrashuvlar o‘tkazishi mutlaqo mumkin emas. Aksincha, bunday rejimlardan inson huquqlariga rioya etishni talab qilishi, fuqaroviy jamiyat faollari talablariga quloq tutishi va O‘zbekistonga nisbatan siyosatini o‘zgartirishi kerak, deydi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Otayeva.

Fransiya-O‘zbekiston biznes liderlari kengashi rasmiy saytida chop etilgan taklifnomada berilgan ma‘lumotga ko‘ra, Parijga borgan o‘zbek delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar va investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Shavkat To‘laganovlar boshchilik qilmoqda.

Delegatsiyalarning 6-noyabrь kuni bo‘ladigan uchrashuvda ikkitomonlama iqtisodiy aloqalar va sarmoya kiritishga mo‘ljallangan loyihalar muhokama etilishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG