Линклар

Aktyor Alisher Uzoqovning 44 million pulini yeb ketgan mansabdor 8 yilga kesildi. Toshkentdan Urumchiga aviareys ochilmoqda. Bekobodlik ona ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatga qo‘l urdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

“Taniqli aktyor Alisher Uzoqovni chuv tushirgan shirkat rahbari 8 yilga kesildi”

Taniqli aktyor Alisher Uzoqovning 44 million so‘m pulini yeb ketgan “Satalea Group” shirkati bosh direktori ustidan mahkama yakuniga yetdi (“Darakchi”, 6 noyabr). Shirkat rahbari nomi oshkor etilmagan. O‘zini rejissurada ham sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan Alisher Uzoqov “Endi dadam bo‘ydoq” deb nomlangan filmni suratga olishga kirishadi. Ammo litsenziyasi bo‘lmagani sababli “Catalea Group” shirkati bilan bitim tuzadi. Uzoqov shirkat litsenziyasidan foydalanish evaziga foydani teng bo‘lishishga kelishadi. Film prakatidan “Catalea Group” hisob raqamiga 94 million so‘mdan oshiq mablag‘ tushadi. Ammo shirkat film rejissyori sanalgan Uzoqovga atigi 20 million so‘m berib, qolgan 44 million so‘mni berishdan bosh tortadi. Ma‘lum bo‘lishicha, shirkat rahbari ushbu filmni Rossiyada namoyish etish huquqini berish evaziga 4000 AQSh dollari pora olayotganda qo‘lga tushgan. Firibgarlik va poraxo‘rlikda ayblangan shirkat rahbari 8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Sudlanuvchi zimmasiga Uzoqovning ko‘p millionli mablag‘ini qaytarish majburiyati ham yuklangan.

“Namanganda ikki bola o‘z joniga qasd qildi”

Namangan viloyatida so‘nggi oylarda ikki bola o‘z joniga qasd qilgan (“Diyonat”, 6 noyabr). Jumladan, joriy yil 30 sentabrda To‘raqo‘rg‘on tumanida 11 yoshli J.Rahimov o‘zini o‘ldirgan. Ma‘lum bo‘lishicha, bolaning onasi 2012 yilda Rossiyaga ishlagani ketgan, otasi boshqa oila qurib alohida istiqomat qilgan. Bola esa bir necha yil davomida buvisining qaramog‘ida yashagan. Namangan viloyat prokurorining yordamchisi Go‘zal Sharipovaga ko‘ra, bola so‘nggi paytlarda o‘zini yolg‘iz his etib onasini qattiq sog‘ingan va oqibatda o‘z joniga qasd qilgan.

Shuningdek, 2001 yilda Namangan tumanida tug‘ilgan A.Jo‘rayev ham noma‘lum sababga ko‘ra o‘z joniga qasd qilgan. Qayd etilishicha, bolaning ota-onasi ajrashib boshqa turmush qurgan, u esa tog‘asi qaramog‘ida qolgan. Mazkur fojia 2014 yilning 28 yanvarida ro‘y bergan.

“Sertifikat beruvchi mas‘ul amaldor pora bilan qo‘lga tushdi”

Toshkent shahar Sinov va sertifikatlashtirish markazi mansabdori Otabek Mirkomilov 1500 dollar pora bilan qo‘lga tushdi (“Huquq”,6 noyabr). Qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun sertifikat berishga mas‘ul amaldor turli bahonalar bilan bruschatka ishlab chiqarishni maqsad qilgan tadbirkorning hujjatlarini rasmiylashtirib bermaydi. Keyin esa xodimi orqali 1500 dollar pora talab qiladi. Tadbirkor esa bu haqda huquq idoralariga murojaat qiladi. Qayd etilishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi Mirkomilovga 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

“Bekobodlik ona ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatga qo‘l urdi”

Toshkent viloyati Bekobod tumanida yashovchi ayol ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan jinoyatga qo‘l urdi – yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini hojatxonaga tashladi (“Adolat ko‘zgusi”, 6 noyabr). Jinoyat ishlar bo‘yicha Bekobod shahar sudi sudyasi Azamat Shomurodovning yozishicha, bolaning zinodan tug‘ilgani onani qotillikka undagan. Ismi oshkor etilmagan onaning eri ishlash uchun Ukrainaga ketgan. Eri xorijda bo‘lgan paytida ayol boshqa bir erkak bilan don olishib, homilador bo‘lib qolgan. Pirovardida xiyonat ortidan tug‘ilgan boladan qutulish uchun uni o‘z uyi hojatxonasiga tashlagan. Chaqaloqning qattiq yig‘isini eshitib voqeaga aralashgan qo‘shnining yordami bilan bola hayoti saqlab qolingan. O‘z eridan ikki farzandi bo‘lgan qotil ayolga qanday jazo tayinlangani ochiqlanmagan.

“Toshkentdan Urumchiga aviareys ochilmoqda”

“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi 11 noyabrdan boshlab Toshkentdan Urumchiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi (“Oila davrasida”, 6 noyabr). Parvozlar “Boing 767” laynerida amalga oshiriladi. Kompaniya matbuot xizmatiga ko‘ra, Xitoyning Urumchi shahriga qatnovlar 2015 yilning 11 noyabriga qadar haftaning seshanba kunlari amalga oshiriladi.

“Xonanda Ziyodaning konserti chiptalari do‘kondorlarga majburlab sotildi”

Xonanda Ziyodaning Toshkentdagi “Istiqlol” san‘at saroyida bergan uch kunlik konserti chiptalarining asosiy qismi poytaxt bozorlaridagi do‘kondorlarga majburan sotildi. Bu haqda “Darakchi” nashri xabar beradi. Chiptalarning majburiy pullanishi munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari xonandaga ta‘na-dashnom yog‘dirgan. Chiptalar rasman 10 ming so‘mdan 80 minggacha baholangan. “Qiziq, xonandalarimiz o‘z ovozi va mahorati bilan konsertlariga asl muxlislarni jalb qila olishmas ekan, shunday katta saroyni band qilib, zo‘rma-zo‘raki kontsert berishdan nima naf?.. Chiptalarni majburan sotish kabi nayranglarga bir vaqtlar chek qo‘yilgan desak, hamon bunday holatlar davom etayotgani achinarli hol. Mutasaddilarning esa parvoyi palak” deb yozadi “Darakchi” gazetasi.

“Adabiyotshunos Suvon Meli: yosh tanqidchilar kam”

O‘zbekistonda yosh tanqidchilarning yo‘qligi og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda, deb hisoblaydi adabiyotshunos Suvon Meli (“Hurriyat”, 5 noyabr). Adabiyotshunos bu borada Yozuvchilar uyushmasida Yosh munaqqid to‘garagini tashkil etishni taklif qiladi. “Tanqidchi uchun boshqacha iste‘dod, boshqacha tafakkur tarzi zarur. Ayni tahliliy tafakkur kerak! Bu qiyin masala... Tanqidchi so‘zining yomonlash degan ma‘nosi ham bor. Ehtimol shu jihati ham yoshlarni o‘ylantirayotgandir” degan adabiyotshunos Suvon Meli.

XS
SM
MD
LG