Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:24

G. Buxorboyeva: Kiber hujum bois Uznews.net muxbirlari xavf ostida qoldi


Uznews.net nashriga yana kiber hujum uyushtirildi. 10 noyabr kuni nashrning kiber hujum vositasida qo‘lga kiritilgani da‘vo qilingan moliyaviy hisobotlari, grant beruvchilari va muharrir yozishmalari Internetga sizdirildi. Nashr muharriri Galima Buxorboyeva bu galgi hujum muxbirlar hayotiga bevosita tahdid solgani bois, nashrni yopishga majbur qolishi mumkinligini aytdi.

10 noyabr kuni bir vaqtning o‘zida mamlakat tashqarisidagi ikkita o‘zbekcha va bir necha rusiyzabon Internet nashrlarida Uznews.net nashri bosh muharriri elektron pochtasi va shaxsiy kompyuteridan kiber hujum vositasida olingani da‘vo qilingan ma‘lumotlar chop etildi.

Bundan tashqari, Facebook, Odnoklassniki, Twiiter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham ayni mazmunda taqdim qilingan Uznews.net nashri muharriri yozishmalariga oid ma‘lumotlar tarqala boshladi.

Bu ma‘lumotlarda Uznews.net nashri moliyaviy hisobotlari, nashrga grant beruvchi tashkilotlar va ularga taqdim qilingan hisobotlar, jurnalist Galima Buxorboyevaning shaxsiy yozishmalari va muhimi, Internet nashri bilan O‘zbekistondan turib hamkorlik qilgan o‘nlab muxbirga oid ma‘lumotlar bor.

Ozodlik bilan suhbatda Uznews.net nashrining bosh muharriri, 40 yashar jurnalist Galima Buxorboyeva bu ma‘lumotlarning e‘lon qilinishi birinchi galda O‘zbekistondagi hamkorlar hayotini xavf ostiga qo‘yishini ta‘kidladi.

- Bizga qarshi kiber hujum uyushtirilgani ko‘rinib turibdi. Bizga oid konfedensial va shaxsiy ma‘lumotlar el og‘ziga elak qilindi. O‘zbekiston kabi mamlakatda bu ma‘lumotlarda ismi zikr etilganlarga qarshi tazyiqlar bo‘lishi muqarrar, deb ta‘kidladi jurnalist.

Kiber hujum bois, ismi oshkor bo‘lgan O‘zbekistondagi hamkorlarini qanday oqibat kutayotgani haqida Buxorboyeva shunday taxminni tilga oldi:

- Biz bilan oldin hamkorlik qilgan va hozir ishlamayotganlarning ismlari ham oshkor qilingan. O‘zbek rejimi bu ma‘lumotlardan nomi tilga olingan kishilarga qarshi o‘zi bilganicha foydalanishi mumkin. Eng dahshatlisi, bu ma‘lumotlarni o‘zlarini mustaqil jurnalistik tashkilot, deb iddao qilgan nashrlar e‘lon qilganidir. Ular bu bilan ismi oshkor qilingan odamlarga nisbatan jinoyat sodir qilmoqda. Men ularni jurnalist emas, balki xorijga ataylab jo‘natilgan vazifador shotirlar, deb atayman. Ular ataylab G‘arbga kelib, bu qabildagi ma‘lumotlarni sizdirish bilan mashg‘ul. Ular ataylab G‘arbga kelib bu qabildagi ma‘lumotlarni sizdirish bilan mashg‘ul. Ular bu vazifa bilan yillardan beri u yoki boshqa qurbonni nishonga olgan tarzda shug‘ullanayotgan edilar. Menga nisbatan tuxmat va haqorat bo‘lganida chidab keldim. Lekin O‘zbekistondagi hamkorlarimiz hayotini havf ostiga oladigan ma‘lumotni e‘lon qilgan Rizo Obid va Ismat Hushev jinoyat sodir qilmoqda. Men ochiq aytaman. Xozir biz Gollandiyada advokat topdik. Biz bu odamlarga ularning yevropada ekanligini eslatib qo‘yamiz. Ularga Karimovning orqa bog‘chasida yashamayotganligi tushuntiriladi. - dedi Galima Buxorboyeva.

Galima Buxorboyevaning bu ayblovi ortidan Ozodlik muxbiri nomi zikr qilingan Rizo Obid va Ismat Hushev bilan bog‘landi.

Ozodlik bilan suhbatda Rizo Obid Uznews.netga oid konfedinsial ma‘lumotlarni chop qilganidan afsuslanmasligini bildirdi:

- Men Galima Buxorboyevani birovni haqiga hiyonat qilmaydigan ziyoli inson deb bilganman¸ lekin hujjatlarga ishoniladigan bo‘lsa uning ta‘magirlik qilgani ayon bo‘ladi. Men ana shundan afsuslanaman¸deydi suhbatdosh.

Kandada istiqomat qiluvchi jurnalist Ismat Hushev esa ma‘lumotlar chop qilinishidan oldin Buxorboyevaga maktub bilan murojaat qilgani va javob ola olmaganini aytdi:

- O‘zbeklarda sukut alomati rizo degan gap bor. Shu ma‘noda men Buxorboyevaning sukutini rozilik alomati deb noto‘g‘ri tushunibman. Maqolani ikkilanib chop qilgan edim. Xozir vaziyatni tushunib maqolani nashrdan olib qo‘ydim¸ deydi suhbatdosh.

Ayni paytda sizdirilgan ma‘lumotlar ijtimoiy tarmoqlarning biridan ikkinchisiga ko‘chib yuribdi. Bu ma‘lumotlar asosida yangi-yangi maqolalar yozilmoqda.

"Bu manzara fonida sizning navbatdagi qadamingiz nimadan iborat bo‘ladi?" degan savolga jurnalist shunday javob berdi:

- Tan olishim kerak, bu Uznews.net nashri uchun halokatli zarba. Chunki bizning ishimiz O‘zbekistondagi hamkorlarimiz bois, e‘tibor qozongan edi. Hozir saytning faoliyati savol ostida qolmoqda. Hatto, Uznews.net nashrini yopish haqida jiddiy o‘ylayapmiz. Uznews.net yopilishi mumkin, deyish mumkin. Bugun bu qarorni hamkasblarimga ham yetkazaman, - dedi Buxorboyeva.

O‘zbekcha nashrlardan birida Said Ozod (Tahririyat bu muallif haqida ma‘lumotga ega emas) ismli muallif nomidan e‘lon qilingan maqolada Uznews.net da e‘lon qilingan Ukraina Rossiya nizosiga oid maqolalar tilga olinadi.

Maqola muallifi, go‘yoki, Uznews.net da chop etilgan Qrim anneksiyasiga oid maqolalarining nojoizligini ta‘kidlaydi.

Buning ortidan ijtimoiy tarmoqlarda Uznews.net nashriga uyushtirilgan bu galgi kiber hujum ortida Rossiya xavfsizlik kuchlari turibdi, degan ehtimol tilga olinmoqda.

- Rossiyalik ustamonlar bu kiber hujumga katta hissa qo‘shgan. degan fikrga qo‘shilaman. Bugun Ukraina muammosi faqat Ukrainaning muammosi bo‘lmay qoldi. Kremlь sobiq sovet respublikalarini o‘z hududi deb biladi. Putin nazarida bu hududlar Rossiyadan nohaq tortib olingan va ularni egasiga qaytarmoq lozim. Shu bois, biz Qozog‘iston va O‘zbekistonga Putin ko‘z tikayotgani haqida yozgan edik. Bu maqolalar e‘lon qilingandan keyin minglab trollar bizga hujum qilingani esimizda. Bugun Kremlь va O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari birlashib, Uznews.net nashriga qaqshatqich zarba berdi, - deydi Uznews.net nashri bosh muharriri Galima Buxorboyeva.

Uznews.net nashri axborot xizmati o‘laroq O‘zbekistondan xabarlar yetkazishga ixtisoslashgan oz sonli mustaqil media-tashkilotdir.

Sayt O‘zbekiston ichidagi va uning atrofidagi voqealar haqida xolis, aniq va ob‘ektiv axborotlarni tarqatish, demokratiya g‘oyalarini tadbiq etish va mustahkamlash bilan shug‘ullanib keladi.

Uznews.net nashri 2005 yilda ikki o‘zbek jurnalisi Galima Buxorboyeva hamda Qudrat Bobojonovlar tarafidan Toshkentda tashkil qilingan.

Nashr 2005 yil oxirida ham kiber zarba oqibatida izdan chiqarilgan. Siyosiy qochqin sifatida mamlakatni tark qilgan ikki jurnalist 2006 yilda nashrni chet elda qayta tikladi.

Galima Buxarboyevaning aytishicha, shu kunlarda Uznews.net nashrini kuniga 20 ming yangi mushtariy o‘qimoqda.

Галима Бухорбоева билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:12 0:00
Бевосита линк

XS
SM
MD
LG