Линклар

Andijonda biometrik pasport olmoqchi bo‘lgan mehnat muhojirlaridan xorijda ish joyi borligini tasdiqlovchi hujjat talab qilinmoqda. Aks holda fuqaroning pasportiga yumaloq muhr bosilmayapti. Ayni paytda pasportga yumaloq muhr bostirish uchun hokimning ruxsati va tibbiy ma‘lumotnoma ham so‘ralmoqda.

Andijon viloyatidagi pasport bo‘limlari mehnat muhojirligiga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolar agar Rossiya yoki Qozog‘istondagi ish joyidan mehnat shartnomasini taqdim qilmasa, biometrik pasportga yumaloq muhr bosmayapti.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan andijonliklarga ko‘ra, yumaloq muhr bostirish mehnat muhojirlarining asosiy muammosiga aylangan:

“Avvaliga turli bahonalar bilan pechatni bosmay kelayotgan edi. Endilikda ketayotgan davlatdan rasmiy tasdiqlangan mehnat shartnomasini so‘rayapti. Mahallakomlar kim chetga ishlashga ketishi mumkinligi haqida ro‘yxat tuzishgan. Shu ro‘yxat militsiyaga berilgan. Agar siz “Men hech qayerga ketmayman”, desangiz ham ular ishonmayapti. O‘sha ro‘yxatdagilarning pasportiga krugliy pechatь bosilmayapti”, deydi andijonlik mushtariylardan biri.

Sankt-Peterburgda mehnat qiladigan andijonlik yigitning aytishicha, u talab qilinayotgan hujjatni topshirib, pasportiga muhr bostirishga muvaffaq bo‘lgan:

"Men to‘rt yildan beri Sankt-Peterburgdagi firmada ishlayman. Yozda pasportimni almashtirishga kelgandim. Besh oy deganda zo‘rg‘a pasportimni to‘g‘riladim. Ishxonamdan shartnomani oldirdim. Lekin baribir ikki oyda qo‘yib berishdi. Hamma talab qilgan hujjatlarini berdim. Keyin tanish topib, ozgina pul ham berdim", dedi andijonlik yigit.

Andijondan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, xorijga ketmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatidagi fuqarolardan tibbiy ma‘lumotnoma ham talab qilinmoqda:

“Mendan sog‘ligim bo‘yicha poliklinikadan spravka so‘rashdi. Borib medspravka olib keldim. Lekin baribir ikki oydan buyon pasportimga krugliy pechatni bosmayapti”, dedi andijonlik yigit.

Ozodlik avvalroq Andijonning Izboskan tuman IIB pasport bo‘limi xodimlari pasportga yumaloq muhr bostirmoqchi bo‘lgan fuqarolardan tuman hokimligidan yozma ruxsat olib kelishni talab qilayotgani haqida yozgandi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining pasportida yumaloq muhr bo‘lmasa, u Rossiya Federatsiyasi va boshqa MDH mamlakatlari hududiga safar qila olmaydi.

Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mas‘ullari biometrik pasportga yumaloq muhrni bosish borasida hech qanday cheklov yo‘qligini ta‘kidlashdi.

Ayni paytda Andijon viloyat "Mahalla" jamg‘armasining ismini ochiqlamayotganimiz xodimi, xorijga ishlashga chiqishni cheklash borasida og‘zaki ko‘rsatma borligini aytdi:

“Barcha organ xodimlari, mahallakomlar, hokimliklar mehnat muhojirligi ko‘lamini kamaytirish borasida ishlayapti. Chetdagilarni qaytarish ustida jiddiy ishlayapmiz. Kelganlarni qayta chiqarmaslik borasida ham topshiriqlar bor. Krugliy pechatni bosmaslik ham chetga chiqishni kamaytirish uchun xizmat qilayapti”, dedi Mahalla jamg‘armasi xodimi.

O‘zbekistonda fuqarolarni mehnat muhojirligiga chiqarmaslik borasidagi rasmiy tadbirlar boshqa viloyatlarga ham kuzatilmoqda.

Joriy yilning dastlabki ikki choragida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyati bo‘yicha taxminan 15 ming mehnat muhojiri uyiga qaytarildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, militsiya boshchiligidagi maxsus guruh vakillari uyma-uy yurib, xorijdan qaytmaganlarning yaqinlariga bosim o‘tkazmoqda.

Bu tadbir O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona shahridagi majlisda xorijdagilarni O‘zbekistonga qaytarish va ularni ish bilan ta‘minlash borasidagi topshirig‘idan so‘ng boshlandi.

XS
SM
MD
LG