Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:48

"Islomiy davlat" xalifasining Suriyaga olib o‘tilgani aytilmoqda


Iroq Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati "Islomiy davlat"dagi manbalariga tayanib, jarohatlangan xalifa Abu Bakr Bag‘dodiy Suriyaga olib ketilganini ta‘kidlamoqda. Bag‘dodiyning 8 noyabr kuni AQSh yetakchiligidagi koalitsiya havo hujumlari chog‘ida jarohatlangani aytilmoqda. Pentagon bu ma‘lumotni tasdiqlay olmasligini aytmoqda. Vashington Bag‘dodiyni qo‘lga olish imkonini beruvchi aniq ma‘lumot uchun 10 million AQSh dollari miqdorida mukofot puli va‘da qilgan.

10 noyabr kuni oqshom Iroq Ichki ishlar vazirligi AQSh yetakchiligidagi koalitsiya 8 noyabr kuni amalga oshirgan havo hujumlari chog‘ida "Islomiy davlat"(ID) xalifasi Abu Bakr Bag‘dodiy Suriyaga o‘tgan, deb bayonot tarqatdi.

Iroq hukumatining IDdagi manbalariga tayanib ta‘kidlashicha, Bag‘dodiy 8 noyabr kuni og‘ir jarohat olgan va Suriyaga olib o‘tilgan.

Ammo, Iroq hukumatining bu da‘vosi hozircha boshqa manbalar orqali tasdiqlangani yo‘q.

Bu xabarga javoban bayonot bergan Pentagon matbuot xizmati Bag‘dodiy jarohatlanganiga oid ma‘lumotlarni hanuz tasdiqlay olmasligini bildirdi.

Bunga qadar Associated Press agentligi Iroq hukumati rasmiylari mamlakat g‘arbidagi Anbar viloyatida amalga oshirilgan havo hujumlari chog‘ida "Islomiy davlat" yetakchisi Abu Bakr Bag‘dodiy og‘ir jarohat olgani haqida rasmiy televideniyeda chiqish qilganini xabar qilgan edi.

Agentlik Iroq Ichki ishlar vazirligining razvedka boshqarmasi mulozimiga tayanib, havo hujumi 8 noyabr kuni Qaim shaharchasida amalga oshirilganini yozmoqda. Razvedka mulozimi jangarilar ichidagi informator bu haqda hukumatga bildirganini ta‘kidlagan.

Daily Mail nashrining yozishicha, yakshanba kuni Iroq rasmiylari bu xabarni tasdiqlagan va Bag‘dodiy bu hujumlarda "eng kamida jarohatlangani"ni ta‘kidlagan.

Nashr bu hujumlarda Bag‘dodiyning o‘ng qo‘li hisoblangan Abdulrahmon Al‘afariy ismli shaxs o‘ldirilganini xabar qilmoqda.

Iroq xavfsizlik kuchlari rasmiysi Hishom al-Hoshimiy Daily Mail nashriga javoban Al‘afariy Bag‘dodiyning juda yaqin safdoshi ekani va 10 taga yaqin mashina vayron qilingan hujumda o‘ldirilganini aytgan.

"U va Bag‘dodiy kamdan-kam hollarda alohida yurar edi. Shuning uchun ham hujum vaqtida Bag‘dodiy u bilan birga bo‘lgan bo‘lishi mumkin", deya Hoshimiydan iqtibos keltirdi Daily Mail nashri.

Shuningdek, Hoshimiy Al‘afariyning o‘limi uning yaqinlari tomonidan ham tasdiqlanganini aytgan. Hozircha bu xabar boshqa manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Hujumni amalga oshirgan AQSh yetakchiligidagi koalitsiya rahbariyati 8 noyabrь kungi hujumlarda ID xalifasi jarohatlangani yoki o‘lganiga oid ma‘lumotlarni tasdiqlay olmasligini aytmoqda.

Daily Telegraph nashriga so‘zlagan Britaniya qurolli kuchlari Mudofaa shtabi rahbari general Nikolas Houton ham Bag‘dodiy o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni tasdiqlay olmasligini aytgan.

"Men buning mutlaq haqiqat ekanini tasdiqlay olmayman. Ehtimol, buni to‘liq tasdiqlash uchun bir necha kun kerak bo‘ladi", deya generaldan iqtibos keltirdi Daily Telegraph nashri.

Dunyo matbuoti xalifa, deb e‘lon qilinganidan buyon "ko‘rinmas shayx" nomini olgan Bag‘dodiy jarohatlandimi, o‘ldimi yoki g‘oyib bo‘ldimi, degan savolga javob qidirayotgan bir paytda ID safida yurgan o‘zbek mujohidlari bu xabarni inkor qilib, Ozodlikka yozmoqdalar:

"Aniq yolgon habar men kecha bagdodiyni on qoli bilan uchirashdim ismi abu husayn unaqa habar yoq", deb yozdi ismini oshkor qilmayotgan va hujum sodir etlgan kunda Mosulda bo‘lganini aytgan o‘zbek mujohidi.

Ozodlikka shu kunga qadar bog‘lanayotgan o‘zbek mujohidlari orasida Abu Bakr Bag‘dodiyni ko‘rganini aytgan mujohid uchramadi. Ularning aytishicha, Bag‘dodiy hamisha mahfiy suratda harakatlanadi, shu bois uning jarohatlanganiga oid xabarlarni ham aniq tasdiqlash mushkul:

"Agarda shaxid bolgan bolsada, yana boshka xalifa saylab olamiz. Ulim (o‘lim) xak, xar bir jon ulim sharbatini totguvchidir. Bu din alloxni dini, abu bakrning dinimas inshaallax. Lekin yolgonligi anik, kofirlar atey shunaka gap tarkatishni yaxshi koradi", deb yozdi ID xalifaligida jang qilayotganini da‘vo qilgan va 10 noyabrь kuni WhatsApp orqali Ozodlikka bog‘langan o‘zbek.

Shu yil 1 iyul kuni Internet vositasida tarqatilgan videobayonotda Abu Bakr Bag‘dodiy “Islomiy davlat” xalifasi etib saylanganini e‘lon qilgan va dunyo musulmonlarini jihodga da‘vat qilgan.

29 iyun kuni sobiq “Iroq va Shom islomiy davlati” guruhi Suriyaning Halab viloyatidan Iroqning Diyala viloyatigacha bo‘lgan hududda xalifalik o‘rnatilganini e‘lon qilgan va nomini “Islomiy davlat”, deb o‘zgartirgan edi.

43 yoshga kirgan Bag‘dodiy Iroqning Samarra shahrida tug‘ilgan va AQSh qo‘shinlari Iroqda bo‘lgan davrda masjidda mullalik qilgan. U Bag‘dod universitetida islomiy ilmlarni o‘rgangan va doktorlik darajasiga erishgan.

Vashington ma‘muriyati Bag‘dodiyni qo‘lga olish imkonini beruvchi aniq ma‘lumot uchun 10 million AQSh dollari miqdorida mukofot puli va‘da qilgan.

XS
SM
MD
LG