Линклар

logo-print

Qirg‘iz-o‘zbek chegarasida olti kishi yarador bo‘ldi


Qadamjoyni Qizilqiya shahri bilan bog‘lab turadigan avtoyo‘lning bir qismi.

Qadamjoyni Qizilqiya shahri bilan bog‘lab turadigan avtoyo‘lning bir qismi.

Qizilqiya-Qadamjoy avtoyo‘lida 10 noyabr kuni O‘zbekiston chegarachilari fuqarolarga qarshi qurol qo‘llagani oqibatida to‘rt nafar o‘zbekistonlik va Qirg‘izistonning Qadamjoy tumani Markaz qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro tan jarohati oldi.

Bu haqda Ozodlikka voqea guvohlari xabar qilishdi.

Qirg‘iziston Chegara xizmati mulozimlarining o‘zbekistonlik hamkasblari so‘zlariga tayangan holda ma‘lum qilishicha, qirg‘izistonlik ikki fuqaro Hyundai Porter rusumli ikki yuk mashinasida kontrabanda yukini (tovuq va o‘rdak oyoqlarini) qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘g‘rincha olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Ayni paytda guvohlari mashinada besh nafar o‘zbekistonlik ham bo‘lganini aytishmoqda.

Qirg‘izistonliklar mashinasini Qizilqiya-Qadamjoy yo‘li chetida to‘xtatishib, undan kontrabanda molini tushirayotgan paytda bu yerga O‘zbekiston chegara naryadi yetib kelgan. Qo‘lga olish chog‘ida qarshilik ko‘rsatishgani uchun o‘zbekistonlik chegarachilar ularga qarshi qurol qo‘llagan.

Pirovardida qirg‘izistonliklardan biri hamda o‘zbekistonliklarning beshalasi yarador bo‘lib, O‘zbekistonning Vodil qishlog‘idagi kasalxonaga yetkazilgan. Yaradorlarning ahvoli qandayligi to‘g‘risida hozircha ma‘lumot yo‘q.

Ayni paytda Farg‘ona tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari Ozodlikka kechagi hodisa chog‘ida o‘zbekistonliklar yarador bo‘lgani to‘g‘risida o‘zlariga hech narsa ma‘lum emasligini bildirishdi. Vodil shifoxonasiga bir qirg‘izistonlik yarador olib kelinganini tasdiqlagan birlashma xodimi uning jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgani, amaliyot 10 soatcha davom etgani, hozir qirg‘izistonlik fuqaro uyquda ekani, uyqudan 8-10 soatlardan keyin uyg‘onishi mumkinligini ma‘lum qildi.

Qirg‘izistonlik fuqarolarning ikkinchisi esa qirg‘iz chegarachilari tomonidan “Ayribas” nazorat-o‘tkazish maskanida tutilib, Davlat milliy xavfsizlik xizmatining Qadamjoy tuman bo‘limi xodimlariga topshirilgan. Qirg‘iziston Chegara xizmati hozirda sodir bo‘lgan noxush hodisa sabab va holatlari o‘rganilayotganini ma‘lum qiladi.

Qizilqiya-Qadamjoy avtoyo‘li O‘zbekiston hududi orqali o‘tuvchi tranzit yo‘l bo‘lib hisoblanadi. Bu yo‘ldan faqat Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘ta oladi. Ayni paytda qirg‘izistonliklar tranzit yo‘lida to‘xtatib turish huquqiga ega emas.

XS
SM
MD
LG