Линклар

logo-print

Toshkentdagi qora bozorlarda AQSh dollari 10 noyabr kuni 3 ming 450 so‘mga chiqdi va O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon rekord darajada qimmatladi. Bunga qadar qora bozorda AQSh dollari narxi 3 ming 50 so‘mgacha ko‘tarilgan edi. Rossiyada rubl arzonlashi ortidan O‘zbekistonga xorijdan kelayotgan valyuta hajmining sezilarli darajada pasaygani nafaqat qora bozor, balki dehqon bozorlarida ham narxning keskin oshishiga olib keldi.

Toshkentdagi Oloy va Qo‘yliq qora bozorlarida 10 noyabr kuni 1 AQSh dollari 3 ming 450 so‘mga chiqdi.

Oloy bozoridagi vaziyatni kuzatgan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, sarroflar dollar narxining oshishini Rossiya bozoridagi vaziyat bilan bog‘lamoqda:

- Oloydagi qora bozorda bugun dollar narxi 3 ming 450 so‘mdan sotildi, aholidan esa 3 ming 410 so‘m, 3 ming 415 so‘mdan sotib olindi. Sarroflar ertaga 3 yarim mingga chiqadi, deb turishibdi, - deydi jurnalist.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan beri qora bozorda AQSh dollarining bu qadar qimmat narxga sotilgani qayd etilmagan edi.

- Mustaqillikdan beri dollar qora bozorda 3 ming 50 so‘mga chiqqan edi. Sarroflarning o‘zlari bu vaziyatni Rossiyada rubl tushishi bog‘layapti va tabiiyki, bu hammaga ayon hozir. Kutilganidek, bozorda ham narx-navo oshib ketdi. Keyingi bir necha kundan buyon narx oshayapti hozir. Masalan, eng arzon qo‘sh go‘shtining narxi 25-30 ming so‘m, supermarketlarda esa 35-40 ming so‘mga chiqdi. Hatto, dorixonada dori ham qimmatladi, - deydi jurnalist.

10 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki 1 AQSh dollari narxini 45 rubl 89 kopeyka, deb e‘lon qildi. Bir oy oldin 1 AQSh dollari 40 rubl 20 kopeyka edi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Toshbekning fikricha, Toshkent qora bozorlarida dollar narxining oshishi Rossiya rublining qadrsizlanishiga bilvosita bog‘liq, ammo bevosita emas.

Garchi sarroflar Rossiyada dollar oshganiyu muhojirlarlardan kelayotgan xorijiy valyuta oqimining ozaygani bois, dollar narxi oshganini aytayotgan bo‘lsa-da, aslida narxni sun‘iy oshirishga oid navbatdagi amaliyot bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi iqtisodchi.

- O‘zbekistonda dollar narxining oshishi va tushishi mavsumiy xarakterga ega. Misol uchun, har yili Yangi yil bayrami oldidan dollar arzonlaydi. So‘m tanqisligi boshlanadi. Ya‘ni, hozir spekulyantlar shu vaziyatdan foydalanib, dollarni narxini oshirib yuborgan bo‘lishi mumkin. Hozir qimmat narxda dollarni sotadi, keyinroq arzonda sotib oladi va oradagi farqdan kattagina daromad qiladi, degan fikrlar ham bor, - deydi muqobil fikrni tilga olgan iqtisodchi Toshbek.

Shu kunlarda O‘zbekiston Markaziy banki ham AQSh dollar rasmiy kursini 4 so‘m 25 tiyinga oshirdi va hozir rasmiy kurs 2 ming 392 so‘mu 50 tiyinga yetdi.

Ismini oshkor etmasligimizni so‘ragan yana bir toshkentlik iqtisodchi fikricha, O‘zbekistonda dollar rasmiy kursining oshishi bozordagi vaziyat bilan bog‘liq emas:

"Dollar rasmiy kursining yiliga 10-12%ga oshishi makroiqtisodiy prognozga kiritilgan. Shu sababdan, bu yerda bozor prinsipi yo‘q. Bundan tashqari, hozirda rasmiy kursni qora bozor kursiga yaqinlashtirish va kurslar unifikatsiyasi strategiyasi ham kun tartibida umuman yo‘q. Aslida, unifikatsion kurs iqtisodiyot va tashqi savdoni liberallashtirish uchun juda ahamiyatli masala", deb yozdi iqtisodchi.

O‘tgan yili Rossiyaning turli o‘lkalaridan O‘zbekistonga 6,633 milliard dollar mablag‘ jo‘natilgan. Rossiya Markaziy banki hisobotiga ko‘ra, bir yil oldin bu ko‘rsatkich taqriban 17 foizga kamroq bo‘lib, 5,668 milliard dollarni tashkil etgan.

Muhimi, o‘tgan yil davomida ikki mamlakat o‘zaro pul ayirboshlashi 7 milliard 196 million dollar mablag‘ni tashkil etgan.

Endilikda Rossiyada rubl qadrining shitob bilan tushishi bu davlatdan O‘zbekistonga boradigan xorijiy valyuta - asosan, AQSh dollari hajmining sezilarli ravishda kamayishiga olib kelishidan xavotir bildirilmoqda.

- Bu holda, birinchidan, Rossiyada rublda oylik olib, uni dollarda O‘zbekistonga jo‘natgan muhojirlar yutqazadi. Uning O‘zbekistondagi oilasi esa dollarni qimmatroqqa almashtirsa ham yutgan pulini bozordagi qimmat narx-navodagi mahsulotga sarflaydi. Natijada, ikki tomon ham oxir-oqibat yutmaydi, balki qanchadir miqdorda yutqazadi ham, - deb hisoblamoqda toshkentlik iqtisodchi.

Lekin, iqtisodchi Toshbek hozircha bunday xulosaga shoshilmaslik kerak, degan fikrda:

- Yil oxiriga kelganda bozorda shunaqa ko‘tarilish-tushishlar bo‘ladi. Shuning uchun yil oxirini kutish kerak va statistikani ko‘rish kerak. Biz kutgandan ko‘ra boshqacharoq natijalar bo‘lishi mumkin, - deb ta‘kidlaydi Toshbek.

O‘zbekiston qora bozorlaridagi bugungi vaziyatni sharhlagan yana bir iqtisodchi Ozodlikka O‘zbekistonda qora bozorga ishi tushadigan fuqarolar uchun bir tavsiyasini yo‘lladi:

"Daromadi so‘mda bo‘lganlar xarajati dollarda bo‘lmasa, hozir dollar oladigan payt emas. Daromadi dollarda bo‘lganlar yaqin oradagi katta bo‘lmagan xarajatlari so‘mda bo‘lsa, dollarni sotganlari ma‘qul. Jamg‘armasi dollarda bo‘lganlarga, masalan, almashtirib, mol-qo‘y olib qo‘yishlari maqsadga muvofiqroq", deb yozdi toshkentlik iqtisodchi.

XS
SM
MD
LG