Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:23

Rossiyaliklar "uzbechka"larni suymay qo‘ydi


Evropa biznesi uyushmasi Avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi Rossiyada 2014 yilning yanvar-oktabr oylarida avtomobil importiga oid statistika ma‘lumotlarni e‘lon qildi. Ushbu ma‘lumotlarga ko‘ra, “GM-Uzbekistan” Rossiya bozorida 33, 472 dona avtomashina sotgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 27 foizga kamdir.

Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida Rossiyada O'zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar sotilishi kamayib ketgan.

Moskvadagi Yevropa biznes uyushmasi Avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, joriy yilning yanvar-oktabr oylarida Rossiyada 33, 472 dona GM Uzbekistan mashinalari sotilgan.

Bu raqamlarni o‘tgan yilning ayni shu davriga qiyoslasak¸ o‘zbek avtomobillari savdosi Rossiyada qariyb 27 foizga pasayganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan yilning ayni davrida Rossiyada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 49 014ta avtomobil realizatsiya qilingan edi.

Shu yilning oktabr oyida esa o‘zbek avtomobillarining Rossiyada sotilishi 64 foizga kamayib ketdi.

O‘tgan oy Rossiyada 1819ta GM Uzbekistan mashinalari sotilgan. O‘tgan yilning oktabr oyida 5921, ya‘ni deyarli uch baravar ko‘p o‘zbek mashinasi sotilgan edi.

Evropa biznes uyushmasi Avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi e‘lon qilgan ro‘yxatda GM Uzbekistanda tayyorlangan biron-bir mashina Rossiyada eng kӯp sotilgan 25 ta xaridorgir avtomobil qatoriga kirmagan.

Ro‘yxatda so‘nggi to‘qqiz oy ichida Rossiyada eng ko‘p sotilgan mashina Tolyatti zavodida ishlab chiqarilayotgan "Lada" avtomobilidir.

Shu yilning yanvar-oktabr oylarida Rossiyada 321 590 ta "Lada" avtomobili sotilgan.

Rossiya avtomobil bozoridagi vaziyat bilan yaxshi tanish bo‘lgan “Kolesa”jurnali bosh muharriri Andrey Shepelev GM Uzbekistan mashinalari sotilishi kamayganini shunday izohlaydi:

- Haqiqatan GM Uzbekistan mashinalari sotilishi sezilarli kamaydi. Sababi, O‘zbekistonda chiqayotgan mashinalarning modellari ancha eskirib qolgan. Rossiyaliklar sevgisini qozongan o‘sha “Nexia” ham “Matiz” ham hozir chiqayotgan boshqa mashinalarga konkurensiya bobida bas kelolmay qoldi. Hatto o‘zimizda chiqayotgan VAZ mashinalarini sifati ham ancha yaxshilanib qoldi. Ikki yil avval chiqarilgan “Gentra” mashinalari ham Rossiya bozorida o‘zini oqlamadi. Raqobatchilik kuchaydi. Hozir Xitoy ham Rossiya bozorini o‘zini mashinalari bilan to‘ldirib tashlayapti. Oldin uncha boy bo‘lmagan rossiyaliklar orasida ikkita tanlov "Lada" yoki "Nexia" bo‘lgan bo‘lsa, hozir bir qancha modellar o‘rtaga chiqmoqda. Aynan mana shu omil o‘zbek mashinalari sotilishiga ta‘sir qilmoqda, deydi Andrey Shepelev.

Avvalroq rossiyalik avtomobil ishlab chiqaruvchilar Rossiya prezidenti Putinga murojaat qilib, GM Uzbekistan mahsulotlarini mamlakat hududiga olib kirishni cheklashni so'rashgandi.

- Toshkent hukumati chet el mashinalari, jumladan, Rossiya avtomobillarini O‘zbekiston bozorida sotish uchun qiyinchiliklar yaratgani, soliqlarni ko‘targani uchun javobiy chora qӯllanishi zarur degan fikr bildirilyapti. Agar bu amalga oshsa, o‘zbek mashinalari uchun Rossiya bozorida maydon yana da torayadi, deydi Shepelev.

Ayni bir paytda, Rossiya matbuoti xabarlariga ko'ra, Rossiyada faqat O'zbekiston avtomobillari emas, balki umuman mashinalar savdosi kamayib ketgan.

Yevropa biznes uyushmasi Avtomobil ishlab chiqaruvchilar qo‘mitasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, Rossiyada avtomobillar sotilishi so‘nggi to‘qqiz oy davomida o‘tgan shu davrga qaraganda 12,7 foizga kamaygan. Shu yilning yanvar-oktabr oylari oralig‘ida Rossiyada 1 991 312 ta mashina sotilgan.

Rossiya avtomobil bozoridagi vaziyatni kuzatib boruvchi Moskvadagi Avtostat tahlil markazi mutaxassisi Aleksey Kovolenko avtomobillar sotilishi yil oxirigacha yana kamayishini aytadi:

- Mashina bozoridagi eng katta tushish oktabr oyida kuzatildi. Bu eng avvalo rossiyaliklarning ertangi kunga ishonqiramay qaray boshlagani bilan bog‘liq. Hozir urush bo‘layotganini hamma ko‘rib turibdi. Kelajak uchun samrmoya qilish xavfli. Chunki mashina sotib olish uzoq muddatga sarmoya qilish deganidir. Ikkinchi sabab banklardagi vaziyat bilan bog‘liq. Kreditlar olish qimmatlab ketdi. Hozir yiliga 10 foizlik ustama bilan kredit olish imkonsiz. 15 foizlik kredit bilan mashina olishga ko‘pchilikni cho‘ntagi ko‘tarmaydi. Bularni hammasi mashinalar sotilishiga salbiy ta‘sir qilmoqda, yilni oxirigcha mashinalar sotilishi yana kamayishi mumkin, dedi Kovolenko.

Rossiyada mashina savdosi bozorida xaridor kamaygani GM-Uzbekistan mashinalariga O‘zbekistonda taklif oshishiga olib kelishi mumkin, demoqda tahlilchilar.

Lekin “Kolesa” jurnali bosh muharriri Andrey Shepelev fikricha, bu yaqin fursatda ro‘y berishi dargumon:

- Qaysidir ma‘noda, O‘zbekistonda mashinalarga taklif oshishi mumkin. Lekin, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar shundoq ham Rossiyaga qaraganda 20 foizga qimmat sotilishi bizga ayon. Bundan tashqari o‘zbekistonliklarga o‘zida ishlab chiqarilayotgan mashinalardan boshqa tanlov yo‘q. Balki, Rossiyada haridor kamayishi ortidan GM Uzbekistan o‘zbekistonliklar uchun ko‘proq mashina taklif etishni boshlar. Lekin buni yaqin orada ro‘y beradi deb aytish qiyin. Sababi oldin ham Rossiyada o‘zbek mashinalariga talab kamaygan paytda O‘zbekistonda taklif oshganini kuzatmaganmiz, deydi Andrey Shepelev.

Andijondagi GM Uzbekistan qo‘shma korxonasi yiliga 250 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqaradi.

Boshqa davlatlarda GM Uzbekistan mahsulotlari arzon sotilayotgan bir paytda o‘zbekistonliklarning o‘zlari avtomobil xarid qilish uchun oldindan pul to‘lab, ustiga-ustak, uni oylab kutishadi.

XS
SM
MD
LG