Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 13:35

Cotton Campaign: O‘zbekiston majburiy mehnat ko‘lamini kengaytirdi


14 noyabr kuni Sotton Campaign guruhi e‘lon qilgan bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 2014 yilgi paxta mavsumida millionlab odamlarni terimga jalb etgan holda majburiy mehnat ko‘lamini yanada kengaytirgan. Mazkur tashkilot O‘zbekistondagi joriy yilgi paxta mavsumida kamida 17 odam qurbon bo‘lganini aniqlagan.

"Cotton Campaign" guruhi bayonotida 2014 yilgi terim mavsumida O‘zbekiston hukumati bolalar va kattalardan iborat milliondan ortiq fuqarosini jazolash tahdidi bilan o‘ta dahshatli sharoitlarda paxtaga safarbar qilgani aytiladi.

"16 yoshdan past bo‘lgan bolalar soni paxta dalalarida sezilarli darajada kamaygani bilan hukumat to‘laligicha hosil terimida majburiy mehnatdan voz kechgani yo‘q", demoqda guruh faollari.

Mazkur guruh ma‘lumotiga ko‘ra, hukumat bu yil ham paxta maydonlariga davlat byudjeti xodimlarini ko‘proq chiqarish evaziga 18 yoshdan kichik bolalarning yig‘im-terimga safarbarligini kamaytirgan bo‘lsa-da, hukumat bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatmagan. Mahalliy hokimiyatlar va maktab direktorlarining tahdidlari ostida 18 yoshdan kichik bo‘lganlar ham yig‘im-terimga yo‘llangan.

- O‘zbekistonda paxta yetishtirish inson huquqlarining ko‘lamli buzilishi, jumladan, majburiy mehnat evaziga amalga oshiriladi. Paxtaga chiqarilayotgan bolalar sonini kattalarni terimga ko‘proq safarbar etish evaziga kamaytirish yetarli emas. O‘zbekiston hukumati majburiy mehnatdan butunlay voz kechishi kerak, - deydi Cotton Campaign guruhi tarkibiga kiruvchi Berlindagi O‘zbekiston – Germaniya forumi rahbari Umida Niyozova.

Cotton Campaign faollariga ko‘ra, O‘zbekistondagi majburiy mehnat tizimi bu yil kamida 17 odam o‘limiga ham sabab bo‘lgan. Bu yilgi paxta mavsumi qurbonlari soni o‘tgan yilgiga qaraganda oltitaga ko‘pdir.

Paxta dalalaridagi o‘lim xolatlari haqida Ozodlik avval xabar bergan.

Bolalar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konventsiyaga muvofiq 18 yoshgacha bo‘lganlar bola hisoblanadi.

Aynan shuni e‘tiborga olib O‘zbekiston hukumati bu yil 18 yoshgacha bo‘lganlar paxtaga olib chiqilmasligi haqda qaror qilgan edi.

Lekin O‘zbekistondagi mahalliy hokimlar paxta rejasini bajarish majburiyati ortidan 18 yoshga to‘lmaganlarni dalaga haydab bo‘lsa ham rejani bajarishga harakat qilgani kuzatildi.

- O‘zbekistonda paxta davlat siyosati. Paxta bilan bog‘liq majburiyat mehnat hollariga aynan davlat mas‘ul. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi isloh etilishi va kvota tizimi bekor qilinib, fermerlarga erkinlik berilishi kerak, - deydi Umida Niyozova.

Har yili o‘zbekistonlik paxtakorlar hukumatga paxta xomashyosi topshirish yuzasidan kvota olishadi. Kvotani bajarmagan fermer xo‘jaliklari jazolanadi. Ozodlik paxta rejasini bajarmagani uchun hokimdan tanbex eshitgan fermerlar o‘z joniga qasd qilgani hollari haqida ham xabar bergan.

"Cotton Campaign" tashkiloti inson huquqlari, mehnat, sarmoya va biznes guruhlari koalitsiyasidir.

Shu paytga qadar dunyodagi yuzdan ziyod shirkat majburiy mehnat mahsuli hisoblangan o‘zbek paxtasidan voz kechgan.

O‘zbekiston hukumati esa o‘z paxta sanoati majburiy mehnatga asoslanganini rad qilib keladi.

XS
SM
MD
LG