Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:35

Senat amnistiya to‘g‘risida qaror qabul qildi


O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 16- yalpi majlisida mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 22 yilligi munosabati bilan “Amnistiya to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Amnistiyaga ko‘ra, ilk bor jinoyat sodir qilgan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet davlat fuqarolari jazodan ozod qilinadi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining 16-yalpi majlisida “Amnistiya to‘g‘risida”gi qaror O‘zbekiston Prezidentining shu masala yuzasidan kiritgan taqdimnomasi asosida qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, birinchi bor jinoyat sodir etgan ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar hamda chet davlat fuqarolari jazodan ozod etiladi.

Shuningdek, ehtiyotsizlik oqibatida jinoyat sodir etgan shaxslar, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun birinchi marta hukm qilingan shaxslar jazodan ozod qilinishi aytilayapti.

Hozircha qancha mahkum amnistiyaga tushishi Ozodlikka noma‘lum.

Qarorga ko‘ra, mutasaddi idoralar tomonidan tergov, sud jarayonidagi ishlar yoki mahkumlarning shaxsiy yig‘ma jildlari o‘rganib chiqiladi va qarorda ko‘rsatib o‘tilgan parametrlarga to‘g‘ri keladigan shaxslarning ishlarini prokurorlarning taqdimnomasiga binoan sudlar hal qiladi.

Diniy va siyosiy motivlar bilan qamalganlarga nisbatan amnistiya qo‘llanilishi yoki qo‘llanilmasligi haqida hozircha Ozodlik aniq ma‘lumotga ega emas.

O‘zbekiston hukumati qonunchilikda siyosiy jinoyat moddasining yo‘qligi bois, “siyosiy motivlar” bilan qamalganlar yo‘qligini aytib keladi. Rasmiylar fikricha, fuqarolar taqiqlangan tashkilotlarga a‘zo bo‘lib, tinchlik va xavfsizlikka yoki jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston va xorijdagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari hamda siyosiy muxolifat vakillari yillar davomida O‘zbekiston JKning 159, 244-1, 244-2 moddalari asosida qamalgan va "siyosiy mahbus" deb ataladigan mahbuslarga nisbatan amnistiya qo‘llanmay kelayotganiga oid hisobotlarini chop etib keladilar.

Bu hisobotlarda Murod Jo‘rayev, Samandar Qo‘qonov, Muhammad Bekjonov, Xayrulla Hamidov, Rustam Usmonov, Ruhiddin Faxriddinov, Solijon Abdurahmonov, Qobiljon To‘lashev, Mo‘tabar G‘ofurova, Mehriniso Hamdamova, Avaz To‘xtaxo‘jayev, G‘anixon Mamatxonov, A‘zam Turg‘unov, Alisher Karomatov, A‘zam Farmonov, Dilmurod Saidov va boshqalarning ismlari tilga olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 21 yilligi munosabati bilan o‘tgan yili e‘lon qilingan amnistiyaga ilingan 69 yarim ming mahbusdan 43 mingi jinoiy javobgarlik va jazodan ozod qilingan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston qamoqxonalarida 500 ming nafarga yaqin mahbus borligi aytiladi.

XS
SM
MD
LG