Линклар

logo-print

Ozodlikka murojaat qilgan Olmazor Tibbiyot kolleji o‘quvchisi salomatligi tufayli darsga bora olmagani¸ qo‘lida tibbiy spravka borligiga qaramay¸ o‘qituvchilar har qoldirilgan dars uchun 1000 so‘mdan to‘lab qo‘yishni talab qilayotganidan arz qildi.

“Balki boshqalarga bilinmas¸ lekin biz qo‘li yupqa oilamiz. Ahvolimiz ba‘zida nonga pul izlab qoladigan darajada. Shuning uchun bunaqa talab og‘ir botayapti. Do‘xtirdan spravka o‘tmasmish. Biz spravkani qanday olishlaringni bilamiz¸ o‘zimiz tibbiyotchimiz¸ deyishdi. O‘zi tuzuk-quruq dars ham yo‘q. Ko‘pincha ustimizga oq xalat kiyib¸ farroshlik qilamiz o‘zi”¸ deydi Ozodlikka murojaat qilgan Tibbiyot kolleji o‘quvchisi.

Uning ta‘kidicha¸ ustidagi yupqa xalati bilan sovuq kunda hovli supurishga majburlangach¸ shamollab kasal bo‘lib qolib dars qoldirishga majbur bo‘lgan. Lekin ma‘muriyat va o‘qituvchilar bu izohni inobatga olish fikridan yiroq.

Kutilgani kabi mazkur kollej ma‘muriyati o‘quvchilardan kelgan bunday arzni asossiz deb atadi:

- Medspravka nega o‘tmas ekan¸ o‘tadi. Lekin o‘quvchi baribir qoldirilgan har bir para darsni otrabotka qilishi kerak. Qoldirilgan mana bu mavzuni o‘qidim¸ deb keladi daftarni to‘ldirib¸ otrabotka qilinadi beshga¸ to‘rtga yoki uchga. Bola o‘qib kelishi shart. Hech qanaqa pul-mul yo‘q bu yerda¸ dedi kollej ma‘muriyatining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Nafaqat Olmazordagi Tibbiyot kolleji¸ balki Toshkent va viloyatlardagi o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchilari ham sabablimi¸ sababsizmi dars qoldirish uchun belgilangan narx stavkalari borligi haqida Ozodlikka xabar yo‘llashgan.

Aksar tuman kollejlari yuqori sinf o‘quvchilari Rossiya va Qozog‘istonga ishlashga ketgani bois¸ davomat daftariga NB tushmasligi uchun mudir va o‘qituvchilarga muntazam haq to‘lab kelgani iddao qilinadi.

O‘quvchilar davomati Bosh prokuror nazoratida

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Vazirlar Mahkamasi nashri “Pravda Vostoka” gazetasining o‘tgan yil 2 iyul sonida e‘lon qilgan maqolasida kollejlar o‘quvchilari davomatiga oid tashvish bildirgan edi.

O‘z maqolasida kollej va akademik litseylar o‘quvchilarining dars qoldirishi sabablarini tahlil qilgan Rashidjon Qodirov¸ 2012-2013 o‘quv yilida kollejlar va akademik litseylarning 5 mingdan ziyod o‘quvchisi sistematik tarzda dars qoldirgani bildirgan edi.

Davomatdagi uzilishlarning ikki asosiy sababi borligi ta‘kidlagan Bosh prokuror¸ bunga o‘quv yurtlari rahbariyatining jinoyatkorona harakatlari hamda ota-onalar va boshqa mas‘ul shaxslarning jinoyatga tenglashuvchi loqaydligini tilga olgan edi.

Davomatni yopish uchun o‘quvchilardan pora olinayotgani Bosh prokuror ta‘kidlagan “o‘quv yurtlari rahbariyatining jinoyatkorona harakatlari”ga kiradimi-yo‘qmi¸ bunisi maqolada ochiqlanmagan. Ammo o‘quv yurtlarida ishlayotgan o‘qituvchilar e‘tiroficha¸ nafaqat Olmazor Tibbiyot kolleji¸ balki aksar o‘quv yurtlari¸ ayniqsa¸ oliy o‘quv yurtlarida qoldirilgan dars jazosini pul bilan o‘tash amaliyoti keng tarqalgan.

- Chora¸ dars qoldirgan talabaga hayfsan e‘lon qilishdan uni o‘qishdan haydashgacha boradi. Deylik¸ talaba 20-20 soat dars qoldirgan bo‘lsa¸ do‘xtirdan spravka olib keladi¸ lekin otrabotka uchun dekan va o‘qituvchilarga 50-100 ming so‘mgacha pora ham beradi. Dekan va zamdekanlar “davomat solig‘i”ga juda mazaxo‘rak bo‘lib qolishgan¸ deydi O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlaridan birining Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchisi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ kollejlar o‘quvchilari davomatining Bosh prokuratura doimiy va sinchkov nazorati ostiga olingani¸ davomatni yopish uchun olinayotgan porani yo‘q qilish o‘rniga¸ uning miqdori oshishiga xizmat qilgan¸ xolos.

XS
SM
MD
LG