Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:51

O‘zbekiston aeroportlari va chegaralarida Ebolaga qarshi nazorat kuchaytirildi


Toshkentning xalqaro aeroportida har bir yo‘lovchini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazuvchi va masofadan turib isitmasini o‘lchaydigan maxsus teplovizorlar o‘rnatildi.

Shunday uskunalar bilan Buxoro, Samarqand, Urganch va Navoiy shahri aeroportlari ham jixozlandi.

O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan chegara maskanlaridan mamlakatga o‘tayotgan har bir yo‘lovchi ham tekshirilmoqda.

Mazkur choralar O‘zbekistonga Ebola virusining kirib kelishi oldini olish maqsadida ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati Bosh boshqarmasi boshlig‘i Komil Muhammedov Ozodlik bilan suhbatda kasallikning O‘zbekistonga kirib kelishi extimoli borasida ortiqcha xavotir yo‘q ekanini aytdi.

Janob Muhammedov chetdan har qanday yuqumli kasallik, jumladan, Ebola virusining ham kirib kelishini oldini olish uchun aeroport va chegara maskanlarida nazorat kuchaytirilganini bildirdi.

- Hozirgi paytda Afrikada tarqalgan va keng tarqalish xavfi bor bo‘lgan bu virus nazoratini olib borish uchun bizda har bir chegara maskanida, jumladan, aeroport, vokzal va chegaradan avtotransport o‘tish joylarida sanitariya –nazorat punktlari bor. Har bir gumon qilingan shaxs o‘sha punktdan o‘tayotganda isitmasi tekshirilib, agar nimadir gumon qilinsa, darrov izolyatsiya qilinib, tegishli tadbirlar o‘tkaziladi. Xalqaro aeroportlarimizda teplovizorlar o‘rnatilgan. Chegara maskanlarimizda ham masofadan isitmani o‘lchaydigan moslamalar bor. Hozir bu kasallikni mamlakatga kirishini olish uchun barcha chora tadbirlar ko‘rilgan, - dedi Muhammedov.

O‘zbekistonning ko‘pgina aeroportlarida shubhali ko‘ringan yo‘lovchilar har doimgidek tekshirilmoqda. Hozircha aeroportda Ebola kasalligi beradigan alomatlar bilan hech kim qayd etilmagan.

Yaqinda O‘zbekiston hukumati rasmiylari Ebola virusining mamlakatga kirib kelishi oldini olish maqsadida o‘z fuqarolarini ushbu virus tarqalgan mamlakatlarga safar qilishini chekladi.

Ayni paytda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kasallik o‘chog‘i sanalgan Liberiyada Ebola tarqalishi pasaya boshlaganini bildirmoqda.

Shu kunga qadar Ebola virusi dunyoda besh mingdan ziyod odam yostig‘ini quritdi.

XS
SM
MD
LG