Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:03

Namunaviy uylar "brak"ligi uchun Koson tumani hokimi ishdan olindi


Koson tumani hokimi brak namunaviy uylar uchun ishdan olingani aytiladi
Koson tumani hokimi brak namunaviy uylar uchun ishdan olingani aytiladi

O‘n yildan buyon Qashqadaryo viloyatidagi Koson tumani hokimi bo‘lib ishlab kelayotgan Sayfulla Azizov vazifasidan ozod qilindi. Rasman u “o‘z arizasiga ko‘ra” ishdan bo‘shatilgan bo‘lsa-da, mustaqil manbalar hokim paxta terimida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani va namunaviy uylarni brak qilib topshirgani uchun ishdan olinganini aytmoqdalar.

Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimi Sayfulla Azizov 12 noyabr kuni favqulodda ishdan bo‘shatildi. Bu haqda Ozodlikka xabar bergan kosonlik manbaga ko‘ra, hokimning o‘zi ham bu yangilikdan esankirab qolgan:

“Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari 12 noyabr kuni Koson hokimiyatiga kelib, Sayfulla Azizovdan o‘z xohishi bilan ishdan bo‘shashi haqida ariza yozdirib olgan. O‘sha kuni Azizovning birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Bobur Qo‘yboqarovni hokim vazifasini vaqtincha bajaruvchi qilib tayinlab ketgan. Bu haqda menga hokimiyatda ishlaydigan tanishim aytib berdi”, dedi manba.

Suhbatdoshning aytishicha, viloyat hokimi o‘rinbosari Sayfulla Azizovning ishdan bo‘shatilishi sabablarini ochiqlamagan.

Kosonlik boshqa bir manbaning tuman hokimiyatida ishlaydigan tanishining gapiga tayanib aytishicha, Sayfulla Azizov paxta terimida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani va namunaviy uylar sifatsiz qurilganligi uchun ishdan olingan:

“Bizda yigirmata namunaviy uylar qurildi. Endi bu uylar nomiga namunaviy bo‘ldi. Aslida hammasi brak qurilgan. Kanalizatsiyalar ishlamaydi, tualetlar, devorlar chala qolib ketgan, asfalt qilinmagan. Rosa ko‘p shikoyat bo‘ldi bu uylardan. Keyin hokimimiz yaxshi odam edi. Xalqning ichiga kirib bemalol yuradigan, odamlardan qochmaydigan, o‘rni kelsa birga araq ham ichib ketadigan odam edi”, deydi manba.

Koson tumani markazida istiqomat qiluvchi tadbirkor esa hokimning o‘n yillik rahbarligi davrida jiddiy bir o‘zgarish bo‘lmadi, deydi:

“O‘n yil orasida gaz degan narsadan tamoman mosuvo bo‘ldik. Elektr chiroqlarimiz ham qishda yonmay qoldi. Paxta paytida esa juda qattiq siyosat olib bordi. Bozorlarimiz ishlamadi, hamma paxtaga haydaldi, xalq ancha qiynalib qoldi”, deydi tadbirkor.

O‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov fikricha, qishloq xo‘jaligini umuman tushunmaydigan, prokuratura tizimidan hokimlikka ko‘tarilgan Sayfulla Azizovdan xalq xo‘jaligini ko‘tarishni kutish mantiqan to‘g‘ri bo‘lmasdi:

- Bu yigit avval viloyat prokuraturasida umumiy nazorat boshqarmasini boshqargan, undan keyin viloyat prokurori o‘rinbosari bo‘lgan. Keyin Yakkabog‘ tumani hokimi bo‘lgan. Koson ko‘p millatli tuman bo‘lganligi uchun ham prokuraturadan chiqqan Azizov shu yerga hokim qilib jo‘natilgan edi. Bu holatda qishloq xo‘jaligi va obodonlashtirish borasida kamchiliklar bo‘lishi tabiiy edi, lekin Azizovning o‘n yillik hokimligi paytida tumanda jinoyatchilik ancha kamaydi, - dedi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekistonda hokimlik va hokimlarni tayinlash tizimi yuqoridan pastga qarab bo‘lganligi uchun ham xalqning xohish-irodasi hisobga olinmaydi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, hokimlar xalq tarafidan saylanmagunga qadar ijtimoiy va iqtisodiy muammolar o‘z yechimini topmaydi.

XS
SM
MD
LG