Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:35

Qrimliklarga va‘da qilingan "oltin tog‘lar" sarobga aylanayapti


Rossiya siyosatchilari va‘da qilgan “oltin tog‘lar” bugungi kunda qrimliklar uchun faqat shirin xayol bo‘lib qolmoqda. Ozodlik muxbirlarining kuzatuvlariga ko‘ra, qrimliklar Rossiyadagi o‘rtacha maoshdan ancha past oylik olmoqda va hayotda ham yaxshilanish kuzatilmayapti.

Bundan yarim yil muqaddam Rossiya pasportlarini olish uchun turnaqator navbatda turgan, derazalariga uch rangli bayroqlar osgan qrimliklar bugun Ukraina grivnasidan ham kam maosh va pensiya olishga mahkum etilgan.

Bugun Qrimda 8 yoki 5 ming rubl bilan qanday yashash mumkinligi haqida gap-so‘z ko‘paymoqda. Ukraina mentalitetiga ega va erkin so‘zga o‘rgangan qrimliklar hozircha jim turishga ko‘nikishgani yo‘q.

Odamlar qanday yashayotganini bilish uchun bozor, kasalxona yoki pochtaga borishning o‘zi yetarli.

Kerch shahridagi “Jilavtoservis” korxonasi ishchisi Antonina M.(ismi o‘zgartirilgan) ham eng kam miqdordagi oylik olishga majbur ekanligini aytadi:

“Bizning maoshimizni endi 5 ming rublga oshirishdi. Bundan ortig‘ini umid ham qilmanglar, deyishdi. Men bu pulga qanday yashash mumkinligini bilmayman. Bu bolalarimning ovqatiga ham yetmaydi. Ilgari kam bo‘lsa ham ming grivnaga yashardik”, deydi Antonina.

Sartarosh Anjelaning maoshi ham 5 ming rubl. “Bizda ham hech kim maoshni oshirishni o‘ylamaydi, biz xususiy tadbirkor uchun ishlaymiz”, deydi Anjela.

Kerchь shahar aholi bandligi bilan shug‘ullanuvchi tashkilot ma‘lumotiga ko‘ra, taklif qilinayotgan ishlarning maoshi 3 mingdan 29 ming rublgacha.

Eng minimal oylik - yarim stavkalik ish 3382 rublni tashkil etadi va bu maoshga Kerch bolalar kasalxonasi ortoped-travmotolog mutaxassis bo‘lgan shifokorni izlamoqda.

Eng maksimal oylik – 29 ming rubl, uchastka noziriga taklif qilingan maosh bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari ham yaxshi oylik oladi.

Qrimda maoshlar darajasi o‘rtasidagi farq bugun juda katta.

Ish tajribasi bor o‘qituvchilar uchun baland maosh saqlanib qolmoqda. Maktab o‘qituvchilarining o‘rtacha oyligi 26 ming rublni, bog‘cha ishchilariniki esa 21 yarim ming rublni tashkil qilmoqda.

Biroq, shifokorlarning maoshi juda ham past. Bolalar shifokori 5802 rubl olsa, bolalar kardiorevmotologining maoshi esa 5000 rublga ham yetmaydi. Shahar kasalxonasidagi nevropatologning maoshi 8500 rubl, onkologniki esa 10 000 rubldir. Veterinar 12 ming, pataloganotom 13300, terapevt esa 14 000 rubl maoshga ishga joylashishi mumkin.

Kerch metallurgiya kompleksidagi ishchining maoshi yetti ming, ekskvatorchining maoshi o‘n ming rubl, biroq qurilish keramikasi zavodining buldozerchisi besh ming rublga yaqin maosh oladi.

4500 rubldan qariyb 7 minggacha bo‘lgan oylikka farroshlar, kassirlar va do‘konlar qo‘riqchilari ishlamoqda.

Shunday qilib, Kerch shahridagi ijtimoiy sug‘urta Fondi taklif qilayotgan maoshlarni qo‘shib, o‘rtasini chiqarsak o‘rtacha maosh 8060 rubl (171 AQSh dollari)ni tashkil qilmoqda.

Ayni paytda, davlat statistika federal xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, rossiyadagi o‘rtacha maosh 33 ming 280 rublni tashkil etadi. To‘g‘risi, bu soliqqa tortilmagan summadir.

Qrim rasmiylari pensiya miqdori Rossiyadagi o‘rtacha pensiyaga, ya‘ni 10 ming 670 rublga yetganini iddao qilishadi.

Ammo, pensionerlar bu pensiya ularning yashashi uchun urpoq ham bo‘lmayotganini aytadi:

“Mening pensiyam 10 ming rubl. Ikki mingini kommunal to‘lovlarga berdim. 8 mingga nima ham olish mumkin. Bu pul ham emas. Narxlarni ko‘ring! Galyaning pensiyasi 8 ming rubl, u qanday yashaydi”, deydi pensioner.

Qrimni Rossiyaga qo‘shib olishda va‘da qilingan “oltin tog‘lar” endi qrimliklarning ko‘zlariga sarob bo‘lib ko‘rinmoqda.

XS
SM
MD
LG